"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilimizning qadri va qaddini yuksaltirish ˗ barchamizning burchimiz


Darhaqiqat, Mahmudxo‘ja Behbudiy millatparvar, vatanparvar va taraqqiyparvar shaxs sifatida milliy tariximizni bezab turgan zotlardan sanaladi. Behbudiy milliy taʼlim, milliy mafkura, milliy taraqqiyot asoslarini puxta anglagan va millatning maʼnaviy rahnamosi darajasiga ko‘tarilgan siymodir. Milliy tafakkur milliy tildan boshlanadi. Behbudiy dunyoni o‘zbek tafakkuri bilan anglashni targ‘ib qilgan mutafakkir, millat peshvosi, ziyolilarga yo‘l ko‘rsatgan maʼrifatparvardir. O‘zbek teatri, o‘zbek jurnalistikasi kabi ko‘p jabhalar rivojida Behbudiyning hissasi katta. U millat ziyolilarini bir maslak — milliy taraqqiyot yo‘lida birlashtirishga intilgan.

Shuning uchun ham bu jihat buyuk ajdodimizning fojiali o‘limidan chuqur qayg‘uga botish Sadriddin Ayniy, Cho‘lpon kabi ijodkorlarimizning Behbudiyga bag‘ishlangan marsiyalarida yorqin ifodalangan.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning adabiyotshunoslik va tilshunoslik sohasida yozgan bir qator maqolalari, maktablar uchun yaratgan darsliklari mutaxassislar tomonidan hali yetarlicha o‘rganilgan emas. Jumladan, buyuk maʼrifatparvarning til-imlo masalalari, o‘zbek adabiy tili va xalq jonli tili, yaʼni sheva munosabatlari, adabiy tilni shakllantirish, tilimizni yot, yaʼni xorijiy so‘zlardan tozalash, uning sofligini saqlab qolish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalarini o‘rganish, tadqiqot manbai sifatida tanlash bugunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Zero, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Mahmudxo‘ja Behbudiy millatni maʼrifatga eltish maʼnosida yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun darsliklar yaratish, matbuotni yo‘lga qo‘yish va shu orqali o‘zbek milliy tilini shakllantirish, adabiy til meʼyorlarini yaratishdek eng muhim ishlarga ulkan hissa qo‘shgan.

Ayrim darslik hamda tilshunoslikka doir maqolalarida ko‘tarilgan masalalar uning zukko tilshunos bo‘lganini to‘la isbotlaydi. Alloma “Ikki emas, to‘rt til lozim”, “Har millat o‘z tili ila faxr etar”, “Til masalasi”, “Sart so‘zi majhuldir”, “Sart so‘zi maʼlum bo‘lmadi” singari maqolalar yozdi. Ularda Behbudiy o‘z davrining muhim masalalari xususida fikr yuritishga harakat qildi. Allomaning “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasi 1913-yilda yozilgan bo‘lib, o‘zi tashkil etgan “Oyina” jurnalining 1-sonida chop etilgan. Maqola sarlavhasidan ko‘rinib turibdiki, muallif ko‘p tilni bilish har birimiz uchun muhimligi va shu orqali dunyoga chiqish mumkinligiga urg‘u bergan. U o‘zbek tilidan tashqari fors-tojik, arab, rus va hatto Yevropa tillaridan birini bilish kerakligini taʼkidlaydi. Xorijiy mutafakkirlarning qimmatli asarlarini o‘qiy olish uchun ham ular ijod qilgan tillarni bilish maʼrifatli kishilar uchun joiz ekaniga urg‘u bergan. Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston o‘lkasida juda qadimdayoq uch til amal qilgani, ularning bir-biriga taʼsiri maktab va madrasa asarlarida ham ko‘ringani, shu bois, bunday holatni isloh qilish kerakligi haqida yozadi. Maqolada Turkiston shahar va qishloqlarida yashovchi aholining tili qaysi til ekani xususida ham diqqatga molik fikrlar yuritilgan. “Bizga saodatdurki, turkiy va forsiyni tahsilsiz bilurmiz. Har turkni forsiy va har forsni turkiy bilmog‘i lozimdur”. Bundan tashqari, maqolada rus va farang tillarini ham bilish kerakligi haqida eʼtiborga loyiq fikrlar mavjud: “Farang va rus donishmandlarining asarlaridan foydalanmoq turkiy yo rusiy va farangiy bilmak ila mumkin bo‘lur...”. Xorijiy tillarni bilishni Mahmudxo‘ja Behbudiy siyosiy masala darajasiga qo‘yadi. Darhaqiqat, til siyosatdir. Til siyosati buzilgan joyda millat ham tanazzulga uchraydi. Har bir millatning o‘zligini anglashida, yosh avlodda milliy ong va tafakkurni shakllantirishda tilning o‘rni beqiyos.

Millatlar va xalqlar orasida yillar davomida ijtimoiy, iqtisodiy aloqalar bo‘lgani singari ularning tillari orasida ham xuddi shunday munosabatlar bo‘lishi tabiiyligiga urg‘u bergan Behbudiy domla har qanday til qo‘shni tillardan so‘z olishi tabiiyligini aytadi: “Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘q”. Ammo uning meʼyorini bilish lozim. Behbudiy 1915-yili “Til masalasi” maqolasida arabchadan o‘zbek tiliga ko‘chgan so‘zlarning ko‘plik shaklini, deylik, “ulum, funun, ulamo, quzzo” tarzida emas, balki o‘zbek tili grammatikasiga mos ravishda “fanlar, ilmlar, olimlar, qozilar” shaklida yozish kerakligini taklif etadi. Fikr ifodasi uchun hamma vaqt yozma adabiy til bayoni tushunarli bo‘lishi lozim, deydi.

Shuningdek, maqolada o‘zbek tilining imlosi va adabiy meʼyorlari bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar xususida fikr yuritilgan. O‘sha davr lingvistik adabiyotlarida taʼkidlanishicha, fors va arab tillarini eng ko‘p qabul kilgan til usmonli turk tili bo‘lgan va unda bitilgan narsalarni faqat ziyoli kishigina tushuna olgan. Bu borada Behbudiy quyidagilarni yozadi: “Turklarning baʼzi toifasi forsiy va arabiyni u qadar ko‘p oldilarki, tillari turkiy, forsiy va arabiydan qo‘shulub, “usmonli tili” ataladi. Ushbu uch tilni adabiyot va qoidalaridan boxabar bo‘lmaguncha usmonli shevasinda yozmoq mumkin emasdur...”. Muallifning fikrlaridan shuni anglash mumkinki, adabiy til jonli xalq tilidan oziqlanishi, shu asosda boyib borishi barobarida aslo xalq tilidan uzoqlashmasligi zarur.

“Til masalasi” maqolasida kun tartibiga qo‘yilgan masalalardan yana biri adabiy tilni shakllantirish va taraqqiy ettirishdir. Maqolaning ikkinchi qismi aynan shunga bag‘ishlangan. Behbudiy kundalik matbuot nashrlari chop etilib, xalq orasida keng ommalashgan joyda adabiy til normalari muayyan meʼyorga kirayotganini taʼkidlaydi. Bundan tashqari, matbuot tilining rivoji xalq jonli tilidan ustun darajada ekanini uqtirib o‘tadi. Behbudiy matbuotga adabiy tilni shakllantirish vositasi sifatida qaraydi. “Til masalasi” maqolasida tilimizga boshqa tillardan o‘zlashgan so‘z va atamalarga munosabat ham aks etadi. Tilimiz leksikasida katta qatlamni tashkil etuvchi fors-arab o‘zlashmalarini yangilash, ularni o‘zbekchalashtirish masalasi XX asr boshlarida maʼrifatparvarlar tomonidan keskin bir tarzda kun tartibiga qo‘yilgan.

Bu masala atrofidagi bahs-munozaralarda Mahmudxo‘ja Behbudiy ham davrining ilg‘or maʼrifatparvari sifatida unga o‘z munosabatini bildirgan. Ko‘pchilik maʼrifatparvarlar o‘zlashmalardan voz kechish va ularni turkiycha so‘zlar bilan almashtirishni kun tartibiga qo‘ygan bir paytda Behbudiy bu sohada shoshma-shosharlik bilan hukm chiqarish yaramasligi, bunday o‘ta muhim, murakkab ishning amalga oshishi uchun yuz yillab vaqt kerakligini uqtiradi.

Xuddi shu maqolada asrlar davomida arab va fors so‘zlaridan foydalanib kelingan millat tili lug‘atidan ularning chiqarib tashlanishi yomon oqibatlarga olib kelishi taʼkidlanadi. Olim voz kechilgan so‘zlar o‘rnini boshqa bir hukmron til so‘zlari egallashi mumkinligidan ogohlantiradi. Oradan yigirma yillar o‘tib, Mahmudxo‘ja Behbudiyning bu bashorati o‘z isbotini topdi va ko‘p o‘tmay tilimizdagi fors va arab o‘zlashmalar o‘rnini ruscha so‘zlar egallay boshladi. Alloma bunday bo‘lishini oldindan ko‘ra bilgan va xalqimizni o‘z vaqtida ogohlantirgan edi: “Bir necha ming sanadan beri forsiy va arab tili va madaniyati va saltanati taʼsiri ostida qolgan turkiyni yana bir necha ming sanada bularni taʼsiridan chiqarmoq nari tursun, balki maʼnan va moddatan va fannan mahkum millatlarni tili bo‘lgan tilimizga taraqqiy etgan millatlarning lug‘atlari hujum qilur”. Shuning uchun ham bir til elementlaridan voz kechib, ikkinchi bir til elementlariga yo‘l ochib berish maqbul emasligi ko‘rsatib beriladi

Yuqoridagi dalillar Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z davrining yetuk tilshunoslaridan biri bo‘lganini to‘la isbotlaydi. Uning tilshunos sifatida xalq jonli tili va adabiy til munosabatlari, imlo, orfoepiya va orfografiya, punktuatsiya va etimologiya masalalari yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari hamon o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotmagan. Bilaks, yana-da keng ko‘lam kasb etmoqda, desak adashmagan bo‘lamiz.

Masalan, biroz avval taʼkidlaganimizdek, matbuot tili adabiy til rivojida muhim ahamiyatga ega ekani Behbudiy tomonidan bot-bot takrorlangan. Buni hozirgi jurnalistika sohasiga yangi tarmoq sifatida internet jurnalistikasi ham qo‘shilib, yana-da keng ko‘lam kasb etayotganida ko‘ramiz. Kundalik hayotimizda oddiy holga aylanib ulgurgan ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotimizni misol qilaylik. Bugun aksariyat yurtdoshlarimiz kitob, gazeta yoki jurnal o‘qimasligi mumkin, lekin ko‘pchiligimiz internet nashrlarini kuzatamiz, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlarimizni bayon qilamiz, kimlar bilandir yozishmalarni amalga oshiramiz. Bu borada “g‘” harfi o‘rniga “g”ni, “q” o‘rniga “k”ni, “o‘”ning o‘rniga “u” harfini qo‘llash yoki shevada yozish holatlari muhim jihat emasdek ko‘rinadi go‘yo. Lekin katta yo‘llar, chorrahalardagi tashqi reklamalar va hattoki ayrim yirik tashkilotlar peshtoqiga ilingan yozuvlardagi imloviy xatolar qayerdan paydo bo‘lyapti, deb o‘ylaysiz?! Internetda xato yozuvlarni o‘qiyverish kishi ongiga asta-sekin bu holatlarni meʼyordagidek muhrlay boshlaydi. Keyin esa o‘sha meʼyor tashkilot va korxonalarning ichki hujjatlariga ko‘chadi. Ularni esa internetning faol foydalanuvchilari bo‘lgan o‘sha zamondoshlarimiz yozadilar. Muayyan muddat ijro uchun foydalangan hujjatlarga ko‘z moslashib, adabiy til meʼyorlari buziladi. Ko‘chalardagi eʼlonlar, tashqi reklamalar, yo‘l ko‘rsatkichlar kabilarda til savodsizligi keng quloch yozib, yana-da ommalashib boraveradi

Ammo zarradek tuyulgan arzimas holatlarda ham ona tilimiz va kelajak avlod oldida masʼulligimizni unutmasak, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi qadri va qaddi aslo bukilmaydi.

 

Umida BOYZOQOVA,
Qurilish vazirining maslahatchisi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!


Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep
24.08.2020 4370