"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ASAKA



    Andijon viloyati tarkibidagi tuman nomi. Mutaxassislar Asaka nomining kelib chiqishini turlicha talqin qilishgan. Ayrim tadqiqotchilar Asaka nomining paydo bo‘lishini Markaziy Osiyoda miloddan avvalgi VI–V asrlarda yashagan sak qabilalari nomi bilan bog‘lashadi. Chunki bu qabila ba’zi tarixiy manbalarda “assakenlar” nomi bilan ham tilga olingan.

    Ularda “asvaka” – ot, “assaka” – otliqlar ma’nosini bildirgan. Qadimshunoslar vodiyning sharqiy qismida topilgan toshlardagi otlar tasviri bilan o‘z fikrlarini asoslashga harakat qilishgan va shu hududda qadimda nasldor otlar boqilgan, degan xulosaga kelganlar. Rus tarixchisi B.A.Litvinskiy Asaka tarixini Farg‘onada miloddan avvalgi VI–V asrlarda yashagan sak qabilalar bilan bog‘laydi.

    Taniqli olim qadimgi yunon va hind manbalariga asoslanib, o‘tmishda Pomirda yashovchi sak qabilalarining yurti Assakana, xalqi esa assake(n)lar deb atalganligi, A. Makedonskiy O‘rta Osiyodan keyin, ana shu yo‘l orqali Hindistonga o‘tganligini ta’kidlaydi. Arxeolog olim B.X.Matboboyev esa Asaka tarixini Dayyuan (qadimgi Farg‘ona) davlati tarixi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Uning talqinicha, Asaka so‘zi jonli hind tilida “asvaka” – ot, “assaga, assaka” – otliqlar, chavandozlar degani, ya’ni assaka – otliqlar yurti deb e’tirof etadi. Shu xulosaga asoslanib, 1997-yili Asaka shahriga kiraverishdagi maydonda tulpor otning ramziy haykali qo‘yilgan. Taniqli nomshunos olim S.Qorayevning yozishicha, ba’zi nasabnomalarda o‘zbek urug‘lari orasida asaka va qirg‘izlarning sayaq qabilasi tarkibida asake urug‘i qayd qilingan. Oltinko‘l tumanidagi Asakalik qishlog‘i va Ustyurt platosining janubidagi Asakaovdon botig‘ining nomi ham shu etnik guruh nomi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo bir qator olimlar borki, ular Asaka nomi va uning tarixini ilk o‘rta asrlar bilan bog‘laydi. Masalan, professor A.Teshaboyev Asaka so‘zini o‘zgacha talqin qilgan. Olim qadimgi turkiy tilda “ass” – burgut, lochin degan ma’nolarni anglatgan va o‘tmishda turk urug‘lari ichida “ass” – burgut (totemi) urug‘i ham bo‘lganligi to‘g‘risida ayrim tarixiy manbalarda ma’lumotlar bor deydi. Shu o‘rinda B.Ahmedovning Asaka nomini “ass” urug‘i bilan bog‘liq degan xulosasini ham aytish mumkin. Olimning fikricha, hozirgi Asaka va uning atrofidagi adir va vodiylarda ilk o‘rta asrlarda “ass” etnik guruhi vakillari yashaganlar. Bu mulohazani tarixchi A.Muhammadjonov ham tasdiqlaydi va uning fikricha, Asaka aslida Assikal shaklida talaffuz etilib, ass – turkiy urug‘, kal – suv yoki soy demakdir.

12.09.2023 249