"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Harfimiz dumlimi yoki... balki u yersiz qolgandir, ersiz emas

Xalqimizda o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, -degan naql bor. Albatta bu suyaksiz tilni bo‘sh qo‘ysang, u nimalar demaydi. Shuning uchun keksalar tilga emas, aqlga ishora qilginda bolam, deyishadi.

Ammo keyingi vaqtda ayrim kishilarning “Mening ham fikrim bor”, qabilida ish tutib, taklif bahonasida xalq mulkiga daxldor, ming yillik sinovlardan o‘tgan tilimiz, alifbomiz haqida bo‘lar-bo‘lmas takliflarni o‘rtaga tashlashayotgani kishini ajablantiradi, chuqur o‘yga toldiradi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda h harfi bilan x harfini (ularning tilida yumshoq h va qattiq x ni) bitta harfga aylantirish taklifini bildirishdi. Avval bu harflarni farqlab olinglar baraka topgurlar, deging keladi. Ular qattiq yoki yumshoq harflar emas, undosh harflar. Biri xayr so‘zida ishlatiladigan x harfi va ikkinchisi hayo so‘zida qo‘llaydiganimiz h harfi. Ular so‘zlashayotganda qattiq va yumshoq talaffuz qilinadi xolos.

Bir zamonlar q harfining dumini kesib tashlash haqida bo‘lgan bahslar haqida shunday gaplar yurardi. Shu fikrni taklif qilganlarga siz avtobusga chiqdingiz. Uning tiqilinchligi sabab  siqilganingizdan tushib ketdingiz. Ana endi bu holatni dumi qirqilgan q bilan aytinglarchi deganida, “dumlarini qisib qolishgan ekan”,-deb eshitganmiz.

Hozirgi taklif bo‘yicha ularga savol beramiz:

Aytinglarchi ix-ix bilan ih-ihni, ux-ux bilan uh-uhni va oh -oh bilan ox-oxning qanday farqi bor?

Albatta hammasini x da, yoki biri dumli, boshqasi dumsizda deyishingiz tabiiy.

Lekin, eshakka o‘tirib ix, ix desangiz u yuradi, ih, ih desangiz eshak kulolmaydiyu, lekin eshitgan odamlar kuladi. Nima bo‘ldi aka, biron joyingiz og‘rimayaptimi, deyishi ham mumkin. Nahotki ih, ih, ih deb ingrangan kasallarning ovozini eshitmagan bo‘lsangizlar.

Bunday ih, ihlashdan hatto eshak ham sekinlaydi. Eshak ovozni farqlaydiyu, nahot odam farqlamasa.

Yoki ux, uxni va uh-uhni olaylik. Ux degani hayratni, uh degani esa charchoqni bildiradi.

Xuddi shular qatori oh bilan oxning ham farqi katta.

Oh-oh na sanam buncha go‘zal san-na ajoyib.(qo‘shiq matnidan)

Oh-oh buncha shirin degan maqtovga yo‘g‘rilgan taʼriflarimizchi?.

Yoki o-o-oh, vo-o-oh deb og‘riqdan qattiq ingranib azoblanganimizni bildirishimizchi.

Ox-ox esa butunlay boshqa. Ox-ox bu kakirmoq. Kattiq tuflashni anglatadi. O-o-ox tuf. O-o-oh tufmas.

Xol bilan holni oling. Xol bu kishi yuzidagi yoki tanasidagi xollar. Xoli ko‘p odamni Xolbobo yoki Xolmat deymiz.

Hol esa holimiz, holatimiz, yaʼni ahvolimizni bildiradi. Falonchining mazasi yo‘qroq ekan, hol-ahvol so‘radingmi, yaxshi bo‘lib qolibdimi, -deb bir-birimizdan hol so‘raymiz.

Xola bilan xohlani olaylik. Xola desak xolamiz qaraydi. Xohla uni ol, xohla bun ol yozilishda shunday bo‘lsa-da aytilishda  hola uni ol. Hola buni ol deb eshitiladi.Bu tanla degan maʼnoni anglatadi.

Xurofot so‘zini olaylik. Bu bilimsizlik, qoloqlik, bidʼat, zalolat maʼnolarini beradi. Endi uni hurofot deb yozsak, so‘zni farqlovchilar xatoligini darrov anglaydi. Ammo bu so‘z o‘qib eshittirilganda eshitgan kishi “Nima balo hurlik qachondan buyon ofat bo‘lib qoldi” deb o‘qiyotgan kishidan xafa bo‘lishi tayin.

Agar gapni “Holiga voy bo‘ldi” desak, bu kimningdir ahvoli yomonlashganini anglatadi. Xoliga voy bo‘ldi desakchi, qanday qilib degan savol tug‘iladi. Yuzidagi xoli qanday voy bo‘lishi mumkin.

O‘t bilan o‘ynashmoq xavfli, degan gap ular aytmoqchi yumshoq h bilan yozilsa, o‘t bilan o‘ynashmoq havfli bo‘ladi. Bora bora avfli bo‘lib qolishi hech gapmas.

Balki keyinchalik bundaylar “ye” harfi bilan “e” harflariniyam bitta qilish taklifi bilan chiqishar. Agar mabodo shunday bo‘lsa, u yersiz qoldi, bu esa ersiz qoldi, nima farqi bor deyishsayam ajablanmasa bo‘ladi.

Xullas arablar s va z harflarining 3-4 tadan, kavkazliklar q harfining 5-6 tadan shaklarini farqlaganda, biz x va h ni farqlay olmasak uyat bo‘larov. Yoki xitoylikr 20 mingdan ortiq iyeroglifni yodlashni eplaganda bular nima degan gap, aziz va hurmatli yurtdoshlar, millatdoshlar. Axir bizning tilimizdan oson, qulay, chiroyli va go‘zal tilni qayerdan topasiz.

Tilimizni asraylik avaylaylik. 4-5 ta “dumli” yoki “dumsiz”ni deb, o‘zimiz ham dumbulga aylanib qolmaylik.

Shuhrat Ro‘ziyev,

Mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash vazirining maslahatchisi


"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

09.09.2021 2089