"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Taraqqiyot sari oydin yoʻl davlat tiliga eʼtibordan boshlanadi


Mana, bir necha kunki, Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasida ilgari surilgan ilgʻor gʻoyalar taʼsiri va taassuroti bilan yashayapmiz. Tahlilchilar esa uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatiga xolis baho berish va globallashuv davridagi dolzarb jihatlarini eʼtirof etish bilan band.

Davlat rahbarining parlamentga murojaat yoʻllash anʼanasi boshqa mamlakatlarda ham mavjud. Lekin Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasi oʻziga xos. Bizda nafaqat Oliy Majlis, balki butun xalqimizga murojaat qilinadi. Unda islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari bilan birga odamlarni oʻylantirayotgan muammolar yechimiga qaratilgan istiqbolli loyihalar xususida ham soʻz yuritiladi.

Bu galgi Murojaatnoma oltita muhim yoʻnalishni qamrab olgan. Avvalgi Murojaatnomalarning har biridagi fikrlar alohida shior atrofida birlashtirilgani diqqatga sazovor. Jumladan, oldingi yillarda “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”, “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, “Xomashyodan — tayyor mahsulot sari”, “Yangi Oʻzbekiston — inson qadri ulugʻlangan jamiyat va xalqparvar davlat” singari koʻplab bir-birini toʻldiruvchi va rivojlantiruvchi gʻoyalar ilgari surilgan boʻlsa, bu safargi Murojaatnoma boshidan oxirigacha “ Inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga qurilgani bilan ahamiyatlidir.

Murojaatnomani muayyan yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” desak, toʻgʻri boʻladi. Chunki unda barcha soha va tarmoqlarning kelajagi, iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy rivojlanishning muhim omillari chuqur tahlil qilingan. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari ochib berilgan. Shu maʼnoda, kirib kelayotgan yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deya nom berilishida ulkan maʼno-mazmun mujassam.

Oʻsish, oʻzgarishlarning haqiqiy poydevori taʼlimda ekani yana bir karra taʼkidlandi. Prezidentimiz yuritayotgan siyosatdagi uygʻunlik shundaki, insonga eʼtiborni kuchaytirish va taʼlim sifatini oshirish masalalarini ona tiliga eʼtiborni kuchaytirmasdan hal qilib boʻlmasligi doimo asosiy oʻrinda turadi. Navbatdagi Murojaatnomada ham milliy oʻzligimizning timsoli boʻlgan ona tilimizga eʼtiborni yanada kuchaytirish zarurligiga urgʻu berilgani, uni mukammal oʻrganish majburiy ekani qayd etilgani bejiz emas.

Til — millat gʻururi, kelajagi. Usiz hech bir millat toʻlaqonli xalq boʻla olmaydi. Boshqacha aytganda, odam oʻzligini unutmasligi uchun uch narsani boy bermasligi kerak: Vatanini, dinini va tilini. Shuning uchun qariyb olti asr avval Hazrat Navoiy “Tilga eʼtiborsiz — elga eʼtiborsiz”ligi haqida bong urgan. Hassos adib Abdulla Qahhor tilni buzganlarni yoʻl qoidasini buzganlar kabi qatʼiy jarimaga tortishni taklif etgan.

Erkin Vohidov “Qayerdasiz, til fidoyilari?” deya butun jamiyatni uygʻoqlikka chorlagan boʻlsa, Abdulla Oripovning ona tilini bilmaydiganlar toʻtidan farqsiz ekani xususidagi nazmiy falsafasi oʻtli daʼvat sifatida xizmat qilib kelayotir. Bugun ayrimlarning “Farzandim chet tilni biladi, biroq ona tilini bilmaydi”, deb yurishi Yangi Oʻzbekiston fuqarolariga umuman munosib ish emas. Albatta, xorijiy tillarni oʻrganish zamon talabi. Ammo bu ona tilini inkor etishni anglatmaydi. Aslida, oʻz tilini mukammal bilmaganlarning oʻzga tillarni yaxshi oʻzlashtirganiga ishonish mushkul.

Demak, boshqa tillarni kamsitmagan holda, ona tilimizni eʼzozlashimiz, puxta bilishimiz kerak. Hech bir til bizning mamlakatda davlat tili oʻrnida ishlatilmasligi, hukmron boʻlmasligi shart. Prezidentimiz Murojaatnomasida ana shunga daʼvat etgani hammamizga unutilmas saboq boʻlishi darkor. Chunki biz hali ham oʻz tilimizning qadriga yetolmayapmiz. Koʻchalarga chiqsak, reklama va eʼlonlarni hali-hamon turli tillarda oʻqiymiz. Hatto ayrim nufuzli tashkilotlarda muhim hujjatlarni boshqa tilda yozish urfdan tushmay kelayotgani achinarlidir. Oʻylaymizki, jamoatchilikning kuchli nazorati ostida bunday kamchilik va nuqsonlar tez orada bartaraf etiladi.

“Yangi Oʻzbekiston”

Davlat soliq qoʻmitasi raisi maslahatchisi Gavharxon Muqaddasova

27.12.2022 305