"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ALLA SEHRI BILAN SINGGAN SO‘Z

21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Ravon so‘zlamoq va bexato yoza olmoq — ziyolilikning birinchi belgisi. Kishi ona tilida o‘ylaydi, fikrlaydi, dilidagini tiliga ko‘chiradi. Demak, tafakkur tili o‘z ona tili bo‘ladi. Yillar o‘tib, milliy liboslarimiz o‘zgarar, yashash tarzimiz almashar. O‘ylab qarasak, o‘zgarmas tushunchaning, birlikning o‘zi yo‘q. Biroq biz o‘zgartirishga haqimiz bo‘lmagan, aksincha, rivojlantirib, sayqallab borishimiz, g‘urur deb bilishimiz kerak bo‘lgan qadriyat bor. Bu — ona tili.  Unga mehr bolalikdan shakllanadi. Beshikda go‘dak orom olganida ona aytgan mehrli va orzuli alladan quvvatlanadi.

Shu ma’noda, ona tili rivoji va istiqboli, eng avvalo, oila muhiti, maktab ta’limi saboqlariga bog‘liqligi kundek ravshan. Zero, murg‘ak qalbga yoshlikdan alla sehri bilan singgan so‘z dastlab alifbo, so‘ngra turli darslarda mustahkamlanib, yangi fanlar asosida bola tafakkurini yoritib boradi.  

Bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi tantanalaridagi nutqida ham Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifaning eng birinchisi ta’lim tizimi bo‘lishini ta’kidladi. Shunga ko‘ra, barcha fanlar qatorida ona tili va adabiyot hamda davlat tili  — o‘zbek tili bo‘yicha yangi avlod darsliklarini yaratish, o‘qitish tizimini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Hozir nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida ham o‘zbek tilini e’zozlash, o‘rganish yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilk marta o‘zbek tilida nutq so‘zlagani alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu barcha yurtdoshlarimizga g‘urur bag‘ishladi, qalbini quvonchga to‘ldirdi. Bashariyat nazdida “Navoiy tili” deb e’tirof etiladigan ona tilimizning jahon ayvonida yangrashi nihoyatda muhim tarixiy voqelikdir. Shuningdek, 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon asosida yurtimizda har yili O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda.

Aytish joiz, xalq ta’limi tizimida yoshlarimizning ona tilini mukammal o‘rganishiga katta ahamiyat qaratilib, ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktab va sinflarda ham o‘zbek tili davlat tili sifatida chuqur o‘qitib kelinmoqda. Bunda xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xalq ta’limi tizimida barcha ish yuritish hujjatlari, nashr etilayotgan kitob-to‘plamlar, rasmiy saytlarda e’lon qilinayotgan yangiliklar, maqolalar qonun talablari asosida yurtilmoqda.

Ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Hifzi lison” maqolasida “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir”, deya ta’kidlaydi. Yana bir ma’rifatparvar, o‘nga yaqin tilni puxta o‘rgangan olim Is’hoqxon Ibrat ham: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, deya yozib qoldirgani bejiz emas. Zero, dunyo tillarini chuqur o‘rgangan holda o‘z ona tilini e’zozlagan farzand o‘zligini yo‘qotmaydi, xalqini azizu mukarram bilib, mamlakat taraqqiyotida o‘zini daxldor his qiladi!

  21-oktabr — “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun, mamlakatimiz tarixida muhim sana. Negaki, ona Vatanimiz mustaqqiligining qo‘lga kiritilishida ushbu huquqiy hujjatning ahamiyat beqiyos. Zero, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi muhim odim bo‘lganini katta avlod yaxshi eslaydi.

So‘nggi ikki yilda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan davlat tiliga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, targ‘ib qilish ishlari, davlat tili me’yor-qoidalari buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘rganishlar amalga oshirildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Oktyabr oyi – ona tili va o‘zbek tili fan oyligi” deb e’lon qilinib, ona tilimizni ulug‘lovchi she’rlar va sahna ko‘rinishlaridan iborat ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, maktab o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbek tilim — iftixorim” mavzusida insholar va videolavhalar tanlovlari o‘tkaziladi. Ayniqsa, barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy va Sharq madaniyati, adabiyotida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib va yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan g‘azalxonlik soatlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Ushbu tadbirlarga uyg‘un holda joriy yilda Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Respublika ta’lim markazi ishtirokida “Yangi fikr” respublika insholar tanlovi o‘tkazildi. O‘quvchilarda yozma nutqni, tanqidiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, milliy qadriyatlar, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, huquqiy va iqtisodiy savodxonlik, ilm-fan va texnologiyalar, mediasavodxonlik, kasblar va kelajakka doir tasavvurlar bo‘yicha zamonaviy dunyoqarashni shakllantirish maqsadini qo‘ygan tanlov keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Tanlovda jami 28 ming nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi.

Yoshlarimizda Vatanimiz taqdiri, ertangi kuni va istiqboliga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, ularni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tgan yili yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovini o‘tkazgani ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etgandi. Insho yozish jarayonlarida o‘quvchilarga o‘zbek tilining boy imkoniyatlari va tilimizning sofligini saqlash borasida tushunchalar berib borilib, ijodiy ishlarni baholashda o‘quvchilarning adabiy til me’yorlariga amal qilishi bo‘yicha bilimlari ham sinovdan o‘tkazildi.

Shu kunlarda ham Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Ma’rifatli jamiyat — Uchinchi Renessans bunyodkori” esselar tanlovi yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Bu kabi tanlovlar ham tilimizning imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanib, o‘z ijodiy salohiyatini namoyon qilishda asosiy omil bo‘ladi. Tanlov g‘oliblarini e’lon qilish va taqdirlash tadbiri 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida o‘tkaziladi.

Ona tili davlat timsoli, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, tarixini ifodalovchi vositadir. Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri, turkiy tillarning katta oilasiga mansub o‘zbek tili tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, orzu-intilishlari, dardu armonlari va zafarlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Moziyda yashab o‘tgan allomalarimiz, ota-bobolarimiz aynan shu til orqali jahon ilm-fani tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Shu go‘zal va muhtasham zabonda Bilga xoqon va Kultegin bitiklari, Alpomish-u Go‘ro‘g‘li dostonlari, “Xamsa” kabi ne-ne buyuk madaniyat namunalari, ulkan ilmiy kashfiyotlar yaratilgan. Uni ulug‘lash, kelgusi avlodlarga yetkazish oliy burchimizdir.


“Yangi O‘zbekiston” 210-son,

13-oktabr 2022-yil.

Nasiba MAMARAIMOVA,

xalq ta’limi vaziri maslahatchisi

13.10.2022 1706