"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tiliga oid kitoblar taqdimoti


Statistik ma’lumotlarga ko‘ra sayyoramiz aholisi 7,5 mingdan ortiq tilda gaplashar ekan. Ammo ularning barchasi davlat tili maqomiga erisha olgan emas.

1989-yil rasman davlat tili maqomiga erishgan ona tilimiz so‘nggi besh yillikda o‘ziga xos munosib nufuz va qadrga ega bo‘lib bormoqda.

Ushbu davrda respublikadagi barcha ish hujjatlari davlat tilida qat’iy yuritila boshlandi. Tashqi yozuv va reklamalar yozuvida davlat tili talablariga rioya etishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Ona tilimizni ilmiy jihatdan o‘rganish borasida ham mingga yaqin tadqiqotlar amalga oshirildi.

Albatta, rasmiy hujjatlar yoki ilmiy tadqiqotlarning o‘zi bilangina davlat tili ommaviyligiga erishib bo‘lmaydi. Xususan, nutqimizdagi shunday so‘zlar borki, ularning o‘zbek tilidagi muqobili bo‘lgani holda ko‘pchilik o‘z ona tilini chuqur o‘zlashtirmaganligi sababli uning ajnabiy tillardagi variantlarini qo‘llashadi.

Hatto qurilish, avtomobilsozlik, tijorat, tibbiyot sohalarida ajnabiy tildagi atamalar davlat tilidagi muqobili bo‘lgani holda rasmiy hujjatlardan ham o‘rin olmoqda.

Mazkur holatlarning oldini olish, tilimizning boy lug‘at bazasi bilan aholini keng tanishtirish maqsadida so‘nggi uch yilda 70 nomga yaqin lug‘atlar tayyorlanib, chop etildi.

Yaqinda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Ozbek tilini rivojlantirish jamgarmasi tomonidan chop ettirilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (6 jildlik), “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati”, “O‘zbek xalq so‘zlari”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”, “O‘zbekiston joy nomlari”, “O‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish tarixi”, “Kimyo atamalarining izohli lug‘ati” singari adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan viloyat hokimining davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati bo‘linmasi rahbari Bibish Jo‘rayeva ushbu kitoblarning aholining o‘zbek tili boy lug‘at bazasi bilan tanishish, sohalarga oid atamalarning ma’nosini anglab yotish va ularni matnda to‘g‘ri qo‘llay olishdagi ahamiyati haqida batafsil to‘xtalishdi.

Tadbir so‘nggida shahar va tumanlar hokimliklariga faoliyatda foydalanish uchun ushbu kitoblar taqdim etildi.

 

15.01.2024 203