"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yozuv ham millat ko‘zgusi

Odatda, til –  millat ko‘zgusi deya eʼtirof etiladi. Taʼbir joiz bo‘lsa, yozuvni ham millat ko‘zgusi deb atash mumkin. Chunki zaminu zamonlar osha yashab kelayotgan tarix zarvaraqlari va toshbitiklar ham yozuvlar orqali bizga qadar yetib kelgan. O‘sha yozuvlarda xalqning, millatning necha-necha asrlardagi o‘tmish, kechmishlari mujassam. Shu nuqtayi nazardan nafaqat tilimiz, balki yozuvimizning ham qadr-qiymati, nufuzi va mavqeyi doimo eʼtibortalab vazifa bo‘lib qolaveradi. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ayni haqiqatdir.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 11-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori ham yozuv masalasiga ustuvor ahamiyat qaralatilayotganidan dalolat beradi. Mazkur qaror keyingi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Shu asosda so‘nggi paytlarda tez-tez muzokara maydoniga chiqib kelayotgan va ko‘plab bahslarni yuzaga keltirayotgan ikki yozuvning qo‘llanilish masalasi hal qilindi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan jarayonlar batafsil o‘z aksini topgan.

Garchi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi taʼlim muassasalarida, ayrim matbuot nashrlarida qo‘llanilayotgan bo‘lsada, aksariyat korxona tashkilot, muassasalarda hamon kirill alifbosida ish yuritilmoqda. Shuning uchun ikkita yozuvdan foydalanish holatlari uchramoqda. To‘g‘ri, buni bir xillashtirish oson kechmaydi. Ayniqsa, katta avlod vakillari bu borada biroz qiyinchilikka duch kelishi tabiiy. Yuqorida qayd etilgan qarorda ayni masala ham inobatga olingan. Yaʼni lotin alifbosiga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshirilib, unga rasmiy o‘tish yuzasidan maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi. Mustaqil o‘rganuvchilar hamda idoraviy mansubligiga qarab tashkilot, korxona va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning yangi alifbo, yangi imlo qoidalarini o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi uslubiy qo‘llanmalar, lug‘atlar chop etiladi. Kadrlarni mazkur alifboda ish yuritishga moslashtirish vazifasi ham bosqichma-bosqich olib boriladi. Jumladan, ularning malakasi oshiriladi, dasturiy mahsulotlar va sharoitlar yaratiladi. Qolaversa, markaziy, mahalliy bosma va elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, o‘zbek tilining yangi imlo qoidalari tasdiqlanadi. Mamlakatimizdagi joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlar to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yoziladi. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqiladi, qabul qilinadi va eʼlon qilinadi.

Yozishmalarni to‘liq lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek yozuvida tashkil etish chora-tadbirlari, ularning muddatlari, ayni jarayonda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish mexanizmlari ham qarorda qayd etilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, davlat tilini rivojlantirish, yozma va og‘zaki nuqt madaniyatini takomillashtirish o‘zini shu yurt istiqboli uchun daxldor deb bilgan har bir kishi zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Holbuki, yozuv borasidagi savodxonlik darajasi ham millatning o‘zligini aks ettiradigan ko‘zgudir.

 

Hidoyat JO‘RAYEVA,

“Dori-Darmon” AK

Boshqaruv raisining maslahatchisi

01.03.2021 2723