"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘Z TILINI YO‘QOTGAN HAR QANDAY MILLAT O‘ZLIGIDAN JUDO BO‘LISHI MUQARRAR!

Bugungi globallashuv davrida hech bir davlat hamkorlik o‘rnatmasdan turib, yopiq holda o‘zi alohida rivojlanishining imkoni yo‘q. Dunyodagi (интеграция) turli mamlakatlar yagona iqtisodiy siyosat asosida iqtisodiy hayoti o‘zaro bog‘langan holda rivojlanishi jarayonida (гегемон) yetakchi davlatlarning mahsulot va xizmat turlari nomlari bilan ularning tillari ham boshqa davlatlarga kirib bormoqda. Eng achinarlisi, iqtisodiy hamkorlik ma’naviyatga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Oqibatda millatning ruhi hisoblangan milliy tilida xalqaro atama sifatida qo‘llaniladigan ajnabiy tildagi so‘zlar ulushi ortib bormoqda. Agarda hozirdan millat taqdiri – til taqdiri uchun kurashmasak jimjimador ko‘rinishga burkangan, yengil yashashni targ‘ib qiluvchi, o‘zligiga befarq bo‘lishga undovchi “ommaviy madaniyat” ta’sirida bugungi davr adabiyotimizni ertaga avlodimiz tarjimon yordamida o‘qishi ham ajab emas. Chunki, necha ming asrlardan buyon millatni millat, elatni elat sifatida ajratib turgan milliy madaniyatimizni “ommaviy madaniyat” yutib yuborish xavfi turibdi. Shu sababli ham xalqi o‘zining asriy tarixiga, madaniy merosiga, milliy qadriyati va tiliga ega bo‘lgan davlatlar o‘zligini saqlab qolish uchun qayg‘urishmoqda. Bugun bizning oldimizda davlat tili – o‘zbek tilini sof holda asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazishdek ulkan vazifa turibdi. Bu har birimizning avlodlar oldidagi qarzimiz, davlat oldidagi fuqarolik burchimizdir. Asrlar osha ehtiyoj sezilmagan qonun, farmon va qarorlarni qabul qilish orqali o‘z tilimizni nafaqat tashqaridagi tahdidlardan, eng ajablanarlisi o‘zimiz bilan birga yashayotgan ayrim vatandoshlarimizdan, o‘zbek millati vakillaridan ham himoya qilishga majbur bo‘lyapmiz. Bunga misol sifatida tashqi reklama va boshqa axborot matnlarining ajnabiy tillarda yoki o‘zbek tilida aralashtirib, imlo va uslubiy xatoliklar bilan o‘rnatilgan yozuvlarni o‘rganish yuzasidan olib borilgan ishlardagi murosasiz holatlarni keltirish mumkin. Bunday holatlarga guvoh bo‘lgan, yuragida Vataniga hurmati va muhabbati bo‘lgan har qanday g‘ururli fuqaro befarq qarolmaydi.

Mamlakatimizda 130 dan ortiq turli millat va elatlar yashasada, ularning tillariga ham hurmat bilan munosabatda bo‘lish, rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, milliy birlik ko‘pchilikni tashkil qilgan hududlarda majburiy ta’limni o‘zlarining tillarida olishlari uchun barcha imkoniyatlar berilganligi hamda qonuniy mustahkamlab qo‘yilganligi davlatimiz tomonidan tolerantlik, bag‘rikenglik tamoyillari asosida siyosat olib borilayotganidan dalolatdir.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tili – O‘zbek tilidir. Bizga boshqa rasmiy tilning keragi yo‘q! Bu fikrimni buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Til birligining foydalari juda yaxshi ma'lum. Zero, til birligi do‘stlik, muhabbat, bir-biriga yordam va jipslashuvning asosidir” deb yozib qoldirgan hikmatli so‘zlari bilan asoslash mumkin. Darhaqiqat, mamlakatimizda millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar xalqni yagona davlatning yagona bayrog‘i, gerbi, qonunchiligi, o‘zbek tilida yangraydigan madhiyasi birlashtirib turganidek, rasmiy tili ham yagona bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir fuqaroning davlat tilida nutq so‘zlay olishi, rasmiy hujjatlarni yurita bilishi, kitoblar o‘qishi tug‘ilib o‘sgan, yashab turgan Vataniga nisbatan hurmati va muhabbatining belgisidir.

Shu o‘rinda bugungi davr davlat xizmatchilariga qo‘yiladigan eng muhim talablarga ham alohida to‘xtalib o‘tsak. O‘zbek hujjatchiligini shakllantirish va takomillashtirishdagi eng asosiy va dolzarb masalalardan biri hujjatlarning tili va uslubi masalasidir. Hujjat tayyorlash va rasmiylashtirishda, eng avvalo, o‘zbek tilining barcha asosiy qonuniyatlari va qoidalarini ma’lum darajada o‘zlashtirish zarur.

Har bir rahbar, boshqaruv muassasalarining xodimlari, umuman, faoliyati ish qog‘ozlarini tuzish bilan bog‘liq kishi o‘zbek tilining imlosini, tinish belgilari va uslubiy qoidalarini egallagan bo‘lishi kerak. Busiz bugungi taraqqiyotimiz talablariga javob beradigan aniq, lo‘nda va teran mantiqli hujjatchilikni yaratib bo‘lmaydi. Hisob-kitoblarga qaraganda, boshqaruv sohasidagi xizmatchilar o‘z ish vaqtlarining 80 foizgacha qismini hujjatlashtirish ishiga sarflar ekan. Mazkur xodimlar o‘zbek tili qonuniyatlaridan yaxshi xabardor bo‘lmasa, ish vaqtlarining butun 100 foizini bu ishga sarflaganlarida ham ijobiy natijaga erishish qiyin. Shu sababli ham bugun davlat xizmatchilari va aholi uchun davlat tili va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qoida va qonuniyatlarini o‘rgatadigan o‘quv kurslari tashkil qilingan.   

Dunyo statistikasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Yer yuzida 7174 ta til bo‘lib, har ikki haftada bitta til o‘lik tilga aylanadi. Agar biror tilni o‘sha til vakillari farzandlarining 70 foizi o‘rganayotgan bo‘lsa, bu til o‘lib borayotgan til hisoblanar ekan. Xo‘sh, har birimiz o‘zimizga savol berib ko‘raylik. Bugun bizning avlodimizning necha foizi sof o‘zbek tilida so‘zlashishmoqda. Ajdodlarimiz so‘zlashgan til bugun davlatimizning rasmiy tili ekan, ertaga avlod tili ham bo‘lib qolishi uchun o‘z oldimizga qanday vazifalarni qo‘yishimiz darkor? Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev til taqdiri uchun qayg‘urib, “Ona tilimiz milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir” deb bildirgan fikrlari til bo‘yicha mas’ullarning barchasiga til himoyasi uchun kurash kasb ishi emas, barcha-barchamizga vijdon ishi sifatida mas’uliyat yuklaydi.


H.Isroilova,

Sharof Rashidov tumani hokimining maslahatchisi

05.08.2021 2233