"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qonun ijodkorligida o‘ziga xos tajriba yaratildi


O‘tgan hafta mamlakatimizda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni juda keng nishonlandi.

Prezidentimiz o‘z tabriklarida "Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish milliy o‘zligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajagimizni ta’minlashning eng muhim omili" ekanligini alohida ta’kidladilar.

Mazkur bayram nafaqat mamlakatimizda, hatto chet davlatlarda ham keng nishonlandi. Qonunchilik palatasida ham til bayramiga bag‘ishlab ma’naviy tadbir o‘tkazildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, milliy parlamentimizda o‘zbek tilini asrab-avaylashga, boyitishga, qabul qilinayotgan qonunlarning, barcha qarorlar va boshqa hujjatlarning o‘zbek tili nuqtayi nazaridan mukammal, hamma uchun tushunarli va ravon bo‘lishiga doimo katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

Ko‘pchiligingizga yaxshi ma’lumki, mustaqilligimizning dastlabki yillarida qonun ijodkorligida tilimizning imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmas edik. Endilikda esa qonunlarimiz o‘zbek tilida yozilmoqda, muhokama qilinmoqda va qabul qilinmoqda.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda o‘zbek adabiy tiliga asoslangan qonun ijodkorligi maktabi shakllantirildi va u tobora rivojlanib bormoqda.

Qonun ijodkorligida o‘ziga xos tajriba yaratildi. “O‘zbek qonun tili” degan tushuncha paydo bo‘ldi va biz qonunchilik jarayonida atamalarni, so‘z birikmalarini va ta’riflarni qo‘llashda yagona yondashuvlarga erisha oldik.

Qonunchilik palatasida qabul qilinayotgan qonunlarning matni ularda o‘zbek adabiy tili qoidalariga rioya etilganligi, atamalarning o‘z o‘rnida va to‘g‘ri qo‘llanilganligi, fikrlarning aniq va lo‘nda bayon etilganligi hamda boshqa mezonlarga amal qilinganligi nuqtayi nazaridan maxsus lingvistik ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Shundan keyin qonun loyihalari palatamizda tuzilgan Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Komissiya qonunlarda bayon etilayotgan huquqiy normalarning qo‘llovchilar uchun tushunarli, ravon va aniq tarzda bayon etilishini ta’minlanishga, yuridik qoidalarning to‘g‘ri ifodalanilishiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Palatamizda qonunlarning tiliga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor tufayli bizda o‘zbek tilini yanada boyitish imkoniyatlari ham paydo bo‘lmoqda. Natijada o‘zbek tilida iste’moldan chiqib ketish ostonasida turgan ko‘plab so‘zlar qonun tiliga singdirilib, ommalashtirildi. Masalan, «bo‘nak» («avans»), «tusmol» («versiya») «handaq» («transheya»), «tirkama» («pritsep»), «yo‘riqchi» («instruktor») va boshqa so‘zlar shular jumlasidandir.

Biroq, o‘zbek tilimiz boy bo‘lsa-da, qonunni qo‘llovchilarga qulay bo‘lishi uchun biz bir qonunda muayyan so‘zning sinonimidan, turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan atamalar va so‘z birikmalaridan foydalanishga yo‘l qo‘ya olmaymiz.

Shu bilan birga, bugungi ilmiy-texnikaviy taraqqiyot taqozosi bilan qonunlarda xalqaro miqyosda tan olingan atamalardan ham tilimizning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan tarzda foydalanmoqdamiz.

O‘ylaymanki, biz xalq vakillari ham milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shamiz.

 

Nuriddin ISMOILOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri

24.10.2023 257