"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

VATANIY ISHQ BILAN...

21-oktabr — O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi

 berilgan kun.

Eng pok va toza tushunchalar majmuasi, millat, yurt taqdiri bilan uyqashib ketgan go‘zal tafakkur — maʼnaviyat. Ona tiliga bo‘lgan hurmat esa maʼnaviyatning yuksak cho‘qqisidir.

Millatsevarlik, vatanparvarlikning maktabi yo‘q, u qonda bo‘ladi, jonda ulg‘ayadi, yillar davomida pishadi, kamolga yetadi, ishda, so‘zda, amalda aks etadi. Vaqti kelsa jon bilan hisob bermoq uchun tayyor turadi. O‘z egasining kimligini oshkor etadi, etaveradi. Cho‘lpon, Qodiriy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov yoki Halima Xudoyberdiyeva millatsevarlikni biron bir maktabga yoki kursga qatnab o‘rgangan deysizmi? Yo‘q, u jonning jon joyida ulg‘aygan, tomirda nish otgan.

Yaqinda Qarshi tumanidagi “Do‘stlik” mahallasining nomi o‘zgartirildi. Hudud aholining taklifi asosida “Xitoykenti” deb nomlandi. Nomlash jarayoni O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obʼektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan bosqichma-bosqich amalga oshirildi, shu vaqt oralig‘ida mahalla faollari Turdi bobo, Nazar bobo, Mavjuda ayalar tinmay xabarlashib turishdi. Aslida, mana shu ish ham vatanparvarlikning bir ko‘rinishi. O‘zi yashab turgan qishlog‘i, mahallasi, ko‘chasining nomiga befarq bo‘lmaslik — jonkuydilik, elga qayishish. Yosh avlodning tarixga bo‘lgan mehri, muhabbatini yuksaltirish yo‘lidagi bir qadam. Birgina so‘z olis tarix sadosini, zalvorini ko‘tarib yurishi, yoshlar uchun maʼlumot berishi, muhimi, shu yerda istiqomat qilayotgan odamlarning ongu shuurini boyitishi bilan qadrli.

Bu nom ortida biz yashab turgan hududning qiyofasi bor, o‘tmishi bor. Bu joylardan Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Karvonlarning to‘xtash joylari bo‘lgan. Kent deyilishi ham shundan. Mana, qo‘limdagi professor To‘ra Nafasovning “Qashqadaryo qishloqnomasi” kitobida mahallamiz nomi haqida aniq maʼlumot berilgan, — deydi mahalla oqsoqoli Turdi Mo‘minov.  

Nomlash masalasiga shunchaki qarab bo‘lmaydi, axir nom o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lib qolmagan. Tumanimizda Batosh, Charog‘il, G‘ubdin, Ko‘chkak, Kaxlak kabi mahallalar bor. Har biri o‘z tarixiga ega. Yaxshi eshitilmas ekan, chiroyli nom qo‘yish kerak, deb shoshilinchda xato qilib qo‘yish yaramaydi.

Ha, otaxonning bu gapida “jon” bor. Aytilishi quloqqa xush yoqmayapti yoki bizning mahalla yoki ko‘chamiz nega “Qirg‘iz”, “Qozoq”, “O‘tamayli”, “Sinabog‘”, “Achchig‘i” deb nomlangan deya ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilayotganlarni mahalla faollari, yoshi ulug‘lar yoniga olib, obdon tushuntirishi kerak. Bu urug‘nomi ekani, O‘tamayli — qirq urug‘ining bir tarkibi – o‘damali, ko‘kdala uz, yuz, juzlarning bir urug‘i — “o‘tamali” so‘zidan kelib chiqqanini aytib, ilm, bilim berishi kerak, toki ularning savollari javobsiz qolmasin. Nom zamiridagi tarixni ochish uchun nom yaralgan davrning tarixini varaqlash, mazkur nom uchun asos bo‘lgan ijtimoiy, madaniy, psixologik, lisoniy omillarni topish kerak, albatta.

2021–2022-yillar mobaynida Qashqadaryo viloyati miqyosida qonunga nomuvofiq deb topilgan 24 ta joy nomi bo‘yicha toponomik olimlar, tilshunoslar, adabiyotshunoslar ishtirokida o‘rganishlar olib borildi, tarixiy manbalar asosida, xalqimizning boy qadriyatlari, anʼana va yashash tarzining o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha aniq manbalar izlab topildi. Tarixiy joy nomlarining saqlab qolinishi taʼminlandi.

Tarixdan maʼlumki, IX–X asrdan boshlab, o‘zbek tilining maqomini oshirishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan. X asrda O‘zbekiston hududida yashovchi turkiy xalqlarning qarluq toifasiga mansub aholi tashkil etgan qoraxoniylar davlati asoschisi o‘z hukmronligi ostidagi qabilalarni rasmiy saroy tili hisoblangan — qoraxoniylar tili nomi ostida birlashtiradi. Bu bugun biz va siz so‘zlashayotgan til — o‘zbek tili edi.

“Biz kim mulki Turon, amiri Turkistonmiz...” deya xitob aylagan Amir Temur saltanatida davlat hujjatlarining turkiy (o‘zbek) tilida yuritilishiga eʼtibor qaratgandi. “Temur tuzuklari” Sohibqiron rahbarligi ostida, uning devonida turkiy tilda yaratilgan tarixiy va siyosiy asar ekani haqida Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida aytiladi.

Hazrat Navoiy o‘zbek tilining jozibasini shu tilda yaratgan asarlari orqali isbotlab berdi. Mirzo Bobur taʼkidlagani kabi, “naziri yo‘q kishi” bu tilda “ko‘p va xo‘b” (yaxshi) ijod qildi. O‘zbek tilining adabiy til sifatidagi mavqeini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shdi. Mutafakkir, Alisher Navoiy bobomiz “Muhokamatul lug‘atayn” asarida turkiy lahjalar, o‘sha davrda yaratilgan badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususiyatlari bilan qiyosladi. Xalq tilida ko‘plab so‘zlarning adabiy tilda qo‘llanilishini hamda Mahmud Koshg‘ariydan so‘ng o‘zbek va boshqa turkiy xalqlarning tili grammatikasini ilmiy asosladi. Shoirlar tili, adiblar tili bo‘lgan o‘zbek tilining naqadar latofatli ekanini namoyon qildi. Bir so‘zning bir nechta maʼnodoshlarini izohlash orqali so‘zning shakli, tusi va mag‘zini, joziba va taʼmini ko‘rsatdi.

Davlat arbobi va shoir Bobur o‘zi ham fiqh ilmiga doir “Mubayyin”, aruzga doir “Mufassal” asarini o‘sha davr anʼanalariga ko‘ra arab tilida emas, turkiy tilda yozdi va turkiy yozuv “Xatti Boburiy” ni yaratdi.

Maʼlumotlarda keltirilishicha, Abdurauf Fitrat XX asr boshlarida ona tilimizga Davlat tili maqomini berish masalasini kun tartibiga olib chiqadi. Olovqalb, maʼrifatparvar bobolarimiz o‘zbek tilining ertasi yo‘lida, millatning “oyina hayoti” bo‘lgan tili va adabiyoti uchun mislsiz qayg‘urdi. Ona tiliga daxldorlik, uni asrab avaylashni Ishoqxon Ibrat “bu – vataniy ish” ekanini vataniy ishq bilan aytsa, Abdulla Qodiriy “o‘zbek tili kambag‘al emasligi, buni aytganlarning o‘zi kambag‘al” ekani haqida bong urdi.

Millatni uyg‘otuvchi, g‘oyaviy tarbiyalovchi mayoq, bu — uning uyg‘oq farzandlaridir. O‘zbek tilining rivojlanishi tarixida bu yaqqol aks etadi.

1989-yil o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimiz taqdiri uchun g‘oyat yuksak yutuq bo‘ldi. Oradan 33 yildan ortiq vaqt o‘tyapti. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish ishi — barchamizning, avvalo ziyolilarning vijdoniy ishi.

Bugun mamlakatimizda dadillik bilan o‘zbek tilining taraqqiyoti, rivojini taʼminlash borasida aniq chora-tadbirlar tizimli asosda olib borilmoqda. Sohaga oid ishlar yangi bir bosqichga ko‘tarildi. Vazirlar Mahkamasida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashkil etildi. Sohaga oid ilmiy izlanish qilayotgan mutaxassislar jamlanmoqda. Ilmiy tadqiqotlarning zalvori ortib, sohalarga oid turli lug‘atlar chop etilyapti.

Nazarimizda, muhim jihati, mazkur ishlarning ayni mavridida amalga oshirilayotganligidir. Davlatimiz rahbari bu borada har birimizga namuna ko‘rsatmoqda. Xalqaro minbarlarda, nufuzli sammit va anjumanlarda o‘zbek tilida maʼruza qilib, dunyo ahlining eʼtiborini qaratmoqda. Bu g‘urur, bu necha ming yillik tarixga ega o‘zbek tiliga nisbatan otashin mehrning ifodasi emasmi?

Dilni uyg‘otish uchun elga qayta-qayta yuz tutib, uning so‘z xazinasini tinimsiz kashf etish vaqti keldi. Bunda suhbatdosh izlab olisga yo‘l bosmang. Ular yoningizda, ota-onangiz, qadrdonlaringiz, eldoshingiz. “Bug‘doy noning bo‘lmasa ham, bug‘doy so‘zing bo‘lsin”, der edilar bobom ko‘pincha suhbat orasida. Demak, aytilgan so‘z vositasida inson qiyofasi bo‘ladi. Bug‘doydek shirin, boldek taʼmli, quyoshdek issiq chehra bilan namoyon bo‘lish, ona tilimizni qadrlash ishi – oliy yumushga, vataniy ishqqa aylansin!

Ziyoda AMINOVA

 Qashqadaryo viloyati hokimi maslahatchisi,

jurnalist

17.10.2022 1591