"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • O‘zbek tilini chuqur o‘rgatish muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar va lug‘atlar yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy seminari

O‘zbek tilini chuqur o‘rgatish muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar va lug‘atlar yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy seminari


    Joriy yilning 15-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasida “O‘zbek tilini chuqur o‘rgatish muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar va lug‘atlar yaratish bo‘yicha” respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.

    Ilmiy-amaliy seminar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

    Prezident Sh.Mirziyoev “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”, deya o‘zbek tilining ahamiyati, buguni va ertasi qanchalik muhim masala ekanini haqli ravishda ta’kidlab o‘tgan. Mazkur ilmiy-amaliy seminar ham davlat tilining nufuzini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy davomi sifatida tashkil qilindi.

    Tadbirni O‘zR Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri N.XOLBO‘TAEV ochib berib, ilmiy-amaliy seminar ishiga omad tiladi. Shuningdek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘zbek tilini davlat tili sifatida nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, amaliy ishlar haqida aytib o‘tdi.

    Shundan so‘ng, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, f.f.d., prof. N.MAHMUDOV so‘zga chiqib, o‘zbek tilini chuqur o‘rgatishga qaratilgan chora-tadbirlar, istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumot berish asnosida, institut tomonidan mazkur yo‘nalishda chop etilgan tilshunoslik lug‘atlari, ilmiy asarlar bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

    Ilmiy-amaliy seminarda so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi I.Sultonov bugun qadimiy va boy til bo‘lgan o‘zbek tilining xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli ekani, bebaho ma’naviy boyligimiz ekanini ta’kidlab o‘tdi.

    Tadbirning ma’ruzalar qismida so‘zga chiqqan professor-olimlar, soha vakillari bugungi kunda o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi, lug‘atlarning o‘zbek tilini o‘qitishdagi ahamiyati, mazkur yo‘nalishda yaratilgan mobil ilovalar haqida ma’ruzalar qildi.

    Ilmiy-amaliy seminar o‘z ishini yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Sho‘balarda bugungi kunda o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha yangi metodlarni yaratish, bunda axborot texnologiyalardan keng foydalanish, atamalar, lug‘atlarning afzalliklari haqida eng so‘nggi ilmiy yangiliklar haqida ma’ruza qilindi.

    Ilmiy-amaliy seminar doirasida mustaqillik yillarida chop etilgan o‘zbek tilini chuqur o‘rgatishga qaratilgan ilmiy asarlar, tarjima va sohaviy lug‘atlar, lingvistik lug‘atlar, davlat tilida ish yuritish qo‘llanmasi kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

15.09.2023 285