"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Milliy o`zlik va mustaqil davlatchilik timsoli

Millat ruhiyatining yorqin timsoli va davlatchilikning eng muhim ramzlaridan biri tildir. Til – jamiyat tarixi va taraqqiyotini ko‘satuvchi, insoniy aloqa-munosabatlarni ta’minlovchi asosiy vosita. Shu boisdan ham, oxirgi paytlarda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash borasida bir qancha qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, muhim islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, aprel oyida qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat tilida ish yuritishni ta’minlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi, o‘tgan yaqin kunlarda Ichki ishlar vazirligi tashabbusligida normativ-huquqiy hujjatlar muhokamalari portaliga joylashtirilgan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqe-martabasini yuksaltirish borasida olib borilayotgan jiddiy izlanish va o‘zgarishlarning yaqqol namunasidir.

Binobarin, til – millat, jamiyat mulki. Shuning uchun u hamisha e’zoz va e’tiborga, yangilanish va rivojlanishga ehtiyoj sezadi. Qaysi tizim bo‘lmasin, shu sohaning barcha xodimlari, umuman olganda, mamlakatning har bir fuqarosi davlat tili me’yorlariga rioya etishga teng haqli va javobgar. Til umummiqyos ahamiyatga ega ekan, uning rivojlanishi ham yoki, aksincha, yo‘qolib ketishi ham, avvalo, shu tilda so‘zlovchi xalq qo‘lida. Shuning uchun ham millatparvar, tilshunoslar hamisha milliy tili taqdiriga qayg‘urib, uni saqlab qolish uchun jiddiy izlanish olib borishgan, taklif-tavsiyalarni ilgari surib kelishgan. Ayniqsa, jadid ma’rifatparvarlari bu borada yanada zalvorli islohotlarga qo‘l urishgan. O‘zbek tilida yangi usuldagi maktablar ochib, o‘zbek tili grammatikasi, adabiy me’yorlarini, lug‘at boyligi, amaliy ahamiyatini takomillashtirishga urinishgan. Bu borada Abdurauf Fitratning xizmatlarini alohida e’tirof etmoq joiz. Fitrat o‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davomida o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, leksik-grammatik xususiyatlari, ma’no tovlanishlari, lug‘at tarkibi xususida jiddiy tadqiqotlar olib boradi, turkiy til ustuvorligini nazariy-amaliy asoslashga harakat qiladi. Mutafakkir o‘zbek tili to‘g‘risidagi izlanish-kechinmalariga shunday xulosa qiladi: “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili ham xud turkchadir...

Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir, lekin bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir – yashar. Negakim, boydir... ”

Darhaqiqat, o‘zbek tili dunyodagi eng boy va qadimiy tillardan biridir. Rivojlanishning turli bosqichlarini mardonavor bosib o‘tayotgan o‘zbek tili o‘z tarixiy taraqqiyoti davomida jamiyat, millat, zamon bilan hamnafas yangilanib, o‘zgarib kelmoqda. Alisher Navoiyning mislsiz sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq asosiy muloqot vositasi, ijod tiliga aylangan turkiy til XX asr boshlarida ayanchli ahvolga kelib qolgani bois jadid ma’rifatparvarlari tomonidan himoyaga olindi. Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lponlarning millat tilini saqlab qolish va rivojlantirish borasida olib borgan tashabbus va tadqiqotlari, tashviqot va targ‘ibotlari natijasi sifatida bugun o‘zbek tili o‘zining milliy maqomini to‘la saqlagan holda huquqiy mustahkamlanib, ilmiy-amaliy jihatdan takomillashib bormoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrida qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli farmoni asosida mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish bo‘yicha tizimli va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida ham ushbu yo‘nalishda samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ijro apparati va tizim korxonalarida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning 1 aprelidan boshlab bosqichma-bosqich barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar, yig‘ilish bayonlari, o‘zaro yozishuvlar, tizim binolarida o‘rnatilgan tashqi yozuvlar, peshlavha, reklama va e’lonlar, ko‘rgazmali va boshqa axborot matnlari davlat tilida yozilishini ta’minlash va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qat’iy tartiblar joriy etildi. Ushbu ishlarni samarali tashkil etish va yuqori natijadorlikka erishish uchun “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi 27 ta ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarning zaruriy bilim va tajribaga ega bo‘lgan xodimlari davlat tilida ish yuritishni ta’minlash bo‘yicha mas’ul etib tayinlandi.

Shu o‘rinda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimida sohaga tegishli ko‘pgina manbalar chet tilida bo‘lgani bois hujjat yuritish ishlarining ma’lum qismi rus tilida olib borilganligini ham ta’kidlab o‘tmoq joiz. Ammo hozirgi kunda elektr-energetika sohasida 30 yil davomida deyarli rus tilida foydalanib kelingan mazkur manba va me’yoriy-huquqiy hujjatlarning, sohaga tegishli 177 ta atamaning o‘zbekona muqobillari, o‘zbek tilidagi tarjimalarini shakllantirish va tizimda davlat tilida ish yuritishni ta’minlash bo‘yicha ham jadal ishlar yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan bir qatorda, Jamiyatning markaziy va quyi tuzilmalari xodimlari, shuningdek, boshqa tillarda so‘zlashuvchi xodimlar uchun Jamiyat huzurida faoliyat yuritayotgan “O‘quvenergiyaqurilish” nodavlat ta’lim muassasasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan kelishilgan holda o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, xodimlarga davlat tili va alifbosini mukammal o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tizimda o‘zbek tili targ‘ibotini kuchaytirish yuzasidan zaruriy istiqbolli rejalar belgilandi.

Bu kabi amaliy faoliyatlar mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish, korxona va tashkilotlarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida ko‘lamli islohotlar olib borilayotganini ko‘rsatadi. O‘ylaymizki, milliy til ravnaqi yo‘lidagi bunday o‘zgarish va yangilanishlar har bir fuqaroning mas’ulligi, ijtimoiy faollik va daxldorligini oshiradi hamda o‘zbek tilining amaliy targ‘iboti, keng qo‘llanilishi va yanada yuksalishi uchun zamin yaratadi.



Surayyo Po`latova,

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati raisining

 maslahatchisi


13.06.2020 3227