"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

SHARAF VA IFTIXOR MANZILLARI

Ko‘p ming yillik tarixiy tajribalar ko‘rsatadiki, o‘z milliy-maʼnaviy qadriyatlariga tayangan, ularni avaylab-asragan va hayotiy faoliyatida keng qo‘llagan jamiyat rivojlanish yo‘lida og‘ishmay davom etadi, taraqqiyotning barcha pog‘onalarini mardonavor bosib o‘ta oladi. Bu jihatdan, O‘zbekiston xalqi ham o‘zining boy va barqaror amaliy yutuqlariga ega. Xususan, so‘nggi yillarda milliy anʼanalar, maʼnaviy meros, ayniqsa, davlat tilini keng targ‘ib etish va amalda qo‘llash borasida shu qadar keng qamrovli islohotlar olib borilmoqdaki, bu jarayonlarda davlatimiz rahbari eng faol tashabbuskor sifatida barchaga namuna bo‘layotganini alohida eʼtirof etish o‘rinlidir.

Yanada quvonchli jihatlardan biri shuki, Yurtboshimiz dunyoning eng yirik xalqaro tashkilotlari yig‘inlarida jahon minbaridan turib, o‘z fikrlarini, g‘oya va tashabbuslarini jonajon ona tilimizda bayon qilmoqda. O‘tgan 2020-yildagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida hamda kuni kecha bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ham Prezidentimiz yuksak minbardan turib, o‘zbek tilida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha kengash aʼzosi sifatida mazkur nufuzli anjumanda ilk bor qatnashayotgan bo‘lsa ham, davlatimiz rahbari barcha fikr-mulohaza va takliflarini o‘zbek tilida ifodalab, milliy davlatchiligimiz timsollariga hurmat va eʼtiborini yana bir bor keng jahon oynasidan namoyish qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sessiyadagi maʼruzasida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga daʼvat” tashabbusini ilgari surish uchun Kengash aʼzolari va barcha sheriklar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borishini taʼkidlab, yurtimizda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish hamda O‘zbekistonning Kengash doirasidagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida atroflicha tushuntirish berib o‘tdi. Mazkur yo‘nalishlar xalqimizning tub manfaatlarini himoya qilish, tinchlik va farovonlikni taʼminlash, insoniy qadr-qimmatni yuksaltirishga qaratilganligi bilan eʼtiborlidir.

Darhaqiqat, yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi islohotlarning dastlabki qatorida “insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash” masalasi muhim o‘rin tutmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi maqsadlar Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaga muvofiq ravishda hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik tamoyili asosida amalga oshirilib borilmoqda.

Shuningdek, yurtimizda olib borilayotgan “Gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar” hamda bugungi kunda “aholimizning yarmidan ko‘pini tashkil etayotgan yoshlar huquqlarini himoya qilish” masalalaridagi samarali islohotlar ham bu boradagi faoliyatning muhim ustuvor jihatlarini ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbari ushbu anjumandagi nutqida joriy yil O‘zbekistonda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinganiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi va “Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish; BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish; shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish masalasini kiritish” borasidagi taklif-tashabbuslarini ham ilgari surdi.

Mazkur nutq o‘z teran maʼno-mohiyati, ulug‘vor g‘oya va maqsadlari bilan anjuman ishtirokchilari hamda keng jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Shu jihatdan, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi maqomi va nufuzining ortishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Nafaqat xalqimiz, butun dunyodagi o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar, o‘zbek tilini sevuvchilar qalbiga so‘nmas faxr va ishonch baxsh etdi.

Darhaqiqat, insonning o‘z Vataniga muhabbat va sadoqati, avvalo, milliy-maʼnaviy qadriyatlariga hurmat va eʼtibori orqali kamolga yetadi. Vatanni, millatni sevish – uning azaliy insoniy qadriyatlari, davlatchilik timsollarini sevish va ardoqlash demakdir. Ayni jihatdan, davlatimiz rahbari butun xalqimizga munosib o‘rnak va chinakam rahnamo bo‘layotgani barchamiz uchun sharaflidir.

 

Surayyo Po‘latova,

“O‘zbekgidroenergo” AJ

 boshqaruvi raisining maslahatchisi

24.02.2021 2553