"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tiliga hurmat – insoniy burchimiz!

Alla aytay, jonim bolam, quloq solgin alla, Shirin allam tinglab asta, uxlab qolgin alla.

Dunyoga kelganimizdanoq onalarimizning sehrli allalari ohangi ila qulog‘imizga, ruhimizga singib ketgan ona tilimiz – o‘zbek tili o‘zining jozibasi, go‘zalligi, ohangi-yu tarovati bilan yuragimizdan chuqur joy olgan. Ilk bor aytgan so‘zlarimiz ham shu tilda baralla yangragan – ona, ota, non kabi aziz va mukarram bo‘lgan, biyron tillarimizda aylangan bu so‘zlar o‘zbek tili ohangida taralgan. Shundan bo‘lsa kerak, ona tili tug‘ilganimizdan boshlab bir umr qalbimizga, butun borlig‘imizga, ruhiyatimizga juda-juda yaqin va unga bo‘lgan mehrimiz ham o‘zgacha.

O‘zbek tilining bor jilosi-yu jozibasi, tarovati nafaqat onalarimiz allasida, balki qadimiy bitiktoshlarda, ming yillik dostonlarimizda, o‘lmas maqomlarimizda, shoirlarimizning jo‘shqin sheʼrlarida, baxshi va hofizlarning sehrli qo‘shiqlarida o‘z ifodasini topgan. Demakki, ming yillik dostonlarimizni o‘z bag‘rida yetiltirgan ona tilimizning ham tarixi uzun, o‘tmishi buyuk, o‘z taraqqiyoti bor.

Darhaqiqat, turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi juda uzoq. Bu tarix xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi,               orzu-intilishlari, o‘ylari, dard-u armonlari, milliy qadriyatlari, urf-odat va anʼanalari, maʼnaviy boyliklari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbek tili buyuk allomalar, olim-u fuzalolar ilmida, shoir-u ijodkorlar nazmida yanada jilo sochib, bor tarovati ila ravnaq topgan.

Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam.  

Hazrat Alisher Navoiy ushbu misralarida ona tili bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun turkiy el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirganini iftixor ila bayon qilgan. Ha, o‘zbek tili buyuk zotlarning jahonga mashhur dostonlari-yu asarlari bitilgan, davlatchiligimiz tarixi bilan qadamba-qadam rivojlanib, sayqallanib kelayotgan tildir.

O‘zbek tilining yaqin tarixiga nazar tashlasak, jadid bobolarimizning til qayg‘usida, millat ravnaqi tashvishidagi harakatlaridan qalblarimiz alangalanadi, vatanparvarlik, millatparvarlik hissi tug‘yon uradi. Alg‘ov-dalg‘ov, isyonkor bir davr fonida dunyoga kelgan o‘zbek tilidagi ilk roman – “O‘tkan kunlar” esa tilimizning mavqeyini yana bir karra oshirdi.

 

Bugun poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni uzra qad ko‘targan yodgorlik majmualari oralab kezarkansiz, adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining fidoyilari, chinakam jonkuyarlarining til ravnaqi, millat maʼnaviyati yo‘lidagi xizmatlaridan ham minnatdor bo‘lasiz, burchli ekaningizni his qilasiz. Zero, tilimizni asrab-avaylash, boyitish, uning sofligini saqlash va rivojlantirish bugungi davr kishilarining – siz-u bizning vazifamiz, burchimiz ekanligini yaxshi bilamiz.  

Maʼlumotlarga ko‘ra hozir yer yuzida yetti mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Jumladan, o‘zbek tili ham davlat tili maqomiga ega ekanligi uning o‘rni va nufuzidan, buyuk tarixidan dalolatdir. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayotgani alohida eʼtiborga molik. Bugungi kunda yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, mavqeyini oshirish, ilm-fan tili sifatidagi nufuzini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Bu borada 2019-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni muhim hujjatlardan biri hisoblanadi. Mazkur farmonga binoan 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bugun yer yuzi aholisining qariyb 50 million aholisi uchun asosiy muloqot vositasidir. 

Shunday ekan, tilimizning mavqeyiga qaratiladigan eʼtibor ertangi avlodning kelajagi haqida qayg‘urishimizning muhim asosi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini oshirish, jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish, yosh avlodni ona tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi  obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlash maqsadida 2019-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. 

 

Ushbu farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, barcha davlat organlarida davlat tilida ish yuritish shart qilib qo‘yildi. Davlat organlarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tilida ish yuritishni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi  obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida Prezidentimizning farmoni bilan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti anjumanida jahon hamjamiyatiga qarata tarixda birinchi marta hammani birday to‘lqinlantirgan, O‘zbekiston g‘ururini yuksaklikka ko‘targan tarixiy nutqini o‘z ona tilimizda so‘zladi. Ushbu davr o‘zbek tili taraqqiyoti yo‘lida ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamonga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bular albatta, Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan ezgu g‘oya negizida amalga oshirilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilining qadimiy bitiktoshlardan tortib bugungi kunga qadar ravnaqi, taraqqiyoti uning o‘z o‘rni borligini, tarixiy ahamiyatga ega ekanligini namoyon etadi. Asrlar silsilasidagi turli bosqinchilik va maʼnaviy tazyiqlardan o‘tib, o‘z qudratini yo‘qotmay, aksincha, yanada sayqal topib, boyib borayotgan ona tilimizning dunyo maydonidagi o‘rnini mustahkamlash muhim va dolzarb masaladir. 

Millat ruhi, maʼnaviy boyligi, ajdodlarimizdan meros bo‘lgan ona tilimizning qaddi va qadrini, o‘ziga xos jilosi va jozibasini saqlash va yanada boyitish har birimizning vazifamiz, burchimizdir. Ona tilining umrboqiyligi esa millat va uning milliy maʼnaviyati abadiyligiga ishora.

Shahnoza Obloqulova,

Shofirkon tumani hokimining maslahatchisi

O‘zA

 

25.07.2022 3026