"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

AMIR TEMURNING MAʼNAVIY JASORATI

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 686-yilligiga bagʻishlanadi


9-aprel sohibqiron Amir Temur tugʻilgan kun. 1336-yil (bundan 686-yil oldin) 9-aprelda Shahrisabzning Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida buyuk sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur dunyoga kelgan. Temurning yoshligi va yigitlik yillari mamlakat ogʻir ijtimoiy-siyosiy ogʻir holatga tushib qolgan davrda kechgan. Sohibkiron siymosiga boʻlgan cheksiz hurmat, ezgu ishlari, ibratli hayoti yoshlarimiz uchun doimo oʻrnak boʻlib qolaveradi. Amir Temur va temuriylar sulolasi davrida maʼnaviyat va maʼrifat boshqa sohalardan kam rivojlanmagan. Amir Temur — buyuk shaxs, yirik davlat arbobi, sarkarda, qonunshunos isteʼdodli meʼmor shu bilan birga el yurtini, xalqini sevgan, umr boʻyi bunyodkorlik bilan shugʻullangan inson. Uning "Qay bir joydan bir gʻisht olsam, oʻrniga oʻn gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam oʻrniga oʻnta daraxt  ektirdim" degan soʻzlari bunyodkorlik, yaratuvchanlik faoliyatining tasdigʻi hamda maʼnaviy jasorati hisoblanadi.

Amir Temur zamonida yozilgan asarlarni oʻrgansak, uning koʻp yaxshi xislatlari: toʻgʻrilik, maʼnaviyatlilik, muruvvatlilik, el-yurtga mehr-muhabbat va boshqalarni kuzatish mumkin. Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Sharofiddin Ali Yazdining “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari” kabi asarlarda keltirilgan sohibqironning ibratli ishlari, pand-nasihatlari va oʻgitlarida maʼnaviy jasorati kuzatiladi.  Bular el-yurt va fuqarolarning tashvishi, raiyatparvarlik, mehr-muruvvat, qoʻshnichilik odobi, mardlik va qahramonlik haqidagi oʻgitlaridir.

Amir Temur bobomizning tarix oldidagi xizmati behisob katta. Oʻz davrida u feodal tarqoqlikka barham berib, el-yurtni oʻz tugʻi ostiga birlashtirgan va markazlashgan yirik davlatni yaratgan. Bu bilan hunarmandchilik, madaniyat va savdo-sotiq rivojiga mustahkam zamin yaratib bergan. Hozirgi davrda “Temuriylar davlati”, “Temuriylar madaniyati” haqida gapirilganda bu gaplarning zaminida albatta bobomizning ulkan xizmatlari borligini doimo yodga olish maqsadga muvofiq.

Amir Temur saʼy-harakatlari bilan ulkan isteʼdod, yuksak did bilan qurilgan madrasa-yu, masjidlar, saroylar-u, bozorlar, xanoqohlar va boshqa inshootlarning son-sanogʻi yoʻq. Ahmad Yassaviy, Zangi Ota maqbaralari, Bibixonim jome masjidi, Goʻri Amir, Oqsaroy va Shohi Zinda meʼmoriy moʻjizalari singari saroy-bogʻlarning bugungi kunda savlat toʻkib maʼnaviyat maskanlari sifatida ziyoratgohlar vazifasini bajarishi Amir Temur maʼnaviy jasoratining bugungi avlodga qoldilran merosi hisoblanadi. Bejizga, “Agar bizning qudratimizni bilmoqchi boʻlsangiz, qurgan binolarimizga boqing” demagan, sohibqiron bobomiz. Tarixchi Sharofiddin Ali Yazdi Amir Temur “Obodonlikka yaraydigan biror qarich yerning ham zoye boʻlishini ravo koʻrmasdi”, deb yozadi. Bugun esa yurtimizda olib borilayotgan Yashil makon umumilliy loyihasida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarida sohibqiron oʻgitlari shior vazifasini bajarmoqda.

Amir Temur jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxs. Ammo maʼlum davr tarix kitoblarida Temur bobomizni zolim, qonxoʻrga chiqarib, teskari tushuntirishlar berildi. Aslida Sohibqiron kamdan-kam buyuk shaxslar hayotida uchrovchi maʼnaviy-axloqiy, vatanparvar xislatlariga ega inson boʻlgan. Bular ko‘plab manbalarda, xalq yaratgan rivoyat, hikoyalarda talqin qilingan. Masalan, Temur navkarlari bilan bir qishloqda vaqtincha qoʻnim topgan boʻladi. Bir kuni ertalab sigir yetaklab kelayotgan ayolga koʻzi tushib ajablanadi. Erini chaqirib sababini surishtirganda, uyida navkarlar borligini, ularning oldiga xotinini tashlab keta olmasligini aytadi. Gap nimadaligini tushungan Sohibqiron shundan keyin odamlarning uyiga joylashmaydigan, ochiq joylarda oʻtov tikib yashaydigan boʻladi. Uning yoʻriqlarida aholining molini, qoʻy-echkisini oʻgʻirlagan navkarlarga oʻlim jazosi berilishi yozib qoʻyiladi.  

Amir Temur haqidagi “Ulugʻ saltanat” romani muallifi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali Sohibqironning maʼnaviy olami nihoyatda rang-barang boʻlgan va ularda ruhiy poklik, halollik, qattiqqoʻllik, kechirimlilik, bagʻrikenglik, fidoyilik, mehribonlik fazilatlari yuqori boʻlgan, deb taʼkidlaydi. Temur maʼnaviyatini anglatuvchi bosh mezon “Kuch-adolatdadir” degan shiordir. Amir Temurning maʼnaviy-maʼrifiy qarashlari va oʻgitlari “Temur tuzuklari”da yaqqol bayon etilgan. “Temur tuzuklari” — podsholarning turish-turmush va axloq-odob normalarini belgilovchi risoladir. Bu bebaho tarixiy asarda, hokimlar va vazirlarning vazifalari, masʼuliyati, aholi haq-huquqlarini himoya qilish, sipohlarga munosabat kabi hayotiy maʼnaviy-axloqiy qoidalar oʻz ifodasini topgan. Jumladan, oʻgitlardan “Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir toʻgʻri tadbir bilan amalga oshirish mumkin”, degan fikrlari barchamiz uchun katta ibrat maktabidir.

Amir Temurning “Millatning dardlariga darmon boʻlmoq vazifangizdir. Zaiflarni koʻring, yoʻqsillarni boylar zulmiga tashlamang. Adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz boʻlsin” degan oʻgitlari farzandlarimizni el-yurt, Vatan haqida qaygʻurishga chorlovchi maʼnaviy shior desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Shuningdek, tuzuklarda “Menga yomonlik qilib, boshim uzra shamshir koʻtarib, ishimga koʻp ziyon yetkazganlarni ham, iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelgach,  hurmatlab yomon qilmishlarini xotiramdan oʻchirdim, martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yoʻl tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubha-yu-qoʻrquv boʻlsa, unut boʻlardi”. “Menga hasad qilib, oʻldirishga ​​qasd qilgan kishilarga shunchalik sovgʻa-inʼomlar berib, muruvvat-u ehson koʻrsatdimki, bu yaxshiliklarni koʻrib, xijolat teriga gʻarq boʻldilar. Hamisha mening roziligimni olib ish tutgan doʻstlarim oldimga panoh tilab kelganlarida, ularni oʻzimning taxt-u davlatimga sherik qilib, hech qachon ulardan mol-mulk va tirikchilik ashyolarini ayamadim”. “Hech kimdan oʻch olish payida boʻlmadim. Tuzumni totib, menga yomonlik qilganlarni parvardigori olamga topshirdim”, deb yozilgan. Yuqoridagi tusuklarda yana bir bor sohibqiron bobomizning maʼnaviy jasoratini koʻrishimiz mumkin.

Temur tuzuklarida yana “Adlu ehson bilan jahon gulshani obod boʻladi” deb yozilgan. Bunga Sohibqiron butun umri davomida amal qilib, kambagʻal bechoralar, musofir, gadolarning boshini silaydi, dehqonchilik qilishga, chorva tutishga, imorat tuzatishga mablagʻi yoʻq fuqarolarga yordam berishni tayinlaydi. Yana bir sahifalarida “Raiyat ahvolidan ogoh boʻldim, ulugʻlarini ogʻa qatorida, kichiklarini farzand oʻrnida koʻrdim», deb yozishida ulkan maʼno mujassamdir. Yoki Mamlakat ishlari tuzugida, Saltanatim martabasi boʻlmish toʻra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu oʻn ikki toifaga bogʻlab tuzdim. ...Birinchi toifa–sayyidlar, ulamo, shayxlar va fozillarni oʻzimga yaqinlashtirdim. ...Diniy, huquqiy masalalarni oʻrtaga tashlab, qimmatli fikrlar bildirishardi. Halol va haromga oid masalalarni men ulardan oʻrgandim”, deb yozadi. Yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, sohibqiron boshqaruvda maʼnaviyat, tarbiyaga eʼtibor berish, ulamolar, shayxlar, fozillar maslahatlarini eshitish kabi xislatlari bayon etilgan.   

Xulosa qilib aytish mumkinki, buyuk ajdodlarimiz xususan maʼrifat homiysi, yuksak maʼnaviyat egasi Amir Temur merosi bugungi kunda xalqimiz uchun ruhiy-maʼnaviy poklanish va milliy oʻzlikni anglash uchun bitmas-tuganmas boylik hisoblandi.  Nafaqat Oʻzbekistondagi balki Oʻrta Osiyodagi tarixiy obidalar, goʻzal maskanlarning koʻpchiligi Amir Temur davrida vujudga kelgan. Temuriylar davri har sohada chinakam uygʻonish davri boʻldi, Amir Temurning maʼnaviy jasorati, Amir Temur hazratlari amal qilgan hayotiy mezonlar bugungi shiddat bilan oʻzgarayotgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida, kundalik ishlarimizda, davlatimiz salohiyatini oshirish, xalq farovonligini yuksaltirish sari bosayotgan qadamlarimizda har doimgidan-da yuqoriroq darajada namoyon boʻlib boraveradi.

 

Abdurahim Nasirov,

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

boshligʻi maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, dotsent.

08.04.2022 5074