"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Lotinchami yoki kirill: o‘rganishda qaysi biri yengil?


Maʼlumki, 2021-yil 10-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori qabul qilingan edi. Qarorga asosan 2023-yil 1-yanvardan mamlakatimizdagi rasmiy web-saytlar, mahalliy ommaviy axborot vositalari, bosma nashrlari, internet saytlari, rasmiy hujjatlar va ish qog‘ozlari to‘liq lotin yozuviga o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur qaror va lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosi xususidagi temiryo‘lchilarni qiziqtirayotgan mavzularda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi professori, filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonov bilan suhbatlashdik.

– Ravshan aka, ayni kunlarda ona tilimiz borasida olib borilayotgan islohotlar xususida o‘tkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ko‘pchilik lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish qiyinchilik tug‘dirayotganini aytadi. “Lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish nima uchun zarur edi?” degan savol bilan murojaat qilishadi. Shu savol haqida sizning fikringizni bilmoqchi edik.

– O‘zini anglagan har bir xalq o‘z yozuvini takomillashtirib boradi. Jumladan, o‘zbek xalqi ham hozirga qadar bir necha yozuvlardan foydalanib kelgan: O‘rxun-Enasoy, uyg‘ur, arab kabi bir necha yozuvlar isteʼmolda bo‘lgan. Bularning orasida arab yozuvi ko‘p yillar davomida qo‘llangan. Lekin arab yozuvi ham o‘zbek tilidagi tovushlarni to‘liq aks ettira olmasligi sababli ko‘p munozaralarga sabab bo‘lgan. Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburning turkiy dunyo uchun maxsus alifbo – “Xatti Boburiy”ini esga olish kifoya. Lekin arab yozuvining islom dini bilan bog‘liqligi sababli unga tuzatish kiritish og‘ir kechgan.

XX asrning boshlariga kelib vaziyat ancha o‘zgargan: Oktabr to‘ntarishidan keyin jadid bobolarimizning saʼy-harakatlari bilan arab yozuvidan voz kechildi. 1929-yilda Samarqandda o‘tkazilgan til-imlo anjumanida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi joriy etilgan. Ayni paytda o‘zbek tilining imlo qoidalari ham tasdiqlangan. Ushbu alifbo ayrim o‘zgarishlar bilan 1940-yilgacha amal qildi, aniqrog‘i, 1940-yil 8-maydan boshlab mamlakatimizda kirill yozuviga asoslangan alifbo amal qila boshladi.

Mustaqillik yillariga kelib alifbo masalasi yana ko‘tarildi va 1993-yil 2-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

– Lotincha alifboga necha marta o‘zgartirish kiritilgan?

– 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan lotincha alifbosida bir qator darslik va o‘quv qo‘llanmalar, gazeta-jurnallar, ilmiy-badiiy adabiyotlar nashr qilindi. Ommaviy axborot vositalarida, jumladan, O‘zbekiston televideniyesida turkum ko‘rsatuvlar tashkil etildi. Shaxsan o‘zim “O‘zbekiston” telekanalida “Yangi alifboni o‘rganamiz” nomli ko‘rsatuvni olib borganman. Biroq 1995-yil 6-mayda mazkur alifboga ayrim o‘zgartishlar kiritildi. Natijada, 26 harf va 3 ta harflar birikmasidan iborat lotincha alifbosi yuzaga keldi. Ayni mana shu variantda Ch ch, Sh sh, O‘o‘, G‘g‘ kabi harf shakllari paydo bo‘ldi. Ayni shu variantda bir necha avlod savod chiqardi, millionlab kitoblar nashr etildi.

Lekin maʼlum bir obyektiv va subyektiv sabablar tufayli 1995-yilgi variant ham o‘zgarishlarga uchramoqda. Natijada, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Ch ch, Sh sh, O‘o‘, G‘g‘ kabi harf shakllari boshqacha ko‘rinishga ega bo‘ladigan bo‘ldi: Çç, Şş, Õõ, Ğğ. Ayni paytda burun tovushini ifodalovchi “ng” tovushi ham “ñ” tarzida yoziladigan bo‘ladi. Bu loyiha 2021-yil 12-noyabrda bo‘lib o‘tgan imlo anjumanida tasdiqlangan va yuqori idoralarga tasdiqlash uchun yuborilgan.

– 2023-yildan hamma hujjatlar mana shu variantga qayta muvofiqlashtiriladimi?

– Maʼlumki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatimizda ish yuritish to‘liq lotin yozuviga o‘tkaziladi. Albatta, bu juda jo‘n hodisa emas. Negaki, hozirga qadar O‘zbekistonda ikki xil yozuv tizimi: kirill va lotin yozuvlari amal qilib kelmoqda. Endi esa faqat o‘zbek lotin alifbosi amalda bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan 5 ta harf shakllaridagi o‘zgarishlar ham tatbiq qilinadi. Barcha darslik va qo‘llanmalar, gazeta-jurnallar ayni mana shu variantda chop etiladi. Biroq hozirga qadar nashr etilgan adabiyotlardan ham foydalanish davom etadi.

To‘g‘risini aytganda, bu narsa dastlab bir qator murakkabliklarni keltirib chiqaradi, aniqrog‘i, har bir kishiga maʼlum bir ruhiy-psixologik tayyorgarlik lozim bo‘ladi. Har bir fuqaro lotincha alifbosini puxta o‘zlashtirishi zarur bo‘ladi. Ayni paytda imlo qoidalariga ham o‘zgarishlar kiritiladi. Bularning hammasi jamiyat aʼzolari orasida salbiy kayfiyatni ham keltirib chiqarishi mumkin. Lekin ona yurt istiqboli, milliy manfaat masalalari ayni shu holatni, yaʼni yangi alifboni puxta o‘rganishni taqozo etadi.

– Alifboda oddiy fuqaroga eng ko‘p qiyinchilik tug‘dirayotgan jihatlar hisobga olinganmi?

– Aslida, o‘zini anglagan insonga u yoki bu alifboni o‘rganish u qadar murakkab emas. Hamma gap masalaning mohiyatini anglab yetishda. Masalan, dunyoning rivojlangan xalqlarining aksariyati lotin yozuvidan foydalanadi. Ulardagi taraqqiyotning sabablaridan biri ham ana shu alifboda deyish mumkin. Xalqimiz uchun lotin yozuvi begona emas, yuqorida taʼkidlab o‘tilganidek, 1929-1940-yillarda mazkur alifbodan foydalandik. 1995-yildan buyon lotincha imloda savod chiqarildi.

Mening nazarimda, lotincha alifboda yurtdoshlarimizni biroz o‘ylantirib qo‘yadigan holatlar ham mavjud. Masalan, biz kirillcha alifboda “yolashgan unlilar” deb nomlanuvchi: u, yo, yu, ya harflari ishtirok etadigan so‘zlarni lotincha yozishda biroz murakkablik kelib chiqadi. Chunki biz hozirga qadar bunday tipdagi so‘zlarni rus tilida qanday yozilsa, o‘zbek tilida ham o‘sha tarzda takrorlab keldik. Endi esa bu yo‘ldan yurib bo‘lmaydi. Har bir so‘z shakli o‘zbek tili imkoniyatlari darajasida, milliy tabiatimizga mos tarzda yoziladi. Masalan, sentabr, oktabr so‘zlari lotinchada sentyabr, oktyabr tarzida emas, o‘zbeklar nutqiga mos tarzda sentabr, oktabr shaklida yoziladi.

Shuningdek, s harfli so‘zlar imlosida ham o‘rganish lozim bo‘lgan nozik nuqtalar bor. Masalan, sirk, sement so‘zlari sirk, sement shaklida yozilsa, dotsent, akatsiya so‘zlari dotsent, akatsiya shakliga ega bo‘ladi. Buning o‘ziga xos jihatlari borki, bu alohida mavzuni taqozo etadi.

– Kirilcha alifboda X bilan H harflari imlosida ko‘p xatoliklar uchraydi. Shu ikki harfning bir-biridan ajratishning eng oson usuli qanday?

– Aslini olganda, bu ikki tovushni bir-biriga juda yaqin deb o‘ylashadi. Lekin ularning yuzaga kelish o‘rinlariga eʼtibor berilsa, bir-biridan keskin ajralib turadi, yaʼni Xx og‘iz bo‘shlig‘ida, yuqori qattiq tanglayda hosil bo‘ladi. Hh esa o‘zbek tilidagi yagona bo‘g‘iz tovushi hisoblanadi, inson bo‘g‘zida hosil bo‘ladi. Shu boisdan ham ushbu ikki tovush ifodalaydigan maʼnolar bir-biridan keskin farqlanadi. Masalan, “xam” so‘zi (boshni xam qilmoq, egmoq) - ham (ayiruv bog‘lovchi – ham uni, ham buni), xil-xil (xilma-xil, rang-barang) – hilhil (yetilgan, pishgan). Ko‘rinadiki, mazkur tovushlar paydo bo‘lish o‘rniga ko‘ra ham, anglatadigan maʼnosiga ko‘ra ham bir-biridan yaqqol ajralib turadi. Shu boisdan ham ular o‘zbek alifbosidan alohida belgi sifatida o‘rin olishga haqli hisoblanadi. Lekin ayni shu haqiqatni yaxshi tushunmagan ayrim kishilar, hatto baʼzi bir ziyolilar ham bu ikki harfni birlashtirmoqchi bo‘lishadi. Bu mantiqqa zid keladigan holat. Chunki tildagi har bir tovush shu millatning milliy boyligi hisoblanadi. Shunday ekan, bunday nozik jihatlarga masʼuliyat bilan yondashish zarur.

Ayni paytda taʼkidlab o‘tish joizki, mazkur harflarning ko‘rinishi kirill alifbosida bir-biriga juda o‘xshash. Shu sababli ham ko‘pchilik bu ikki harfni qo‘llashda chalg‘ishi mumkin. O‘zbek lotin alifbosida esa bu borada ustunlik bor: qattiq tanglay tovushi Xx uchun Xx harfi, bo‘g‘iz undoshi Hh uchun esa Hh harflari qabul qilingan. Bu esa, o‘z-o‘zidan mazkur harflarni qo‘llashda yengillik keltirib chiqaradi.

Yuqoridagilardan maʼlum bo‘ladiki, o‘zbek lotin alifbosini mukammal o‘rganish, kundalik yozuv amaliyotida undan mohirona foydalana olish – har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Chunki yozuv – millatning yuzi va ko‘zi sifatida siz-u bizning kelajagimizni belgilab beradigan, jahon hamjamiyatidagi o‘rnimizni saqlaydigan asosiy vositalardan biri bo‘lib qoladi. Mana shu yo‘lda men barcha yurtdoshlarimizga omad yor bo‘lishini tilayman.

– Mazmunli suhbatingiz, foydali va zarur fikr-mulohazalaringiz uchun tashakkur, ustoz.

 

Hulkar Hotamboyeva suhbatlashdi

“Temiryo‘lchi” gazetasining

2022-yil 30-iyundagi 26-sonli nashri


Manba: 

01.07.2022 3337