"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishning zamonaviy metodikasi: integratsiya, metodologiya va amaliyot

Bugungi kunga kelib o‘zbek tilining mavqeyini yangi bosqichga olib chiqish, tilni o‘qitishda ilg‘or va zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘qitish dasturi, standartlari va darsliklarni yaratishga bo‘lgan yondashuv ham o‘zgarmoqda.

Umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida o‘zbek tili hamda ona tili va adabiyot fanini o‘qitishda zamonaviy va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, xususan, xalqaro tajribalarga asoslangan kompetensiyaviy yondashuvlarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib “O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishning zamonaviy metodikasi: integratsiya, metodologiya va amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya poytaxtimizdagi Shayxontohur tumanining 102-sonli umumtaʼlim maktabida o‘tkazildi.


Xalq taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev:

– Milliy o‘quv dasturi loyihasi doirasida bugungi davr talabidan kelib chiqqan holda ona tili va adabiyot hamda o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitishning zamonaviy metodikasini yaratish borasida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, milliy pedagogikamizdagi o‘ziga xos nazariy-metodik qarashlar, respublikamiz yetakchi olimlarining ilmiy izlanishlari va xulosalari, fidoyi o‘qituvchilarimizning yillar davomida erishgan ijobiy natijalari, shuningdek, taʼlimi rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasidan kelib chiqqan holda o‘zimizning zamonaviy milliy metodikamiz yaratilmoqda.

Takomillashayotgan metodikada u xoh ona tili bo‘lsin, xoh o‘zbek tili (davlat tili), xoh chet til bo‘lsin, bugungi kun o‘quvchisi egallashi lozim bo‘lgan tinglab tushunish, o‘qish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga maqsadli ravishda eʼtibor qaratilmoqda. Pirovard maqsadimiz yoshlarimizga jahon standartlariga hamohang sifatli taʼlim berish, rivojlangan davlatlardagi yoshlar bilan har qanday sohada raqobatlasha oladigan, keng dunyoqarash, chuqur bilim, amaliy ko‘nikma hamda malakalarni egallagan, hayotda aniq maqsadlar bilan yashaydigan, ijtimoiy hayotga dadil kirib bora oladigan komil insonlarni kamol toptirishdan iboratdir.


Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor  Qirg‘izboyev:

– Hurmatli maʼrifat fidoyilari, qadrli ustozlar! Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, ona tilimiz rivoji va taraqqiyoti yo‘lidagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanada so‘zlagan maʼruzasida: “Milliy davlatchiligimiz va o‘zligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish bu borada eng muhim yo‘nalish bo‘lib qoladi. Xudo xohlasa, bu yil 21-oktabr  – O‘zbek tili bayrami kunini butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlaymiz” deb ta'kidlagan edi. Darhaqiqat, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunini butun mamlakatimizda “Qadring baland bo‘lsin ona tilim!” mavzusida keng miqyosda nishonladik. Mazkur bayram munosabati bilan Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi taʼlim muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbek tili bo‘yicha eng yaxshi videodars” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etdingiz. Tanlov g‘oliblari ekspertlar tomonidan aniqlanib  O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Bu yilgi O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ham o‘qituvchilarining o‘zbek tilini ona tili va davlat tili sifatida o‘qitilishi bo‘yicha ilg‘or pedagogik faoliyatlarini keng targ‘ib etish bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar tashkil etishni rejalashtirganmiz. 

So‘nggi yillarda Respublikamizda davlat tilining nufuzini oshirishga qaratilayotgan eʼtibor, qabul qilinayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘z vaqtida yetkazib borish, ularga inson maʼnaviy dunyoqarashining yuksalishida ona tilining o‘rni va so‘z boyligining ahamiyatini shaxsiy namuna ko‘rsatgan holda singdirib borish, globallashuv davrida o‘quvchilarimizda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishdek o‘ta masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirishda sizdek jonkuyar, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan qadrli o‘qituvchilarga suyanamiz. Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti siz tomoningizdan ishlab chiqilgan yangi o‘quv va metodik adabiyotlarni kutib qoladi. Bu borada tajribalaringizni ommalashtirish, nashr etish borasida hamkorlikka tayyor ekanligimizni maʼlum qilaman.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Xalq taʼlimi vazirligi va Respublika taʼlim markazi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro konferensiya ishida respublikamizda faoliyat yuritayotgan yetakchi soha mutaxassislari, amaliyotchi o‘qituvchi va metodistlar, YUNISEFning taʼlim bo‘yicha xalqaro eksperti – Syuzan Lannutssi va Xalqaro rivojlanish bo‘yicha maslahatchi, o‘qituvchi-trener – Robert Lengacher ham ishtirok etdi.

Konferensiya ishi quyidagi  3 ta shoʻbada tashkil etildi:

“Ona tilini o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar”;

“Adabiyotni o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar”;

“O‘zbek tilini o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar”.

Shoʻbalardagi jarayonlar “Zoom” platformasi orqali onlayn rejimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq taʼlimi bo‘limlarining o‘zbek tili va adabiyoti metodistlari va fan o‘qituvchilariga havola qilindi.

O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni o‘qituvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida maqolalar tanlovi eʼlon qilingan edi. Tanlovga 100 ga yaqin maqola kelib tushgan bo‘lib, 59 tasi adabiyot, 32 tasi ona tili va 9 tasi o‘zbek tili faniga oid. Eng yaxshi deb topilgan maqola mualliflari konferensiya davomida Diplom va noutbuk bilan taqdirlandilar.


N.Mamaraimova,

Xalq taʼlimi vazirining maslahatchisi

24.05.2021 2837