"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

HUJJAT YURITISHDAGI USLUBIY XATOLAR (Jajji tadqiqot)

Davlat hujjatlarini yuritishda imloviy, ishoraviy xatolar bilan birga uslubiy xatolar ham uchraydi. Imloviy xatolarni lug‘at yordamida to‘g‘rilash mumkin, lekin uslubiy xatolarni to‘g‘rilash uchun ma’lum darajada bilim va malaka kerak bo‘ladi. Biz ushbu kichkinagina tadqiqotimizda hujjatlarda uchraydigan ba’zi bir uslubiy xatolar va ularning oldini olish borasida fikr yuritmoqchimiz.

Hujjatlarda eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri qaratqich va tushum kelishiklarining farqlanmasligidir. Bu xatolarning oldini olishda hujjat yurituvchi ushbu kelishik qo‘shimchalari, ularning xarakterli jihatlari haqida ma’lum darajada bilimga ega bo‘lishi lozim.

Agar matn tarkibidagi biror bir so‘z egalik qo‘shimchasini olib kelgan bo‘lsa, unga tobe bo‘lib kelgan so‘z bosh yoki qaratqich kelishigi shaklida bo‘ladi. Egalik qo‘shimchasini olgan so‘zga tobe bog‘langan so‘z bosh kelishikda bo‘lishi uchun u atalganlik yoki xoslanganlik ma’nosiga ega bo‘lishi kerak: Bobur bog‘i, “Olimpiya” o‘yingohi, o‘qish kitobi, futbol maydoni kabi. Boshqa holatda egalik qo‘shimchasini olgan so‘zga tobe bog‘langan so‘z belgili yoki belgisiz qaratqich kelishigi shaklida keladi: iqtisodning o‘sishi, rivojlanish(ning) darajasi kabi.

Bosh yoki qaratqich kelishigidagi so‘zga bog‘lanib kelgan harakat nomi yoki otlashgan sifatdosh aniq nisbatda ham, majhul nisbatda ham qo‘llana oladi: aholi sonining o‘sishi, vazifaning bajarilishi kabi. Lekin tushum kelishigidagi so‘z bog‘langan fe’l majhul nisbatda qo‘llana olmaydi: ko‘chani tozalash, qarorni o‘zgartirish kabi. Shuning uchun ham ushbu jumlalarni ko‘chani tozalanishi, qarorni o‘zgartirilishi tarzida qo‘llash g‘alizliklarni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, agar matn tarkibidagi sifatdosh aniq nisbatda bo‘lsa, u bog‘langan so‘zda egalik qo‘shimchasi bo‘lishi mumkin (taqdim qilgan hujjatlari), aksincha, sifatdosh majhul nisbatda bo‘lsa egalik qo‘shimchasi qo‘llanmaydi (taqdim qilingan hujjatlar).

Agar matndagi jumla Sizga (fuqaroga, muallifga) deb boshlansa, jumla bildiriladi, ma’lum qilinadi kabi majhul nisbat, kelasi zamon shaklidagi fe’llar bilan tugatiladi.

Agar gap kimningdir yozgan arizasi(murojaati, yozishmasi) haqida ketayotgan bo‘lsa, jumla ikki xil tarzda tuzilishi mumkin. Agar jumla fuqaroning deb boshlansa undan keyingi fe’l aniq nisbatda bo‘lib, ariza (murojaat, yozishma) so‘zi tarkibida egalik qo‘shimchasi bo‘ladi: fuqaroning yozgan arizasi (murojaati, yozishmasi)  tarzida. Agar jumla fuqaro tomonidan deb boshlansa undan keyingi fe’l majhul nisbatda qo‘llanib, ariza (murojaat, yozishma) so‘zi tarkibida egalik qo‘shimchasi bo‘lmaydi: fuqaro tomonidan yozilgan ariza ((murojaat, yozishma) tarzida.

Agar hujjat yurituvchi ushbu ma’lumotlarga ega bo‘lsa, hujjatlardagi uslubiy xatolar bir muncha kamayadi, degan umiddamiz.


Sh. Xaytimmetov,
Xorazm viloyati Gurlan tumani
hokimi maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting! Bizning manzil: http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

11.07.2020 4683