"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MUHTASHAM MINBARDAN YANGRAGAN TILIM

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida maʼruza qilishi haqidagi xabarni eshitgan onimizdan beri bu qutlug‘ kunni intiqib kutdik. “Til – birligimiz va borligimiz ramzi”, deya bejiz aytilmaydi. Ushbu nutq dunyoning turli davlatlarida yashayotgan o‘zbeklarni, O‘zbekistonga aloqador insonlarni maʼnan birlashtirdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu tarixiy hodisani nafaqat yurtdoshlarimiz balki xorijdagi xayrixoh do‘stlarimiz, tildoshu qondoshlarimiz ham behad quvonch bilan kutishdi. Xususan, Turkiyaning nufuzli “Jumhuriyat” gazetasining 21-sentyabr kungi sonida “O‘zbek tili BMTda” sarlavhali maqola chop qilindi. Xabarda “O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev BMTning yuksak minbaridan Navoiy tilida dunyo hamjamiyatini hamkorlik va birdamlikka daʼvat qiladi” deyiladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ham vatandoshlarimiz o‘z xursandchiligini muntazam bayon qilib borishdi. Ulardagi “mustaqil davlat fuqarosi ekanligimni chinakam his qildim”, “bir umr shu kunlarni kutgan edik, beadad shukr”, “bu kunlarni Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflar ko‘rishi kerak edi”, “bugun millatimiz uchun buyuk tarixiy kun, buning uchun avvalo yaratganga behisob shukrlar bo‘lsin. Yurtimiz va yurtboshimizni tangri yorlaqasin!”, “Prezidentimiz ona tilimiz qadrini ko‘klarga ko‘tardilar, Olloh ularni siylasin!” kabi shukronalik tuyg‘usi jo‘shib turgan jumlalarni o‘qib ko‘nglingiz huzurga to‘ladi. Haqiqatan ham bu nutq chuqur o‘ylanganligi, teran mazmuni, amaliy ahamiyati, yangi g‘oyalarga, tashabbuslarga boyligi va g‘oyat dolzarb muammolarni o‘zida ifoda etganligi bilan tarixiy nutq sifatida eʼtirof va ehtiromga munosib. Shuningdek, mustaqil O‘zbekiston tarixida Birlashgan Millatlar Tashkilotining muazzam minbaridan ona tilimizda nutq so‘zlagan ilk Prezident sifatida ham xalqimizning qalbidan joy olishi shubhasiz.

Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi rivojini taʼminlash borasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shunday jumla bor: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir.” Bu gaplarning isbotini yurtboshimizning nutqi ona tilimizda yangragan paytda har birimiz ich-ichimizdan his qilib turdik. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida Prezident farmoni bilan o‘zbek tilining mavqeyini tubdan oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanib, ularning ijrosi bo‘yicha muntazam ishlar olib borilmoqda. Bularning bari xalqimiz ardoqlagan qadriyatlarga davlatimiz tomonidan ustuvor siyosat darajasidagi eʼtiborning ifodasidir.

Shuni mamnuniyat bilan aytishimiz mumkinki, yurtboshimizning yuksak minbardan so‘zlagan nutqi xalqaro hamjamiyat ekspertlarining diqqat markazida bo‘ldi. Ular Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslarning mamlakat uchungina emas, mintaqa va dunyo hamjamiyati uchun ham dolzarb masalalar ekanligini alohida taʼkidlashdi.

Muhtaram yurtboshimiz o‘z nutqida quyidagi tashabbuslarni ilgari surdilar: Pandemiyalar davrida inson huquqlari, erkinliklari va farovonligini taʼminlashga qaratilgan global tizimni birgalikda yaratish uchun davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish;

Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro transport yo‘laklariga integratsiyasini taʼminlashni jadallashtirish uchun BMT shafeligidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining global antiterror strategiyasi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish;

2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forumni o‘tkazish;

Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish;

Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;

Qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazish va boshqalar.

Mazkur nutqda yoshlar muammolarini tizimli hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, mamlakatda gender tengligini taʼminlash strategiyasining ishlab chiqilganligi va bu boradagi ishlarning ildam davom ettirilayotganligi hamda yangi parlamentda ayol deputatlar sonining ortib borayotganligi va buning mamlakat taqdiri uchun behad muhim ekanligi taʼkidlandi.

Insonlar o‘z yurtida emin-erkin va baxtli yashashlari uchun, avvalo, o‘sha yurtning fuqarosi sifatida tan olinishi zarur. Busiz mamlakatdagi imtiyoz va huquqlardan foydalanishida bir qator mushkulliklarga duch kelishi tabiiy. O‘zbekistonda yashashiga qaramay fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha mamlakatimizda jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 50000 nafar fuqaroligi bo‘lmagan vatandoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi va pasporti taqdim qilinganligi buning amaliy natijasidir.

Bu fikrlar, albatta, Prezidentimizning nutqini tinglash jarayonida hosil bo‘lgan taassurotlardir. Bu nutq hali takror-takror o‘qiladi va unda ko‘tarilgan masalalar teran tahlil qilinadi, yangi-yangi xulosalar, saboqlar chiqariladi. Hozircha shuni katta mamnuniyat bilan aytishimiz mumkinki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining moʻtabar minbaridan o‘zbek tilida yangragan tarixiy nutq ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi va rivojini taʼminlashda tom maʼnoda yangi davrni boshlab berdi.

Maʼrufjon Yuldashev

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining

davlat tili bo‘yicha maslahatchisi,

filologiya fanlari doktori

24.09.2020 3472