"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Sifat - hech kim qaramaganda ham har narsani yaxshi qilishdir”

“Sifat - hech kim qaramaganda ham har narsani yaxshi qilishdir”

 

Insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida “sifat” tushunchasiga alohida yondoshuv bilan qaralgan, unga turli taʼriflar berilgan, ammo mohiyatan aynan bir narsani – belgilangan ehtiyojni qondirishni tushunilgan. Qadimgi mutafakkir Aristotel sifatni inson faoliyatining turli jabhalarida erishiladigan natijalarining sifatlari majmuasi (xalqasi) koʻrinishida tasavvur qilgan. Amerikalik sanoatchi Genri Ford sifatga shunday baho beradi: “Sifat - hech kim qaramaganda ham har narsani yaxshi qilishdir”. 2022-yil 7-oktyabrda Senat tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi “Standartlashtirish toʻgʻrisida” Qonuniga koʻra, standartlashtirishning asosiy vazifalari fuqarolarning hayotini, sogʻligʻini va mol-mulkini, atrof-muhitni muhofaza qilish, mahsulotning sifati masalalarida isteʼmolchilarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish, mahsulotning oʻzaro almashuvchanligini va moslashuvchanligini taʼminlash, aholining va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun mahsulotning sifatini hamda raqobatbardoshliligini ilm-fan va texnologiyalarning rivojlanish darajasiga qarab oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnik dasturlarni hamda loyihalarni roʻyobga chiqarish chogʻida amaliy jihatdan koʻmaklashish; Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiyotini rivojlantirishga va ilmiy-texnik taraqqiyotiga koʻmaklashish belgilab qoʻyilgan.

Mahsulot sifati tushunchalari “Mahsulot sifati. Asosiy atamalar va taʼriflar” Oʻzbekiston Davlat standartida belgilab qoʻyilgan va mahsulot sifati tadqiqot, loyihalash, yaratish, uni ishlab chiqarishga qoʻyish, ishlab chiqarish, sotish, foydalanish jarayonlarida shakllanadi. Sifat koʻrsatgichlari mahsulot yaratilishidan oldin ishlab chiqilgan texnik topshiriqda belgilanadi. Unga mahsulot sifati va texnik darajasi belgilangan koʻrsatgichlarini fan va texnika yutuqlari, isteʼmolchi talabi asosida kiritiladi. Bunda barcha tarmoqlar turli mahsulotlarni sifat koʻrsatgichlarini oʻz ichiga olgan mahsulot sifati koʻrsatgichlari tizimi davlatlararo standartlari asos qilib olinadi. Mahsulotning standart talablariga javob berishi muvofiqlik sertifikati, muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya yoki muvofiqlik belgisi bilan tasdiqlanadi.

Sertifikatlashtirish – bu mahsulotni texnik reglamentlar, standartlar yoki texnik shartlarga javob berishini hujjatlar orqali tasdiqlashdir. Mahsulotni sertifikatlashtirish mahsulotga muvofiqlik sertifikati berish orqali uning tegishli texnik reglamentlar, standartlar va texnik xujjatlarga javob berishini tasdiqlashdir. “Sertifikatlash” tushunchasi standartlashtirish boʻyicha maxsus Xalqaro Kengash Komiteti tashkiloti (ISO) tomonidan ishlab chiqilgan. Sertifikatlash (muvofiqlik sertifikatlashi) umumiy tushuncha boʻlib, mahsulotni texnologik jarayonlarni va xizmatlarni sertifikatlashda uchinchi tomonning (bir tomon – ishlab chiqaruvchi, ikkinchi tomon – isteʼmolchi) ishtirok etishini nazarda tutadi. Muvofiqlik sertifikati – ishlab chiqarilgan mahsulot, texnologik jarayon yoki xizmatlarning malum standart va meyoriy texnik hujjatlarga javob berishiga uchinchi tomonning bergan kafolatidir.

Shunday qilib, muvofiqlik sertifikati uchinchi tomon orqali kafolatlanadi va oʻrnatilgan qonunlarga muvofiq tashkiliy sistema chegarasida amalga oshirilgandagina tan olinadi. Bunda uchinchi tomon seriyali ishlab chiqarilgan mahsulotlarning standartlar shartiga absolyut jihatdan emas, balki maʼlum ishonchlilik darajasi bilan javob bera olishini tasdiqlaydi. Ushbu ishonchlilik darajasi mahsulotning oʻrnatilgan shartlarga muvofiqligini taminlovchi ishlar hajmiga bogʻliq holda turlicha boʻlishi mumkin. Ishonchlilik darajasi qanchalik yuqori boʻlsa, mahsulot sifatini taminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hajmi shunchalik katta boʻladi. Ammo mahsulotning standart shartlariga muvofiqligining ishonchlilik darajasi qanchalik past boʻlsa, uni ekspluatatsiya qilish harajatlari shunchalik katta boʻladi. Koʻrinib turibdiki, mahsulotni ekspluatatsiya qilish va sifatini taminlashga ketgan harajatlarning minimal qiymati mahsulotning standart shartlariga muvofiqligini talab etilgan darajada ishonchlilik bilan javob berishining optimal darajada boʻlishini taminlaydi.

Muvofiqlik sertifikati - mahsulot texnologik jarayon yoki xizmatlar tegishli standart yoki meyoriy hujjatlarga mos kelishini tasdiqlovchi, sertifikatlashtirish sistemasi qoidalariga muvofiq berilgan hujjatdir.Muvofiqlik belgisi esa bu qonun tomonidan himoyalanadigan belgi boʻlib, sertifikatlashtirish sistemasi qoidalariga koʻra foydalanilib, mahsulot, texnologik jarayon yoki xizmatlar tegishli standartlarga javob bera olishini kafolatlaydi. Shuni takidlash kerakki, sertifikatsiya istemolchiga mahsulotning standartlarga toʻliq javob beradigan ishlab chiqarilganligi uchun kafolat beradi. Ammo u, mahsulotni jahon bozori darajasidagi yuqori texnik darajada ishlab chiqarilganligini kafolatlamaydi.

Mahsulotlarni sertifikatlashtirishni tashkil qilish va oʻtkazish ishlari belgilangan tartibda akkreditsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari (keyinchalik matn boʻylab SO) tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni 8-moddasiga asosan mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditatsiya qilingan organlar va sinov laboratoriyalari (markazlari) qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida sertifikatlashtirish faoliyatini hamda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlar oʻtkazish faoliyatini amalga oshiradilar. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 06.07.2004-yildagi 318-son qarori bilan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 18-martda 1458-son bilan Mahsulotlarni sertifikatlash Qoidalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Barcha sertifikatlashtirish organlari ushbu xujjatlar bilan ishlaydi.

Har bitta sertifkatlashtirish organini oʻz yoʻnalishiga (akkreditatsiya doirasi) egaligi bilan bir biridan farq qiladi. Bugungi kunda respublikada jami 69ta sertifikatlashtirish organlari faoliyat yuritib kelmoqda, shundan 6tasi Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati UzTEST Davlat muassasasi va bittasi Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti huzurida faoliyat yuritadi.

Agentlikda ushbu sertifikatlashtirish organlari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa yordamida davlat tili haqidagi Qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash, lotin alifbosida ish yuritishni tashkil etish masalalariga bagʻishlangan majlis oʻtkazildi. Majlisda “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi haqida bandlari tushuntirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi PF-6084-son “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi”da mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish, shuningdek, barcha vazirlik va idoralar tarkibida ish yuritish, shuningdek, barcha idoralararo hujjatlar aylanishi davlat tilida boʻlishini toʻliq taʼminlash va bu jarayonda davlat tiliga qatʼiy amal qilishni nazorat qilish belgilanganligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga asosan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik xususiyatga ega boʻlgan boshqa hujjatlarning loyihalari huquqiy ekspertizani amalga oshirish uchun majburiy tartibda yuridik xizmatga taqdim etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maʼzkur qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlarning yuridik xizmati toʻgʻrisidagi nizomning 20-bandida yuridik xizmat xodimi oʻz majburiyatlari va funksiyalari bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlarga muvofiq javobgarlikka tortilishi belgilanganligi haqida maʼlumot berildi. Shu nuqtayi nazardan, sertifikatlashtirish organlarining yuridik xizmat barcha turdagi hujjatlarning davlat tilida boʻlishiga alohida eʼtibor qaratishi lozimligi qayd etildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan isteʼmolchining asosiy huquqlaridan biri tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq tushunarli maʼlumot olishdir va buni Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi Qonuni taʼminlab beradi. Jumladan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va eʼlon qilinishi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin, 21-moddasiga muvofiq esa korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yoʻriqnomalar, etiketkalar bilan taʼminlanishi belgilangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil
6-iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga va Adliya vazirligida 2005-yil 18-martda 1458-son bilan roʻyxatdan oʻtgan “Mahsulotlarni sertifikatlash” qoidalariga asosan berilayotgan muvofiqlik sertifikatlarini davlat tilida rasmiylashtirishni taʼminlash, shuningdek, sertifikatlashtirish organlari oʻz faoliyatlarini bevosita Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizim tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirishi tushuntirildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-son qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuvchiga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyotini toʻliq joriy qilinishi belgilanganligi munosabati bilan 2023-yilning 2-yanvaridan ish yuritish va barcha muvofiqlik sertifikatlari lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida tayyorlanishi haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, Bosh direktor maslahatchisi tomonidan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritish boʻyicha malaka oshirish istagi mavjud boʻlgan holda, sertifikatlashtirish organlari Agentlikka murojaat qilishlari, Vazirlar Mahkamasining yuqorida koʻrsatib oʻtilgan 61-son va “Alisher Navoiy nomidagi Toshken davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 3-martdagi 117-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida malaka oshirish ishlarida Agentlik yaqindan yordam berishi mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish Jamgʻarmasi tomonidan nashr qilingan “Davlat tilida ish yuritish” kitobidan foydalanish tavsiya etildi.

Majlis yakunida sertifikatlashtirish organlarining lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritish boʻyicha faoliyati oʻrganilishi taʼkidlandi.

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi,

fil.f.d.

 

07.12.2022 371