"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL – MILLAT MAʼNAVIYATINING MUATTAR GULTOJI

Insoniylik martabasining asosiy bezagi, millat maʼnaviyatining so‘nmas mashʼali, taraqqiyot omili til hisoblanadi. Inson jamiki fikr-munosabatlari, his-tuyg‘u, kechinmalarini til orqali namoyon qiladi. Shu boisdan, til jamiyatning asosiy aloqa-aralashuv vositasi, ruhiy-maʼnaviy takomil mezoni sanaladi.

Har qanday til so‘zlardan tarkib topadi, so‘zlar orqaligina harakatlanadi, yashaydi, qadru qimmat kasb etadi. Shuning uchun ham, so‘z tilning eng muhim tayanchi, boyligi, asosiy manbasi hisoblanadi. Bu ikki tushuncha bir-biri bilan shu qadar qattiq bog‘lanib, uyg‘unlashib ketganki, aksar hollarda so‘z deganda til, til deganda so‘z ham tushunilib ketaveradi. So‘zni anglash va qadrlash o‘z tilini anglash va qadrlash bilan barobardir. Bu borada, ulug‘ mutafakkirlarimiz ham o‘zlarining qimmatli mulohaza va tavsiyalarini ilgari surishadi, milliy tilni asrab-avaylash, kelgusi avlodga sofligini saqlagan holda yetkazishni uqtirishadi. Jumladan, jadid maʼrifatparvarlarining yetakchi namoyandasi Abdulla Avloniyning quyidagi kuyunchak fikrlari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘la oladi:

Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona tili va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur.

Darhaqiqat, milliy til taraqqiyoti yoki aksincha, tanazzuli shu millat vakillarining o‘z ona tiliga bo‘lgan munosabati, hurmatiga chambarchas bog‘liqdir. Har bir millat vakili qayerda tug‘ilmasin va yashamasin, avvalo, o‘zining ajdodlaridan meros bo‘lib kelayotgan ona tilini muqaddas bilish, uni yot tillardagi so‘zlar bilan qorishtirib tashlamasdan, sofligini saqlash uchun asosiy masʼuldir.

Milliy tilni qadrlash va avaylash borasida millatning mutafakkir siymolari, so‘z ijodkorlari harchand uqtirishmasin, tushuntirishmasin, har qanday davr va jamiyatda o‘z ona tiliga nisbatan sovuq va qo‘pol munosabatda bo‘lib, unga chet so‘zlarni aralashtirib gapirishni, yoki yarim-yorti ishlatishni xush ko‘radigan, ushbu maʼnaviyatsizlikni “zamonaviylik”, “oliftalik” bilan o‘lchaydigan insonlarni ham ko‘plab kuzatish mumkin. Bu hol, ayniqsa, bugungi ilm-fan, texnika jadal suratlar bilan rivojlanayotgan, globallashgan davrda yanada keng quloch yoyib bormoqdaki, milliy tilni har tomondan qo‘riqchi askardek qo‘riqlash, bu boradagi huquqiy asoslarni tobora kuchaytirish taqozo etilmoqda.

Xususan, bugungi jamiyatimizda oddiy so‘zlashuv nutqida o‘z milliy tiliga nisbatan bepisandlik, ona tili meʼyorlarini buzib ifodalashdan faxr tuyayotgan yoshu kattani birdek uchratishimiz nihoyatda achinarli holdir. Bu kemtiklik oiladagi kichik munosabatlardan boshlab taʼlim muassasasidagi muhitgacha, ijtimoiy jarayonlardagi turli aloqa-aralashuvlargacha bevosita birdek daxldorlik qilmoqda.

Masalan, ayni zamonda aksar oilalar farzandini chet tilga, xususan, rus tiliga ixtisoslashgan maktablarda o‘qitishni afzal ko‘rishi oqibatida uyda ham o‘z milliy tiliga chet til so‘zlarini qorishtirib ishlatishni odatga aylantirib bormoqda. Eng muhimi esa, hali ona tilida to‘liq tafakkur qila olmaydigan, hayot ostonasiga endi qadam qo‘yib kelayotgan yosh avlodning nafaqat so‘z boyligida, balki maʼnaviy olamida ham murakkabliklar, qorishiqlar, ziddiyatlar vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Zotan, taʼlim muassasasida o‘qitiladigan asosiy til adabiy-maʼrifiy manbalar orqali shakllantiriladi va boyitiladi. Bola ilk tahsildayoq o‘zga millatga mansub adabiyot namunalaridan bahramand bo‘lar ekan, tabiiy va beixtiyor ravishda uning ongu shuurida shu millatga xos bo‘lgan tushuncha-eʼtiqodlar shakllanadi. Keyingi bosqichlarda esa u rivojlanib, takomillashib boraveradi. Natijada esa, biz butun bir avlodni o‘z milliy g‘ururidan, milliy tafakkuridan yiroqlashtirib, o‘zga millat ruhiyatiga moslashtirib qo‘yamiz. Bu esa, har qanday millat uchun eng og‘ir yo‘qotish. Eng jirkanch va dahshatli fojeadir!

Shu o‘rinda, Janubiy Afrika Respublikasidagi universitetga kiraverishda yozib qo‘yilgan quyidagi jumlalarga eʼtibor qaratishimiz nihoyatda ahamiyatlidir:

“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga taʼsir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat taʼlim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas...

Taʼlimning barbod bo‘lishi – millatning kasodga uchrashidir”.

To‘g‘ri, yuqoridagi fikrlar aynan taʼlim sifatiga aloqador. Ammo biz uni bevosita millat maʼnaviyati, milliy tilga munosabat bilan ham bemalol qiyoslashimiz mumkin. O‘z milliy tilini yetarli o‘zlashtirmagan, ona tiliga nisbatan faxr va iftixor hissini tuymagan, o‘z milliy tilida sevib so‘zlashishni bilmagan avlod maʼnaviyatida, tafakkurida ham tub burilishlar sodir bo‘ladi. Inson qaysi tilda ko‘p kitob o‘qisa, tahsil olsa, g‘ayriixtiyoriy ravishda bo‘lsa ham shu til egalarining maʼnaviyatini, ruhiyatini bevosita o‘zlashtiradi. Ilk o‘rgangan tilida lug‘at zaxirasi shakllanadi, so‘z boyligi kengayadi, tafakkur tarzi ham shunga moslashadi. Va alal-oqibat, o‘z milliyligini teran anglolmay, milliyatiga nisbatan muhabbati sustlashadi. Bu esa, ko‘z o‘ngingda, oddiy va oson usulda millat vakilini yo‘qotib boradi.

Zotan, biz farzandlarimizni faxr bilan yetaklab borayotgan chet, yaʼni rus tiliga ixtisoslashgan maktablarda taʼlim sifati va samaradorligi nisbatan yuqori deb bilamiz. Shuning uchun ham, deyarli barchamiz kelajagimiz posbonlarining ushbu dargohlarda taʼlim olishidan umidvor va manfaatdormiz. Lekin masalaning ikkinchi tomoni, asliy mohiyatini ham eʼtibordan qoldirmasligimiz lozim. Ushbu taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan bugungi yosh avlod nafaqat bizning farzandimiz, naslimiz davomchisi, avvalo, millatimiz vakili, ajdodlarimiz umidi, Ona Vatanimiz dilbandi ekanligini esa ko‘pda unutib qo‘yamiz.

Shuning uchun ham, bugun o‘z farzandlarini o‘zga tilli maktablarda o‘qitishni afzal ko‘rayotgan ota-onalarimizdan oilaviy muhitda milliylikni ustuvor tutishga, milliy qadriyatlar, xususan, o‘zbek tilining qadrini tushiradigan holatlarga yo‘l qo‘ymay, aksincha, uning qimmatini oshirib, yosh avlod qalbida Ona tili, Ona Vatani, milliy maʼnaviyatiga muhabbat va sadoqatni kuchaytirib tarbiyalash talab etiladi.

Darhaqiqat, ko‘p tilni bilish ko‘p bilim egallashga qiyoslanishini nazarda tutsak, bu boradagi tanlov, albatta, o‘rinli hisoblanadi. Inson qancha ko‘p til bilsa, shuncha cheksiz bilim egallab boradi. O‘zlashtirgan tilida mavjud ilmiy-badiiy adabiyotlarni qiynalmay mutolaaa qila oladi, bilim doirasini, dunyoqarashini, tafakkur tarzini beqiyos darajada kengaytirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu jihatlarni inkor etish o‘rinsiz. Aksincha, eʼtirof etish va yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashga yo‘naltirish asosiy zaruratdir. Zero, inson zamon bilan hamnafas bo‘lish, dunyo kezib, o‘z tafakkuri va iqtidorini kuchaytirish orqaligina yurt ravnaqi, Vatan rivojiga munosib hissa qo‘sha olishi mumkin. Buni isteʼdodli shoir Avaz O‘tar ham o‘z ijodida teran yoritib beradi:

 

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositai robitai olamiyondur.

 

G‘ayri tilini saʼy qiling bilgali, yoshlar

Kim ilmu hunarlar rivoji andin ayondur.

 

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,

Bilmakka ani g‘ayrat eting, foydali kondur.

 

Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,

Onda o‘quganlar bori yaktoyi jahondur.

 

Ko‘rinadiki, hamma davrlarda ham ko‘p tilni bilish ko‘p bilim egallashning muhim vositalaridan sanalgan. Ilm-maʼrifat homiylari, millat rahnamolari yosh avlodni har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda jahoniy tillarni egallashni, dunyo kezib ilm orttirishni asosiy omillardan sanab kelishgan va buni butun ijodiy faoliyatlari davomida targ‘ib etishga urinishgan.

Yana shu o‘rinda mazkur muammodan tashqari, ishlab chiqarish korxonalari, turli tadbirkorlik obyektlarini nomlash jarayonlarida ham chet tillardan foylanishga eʼtibor nihoyatda kuchayib borayotganini alohida taʼkidlab o‘tish lozim. Bu borada, tegishli qonun hujjatlari mavjud bo‘lsa-da, doimiy tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar olib borilib, tegishli mutasaddilar takror ogohlantirilayotganligiga qaramasdan, natija hali-hanuz qoniqarli ahvolga kelgani yo‘q. Haqiqiy millat fidoyilari, so‘z ijodkorlari, til posbonlarigina bu borada nihoyatda kuyunchaklik bilan turli chiqishlar qilib, o‘z eʼtirozlarini namoyon etib, taklif-tavsiyalarini ilgari surib kelishmoqda. O‘ylaymizki, yaqin vaqtlar oralig‘ida milliy tilimiz atrofida sodir bo‘layotgan ushbu og‘riqli masalalar o‘zining ijobiy yechimini topib boradi. Jonajon xalqimiz o‘zbek tilining milliy qudratini, bepoyon imkoniyatlarini, davlat tili sifatidagi qadr-qimmatini teran anglab yetadi hamda uning sofligi, taraqqiyoti yo‘lida birlashadi, soha jonkuyarlarining amaliy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada esa, ona tilimiz yanada rivojlanib, boyib boradi. Kelajak avlodimiz qo‘liga ko‘rkam va bezavol taqdim etiladi. Bu borada yurtimizning har bir fiqarosidan, o‘zbek millatining har bir vakilidan birdamlik, yakdillik, jonkuyarlik joizdir. Inchunin, buyuk mutafakkir Alixonto‘ra Sog‘uniy qayd etganidek, “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir”.

Biz millatsevar, yurtparvar o‘zbek xalqi esa bunday dahshatli fojeaga uchrashni zinhor istamaymiz. Milliy tilimizni asrab-avaylab, yanada rivojlantirish yo‘lida hamisha kamarbastamiz.

 

Surayyo PO‘LATOVA,

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati

Boshqaruvi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar
 va davlat tilini rivojlantirish masalalari
 bo‘yicha maslahatchisi

29.04.2022 3348