"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Millatni — millat qiladigan uning ona tilidir!

Xalqning o‘zligini namoyon etuvchi qadriyatning asosiy mezoni uning ona tili bilan belgilanadi. Non va suv inson hayoti uchun qanchalik zarur bo‘lsa, millatning yashashi va rivojlanishi uchun uning milliy tili ham shunchalik muhim.

Ha, ona tili xalqning Vatani, davlati kabibuyuk xazinasi, ehtimolki birlamchi boyligidir. Aynan til vositasida odamlar bir millat sifatida birlashadi, ya’ni til xalqni – xalq, millatni – millat sifatida namoyon qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy tilimizning rivoji, barqarorligi, ravnaqi yo‘lida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilayotganini barchamiz ko‘rib, kuzatib turibmiz.

Bugun O‘zbekistonning yuragi bo‘lgan Toshkent shahri va tumanlarida ham davlat tilining ijrosi yuzasidan bir qancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimiz ko‘chalaridagi ob’ektlar nomlaridagi va peshlavhalardagi xatoliklar va xorijiy tillarda yozilgan holatlarni bartaraf etish yuzasidan Toshkent shahrining barcha tumanlarida hokimlarning davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Xususan, tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan tegishli mas’ul vakil bilan hamkorlikda har oyda ikki marta alohida reja-jadval asosida bozorlar va ko‘chalarda uchrayotgan reklama, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga o‘rnatilgan tashqi yozuvlardagi davlat tiliga zid xato va kamchiliklar muntazam bartaraf etib kelinmoqda hamda o‘rganish jarayonida ob’ektlar egalariga ogohlantirish xatlari berilib, tushuntirish ishlari doimiy olib boriladi. 

Qilingan ishlar natijasida bugungi kunda Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridagi reklama bannerlari qariyb to‘liq lotin alifbosida, davlat tilida namoyish etilmoqda.

Mana, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishimizga ham tobora sanoqli kunlar qolmoqda. Shu o‘rinda yaqindagina qabul qilinib, kuchga kirgan reklama to‘g‘risidagi qonun ham davlat tilining nufuzini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. 

Poytaxtimizda va tegishli joylarda o‘rnatilgan peshlavha va reklamalar davlat tilida yozilishi shart! 

“Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga ko‘ra Toshkent shahri va tumanlari hududida joylashgan barcha ob’ektlarning nomlari, peshlavhalari, reklama e’lonlari lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida yozilmoqda va yozilishi kerak. 

Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, afsuski hali hamon ba’zi tadbirkor va ishbilarmonlar davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga bepisandlik va e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lmoqdalar... 

Davlat tilining nufuzini oshirishda va mustahkamlashda Toshkent shahri va tumanlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarimiz ham ona tilimizning asosiy himoyachisi bo‘lgan Prezidentimizga kamarbasta bo‘lib ish yuritsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi! 

Bu borada, ayniqsa bozorlar va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va ishbilarmonlarning milliy tilimizga munosabati qanday ekanligi, albatta, keng jamoatchilik vakillariga sezilarli ta’sir qilishini alohida ta’kidlamoqchiman. Chunki, ular bevosita xalq bilan muloqot qiladi, hamisha xalqning ichida bo‘ladi. 

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va poytaxtimizning xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi saylangan deputatlar, deputatlik guruhi a’zolari bilan ham hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yganmiz. Ayniqsa, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturida o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini oshirishga ko‘maklashish vazifasi belgilangan bo‘lib, bu borada partiyaning Markaziy hamda Toshkent shahar Kengashlari bilan hamkorlik oliy darajada o‘rnatilgan. Buning isboti o‘laroq, “Til posbonlari” ko‘ngilli yoshlar guruhi tashkil etilib, “Sof o‘zbek tilida yozamiz” loyihasi amalga oshirilib kelinayotganligini yaqqol misol keltirishimiz mumkin. Xususan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonuni mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, yangi joriy etilgan norma — reklamalarning davlat tilida bo‘lishi kerakligi bo‘yicha jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish yuzasidan davra suhbati tashkil qilindi va unda O‘zMTDPdan saylangan deputatlarimizning davlat tilining ijrosi va nazorati yuzasidan fikr va mulohazalari, taklif va e’tirozlari tinglandi. 

Ko‘p bor ta’kidlanganidek, ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarining namunasi o‘laroq, reklama to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishi ham aynan shu ezguliklarning davomi ekanligi haqiqatdir.

Mamlakatimiz rahbari deyarli har bir chiqishlarida ona tilimiz haqida kuyinib so‘zlaydi. Vatan va Millat dunyoga yuz tutmog‘i uchun eng avvalo milliy tilimizga e’tiborni kuchaytirishimiz zarurligini ko‘p bor ta’kidlaydilar. Deyarli har bir tadbirimizda, o‘rganish va uchrashuvlarda bu borada davlat tilining ahamiyati, uning qadr-qimmati haqida qayta-qayta tushuntirish ishlarini olib borishga katta e’tibor qaratmoqdamiz. 

Reklama esa davlat tilining ko‘zgusi, davlat tilining darajasini belgilovchi yaqqol vositasi desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, poytaxt ko‘chalarida katta va kichik LED ekranlarda yal-yal tovlanayotgan turli xil mazmundagi reklamalar xorijdan O‘zbekistonga kelgan har qanday didli sayyohning ham e’tiborini tortishi turgan gap. Bugun mamlakatimizning turizm salohiyati yildan-yilga ortar ekan, ona tilimizning barqarorligi – adabiy tildagi jamoaviy muloqotlarning rasman yo‘lga qo‘yilishi xalqimiz kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilishini aslo yoddan chiqarmasligimiz va qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashimiz nihoyatda muhimdir.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirishga intilishimiz, albatta, o‘sib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’analar va qadriyatlarga sadoqat ruhida kamolga yetishlariga, ulug‘ ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishlariga, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etilishini ta’minlashga hissa qo‘shadi. 

Akmal RO‘ZITOEV,

Toshkent shahar hokimining maslahatchisi 

 

18.10.2022 1710