"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ISH QOG‘OZLARI BILAN ISHLASHDA IMLO QOIDALARIGA E’TIBOR!

Kishi o‘z fikrini aniq va ravon ifodalashi uchun tildagi uslublardan ham xabardor bo‘lishi, kundalik so‘zlashuv tilidan tashqari rasmiy - ish yuritish tilini ham bilishi kerak. Shuning uchun ham "Davlat tili haqida"gi Qonunning 8-14-moddalarida ish yuritishning tilga aloqador jihatlari qoidalashtirilgan.

Ish yuritish jarayonida eng ko‘p ishlatiladigan ariza, bayonnoma, dalolatnoma, ishonchnoma, ma’lumotnoma, tavsifnoma, tavsiyanoma, taklifnoma, tarjimayi hol, tushuntirish xati, e’lon, hisobot kabi ish qog‘ozlari ma’lumot-axborot hujjatlari sifatida umumlashtiriladi.

Yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi:

1) baland, Samarqand, poyezd; do‘st, past, artist, g‘isht kabi so‘zlarda d, t tovushi ba’zan aytilmasa ham, yoziladi;

2) metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi o‘zlashma so‘zlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday so‘zga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qo‘shilsa, so‘z oxiridagi bir harf yozilmaydi:

’ — tutuq belgisi:

1) a’lo, ba’zan, ma’yus, ta’zim; ra’y, ta’b; e’lon, e’tibor, e’tiqod, me’mor, ne’mat, she’r, fe’l; Nu’mon, shu’la kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan keyin shu unli tovushning cho‘ziqroq aytilishini ifodalash uchun qo‘yiladi; mo‘jiza, mo‘tadil, mo‘tabar kabi so‘zlarda o‘ unlisi cho‘ziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qo‘yilmaydi;

2) in’om, san’at, qat’iy, mas’ul kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan oldin shu unli oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qo‘yiladi.

Qo‘shib yozish

Xona, nota, poya, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab kabi so‘zlar yordamida yasalgan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi: qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat, orombaxsh, kamquvvat, bug‘doyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, suvtalab kabi.

Chiziqcha bilan yozish

Juft so‘z va takror so‘z qismlari chiziqcha bilan yoziladi: el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-to‘rt, o‘n-o‘n beshta (10-15 ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, o‘ylab-netib, so‘ramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, qop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-bitta (bitta-bittalab), baland-baland, chopa-chopa, ishlay-ishlay, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.

Tartib son arab raqamlari bilan yozilsa, -nchi qo‘shimchasi o‘rniga chiziqcha (-) qo‘yiladi: 7-sinf, 5-“A” sinfi, 3-, 7-, 8-sinf o‘quvchilari, 60-yillar, 1991-yilning 1-sentabri kabi. Tartib sonni ko‘rsatuvchi rim raqamlaridan keyin chiziqcha yozilmaydi: XX asr, X sinf kabi.

Ajratib yozish

Qo‘shma fe’lning qismlari ajratib yoziladi: sarf qil, ta’sir et, tamom bo‘l, sotib ol, olib kel, olib chiq, miq etma kabi.

Bosh harflar imlosi

Kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Dilbar, O‘rinova, Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat o‘g‘li, Hamza Hakimzoda, Muhammadsharif So‘fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat; Yelpig‘ichxon, Salomjon Alikov kabi.

Joy nomlari Bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyo‘l (shaharlar), Naymancha, Buloqboshi (qishloqlar), Bodomzor, Chig‘atoy (mahallalar), Zavraq (dara), Yarqoq (yaylov), Qoratog‘, Pomir (tog‘lar), Oqtepa, Uchtepa (tepalar), Zarafshon, Sirdaryo (daryolar), Yoyilma (kanal); Turkiya, Hindiston (mamlakatlar) kabi. Bunday atoqli ot tarkibidagi sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi.

Madaniy-maishiy va savdo korxonalariga, adabiyot va san’at asarlariga, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, transport vositalari, sport inshootlariga qo‘yilgan nomlar bosh harf bilan boshlanadi: “Tong” (mehmonxona), “Saodat” (firma), “Navro‘z” (xayriya jamg‘armasi), “Kamalak” (matbaa birlashmasi), “G‘uncha” (bog‘cha), “Botanika” (sanatoriy), “Paxtakor” (stadion), “Qutlug‘ qon” (roman), “Dilorom” (opera), “Tanovar” (kuy), “Ozodlik” (haykal), “Jasorat” (yodgorlik), “Sino” (sovutgich) kabi.

Muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navro‘z bayrami kabi.

Davlatlarning, davlat oliy tashkilotlari va mansablarining, xalqaro tashkilotlarning nomidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashi kabi.

Boshqa tarkibli nomlarda oliy mansabni bildiruvchi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: Bosh vazirning o‘rinbosari, Mudofaa vaziri, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi kabi.

Vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tilshunoslik instituti kabi.

Davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: “O‘zbekiston Qahramoni” (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa mukofotlar, faxriy unvonlar, nishonlar nomidagi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: “Sog‘lom avlod uchun” (orden), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa a’lochisi” (nishon) kabi.

 

Yusuf NASULLAYEV,

Vobkent tumani hokimining maslahatchisi

01.06.2021 4220