"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Maʼrifatparvarlar dil isyoniga – joʻr boʻlgan, tabarruk, turkona tilim!

 

Behbudiy  jo  aylab seni joniga,

Avloniy  belandi alvon qoniga,

Munavvarqorilar  dil isyoniga –

Jo‘r bo‘lgan tabarruk turkona tilim.

Zikrilla Nemat

 

Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini keng miqyosda nishonladik. Bayram arafasi, albatta, biz uchun benazir boʻlgan maʼrifatparvar jadid ziyolilarimiz ruhi-poklarini xotirlab, Qurʼon tilovat qilamiz. Bugungi ozod, obod Vatanimiz, tinch va farovon hayotimiz ana shu ulugʻlarimiz saʼy-harakati, isteʼdodi, kurashi, fidoyiligi evaziga ham bunyod boʻlgan desak, mubolagʻa boʻlmas.

Tarixdan ayonki, Chor imperiyasi davrida, mustabid sovet tuzumi sharoitida millatimiz erki, maʼrifati, tili, dini, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlaridan, muxtasar aytganda, oʻzligidan mahrum qilish hisobiga oʻziga mute qilish siyosatini olib borganlar. Xususan, Chorizm mustamlakachilik siyosatini Sharqda qon va qilich bilan joriy qilgan generallardan biri Mixail Skobelev “Millatni yoʻq qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, tilini, sanʼatini yoʻq qilsang bas, tez orada oʻzi tanazzulga uchraydi”, deb “bashorat” qilgan edi. Afsuski, uning ana shu “dono” koʻrsatmasi Turkistondagi maʼnaviyat, maʼrifat va madaniyatga nisbatan amalga oshirilgan jaholat va yovuzliklar uchun dasturulamal boʻlib xizmat qildi. Maʼrifatparvarlar odatda davr uchun, jamiyatning, mamlakatning, xalqning buguni va kelajagi uchun muhim gʻoyalarni ilgari suradilar, shu gʻoyalarni amalga oshirish uchun kurash olib boradilar. Oʻz yurtida boʻlayotgan bunday qabihlik va inqirozga jimgina qarab turolmagan jadid ziyolilarimiz jaholatga qarshi maʼrifat ila kurashishni oliy maqsad deb bilganlar. Oʻz harakatlarini jadidchilik yoʻnalishida davom ettirganlar. Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari Turkistonni oʻrta asrchilik, feodal qoloqlik, xurofotlardan ozod qilish, eskicha dunyoqarashdan voz kechib, yangicha – zamonaviy fikrlashni joriy etish orqali oʻlkani, xalqni, millatni taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, konstitutsion, parlament va prezident idora etadigan ozod va farovon jamiyat qurish, turkiy tilga davlat tili maqomini berish, milliy qoʻshin tuzish va boshqalardan iborat. Maqolada jadid ziyolilarimizning til masalasiga boʻlgan munosabatlari haqida toʻxtalmoqchimiz.

Xalqning hurriyatini, maʼrifatini, oʻz ona tilini ulugʻlagan, targʻib, tashviq qilgan jadidchilik harakatining vakillari “millatchi” deya qatagʻon qilindilar. 

Jadidchilik gʻoyalarini uning yorqin vakillaridan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Usmon Nosir, Soʻfizoda, Tavallo, Isʼhoqxon Ibrat kabi koʻplab maʼrifatparvarlar gʻoyat ogʻir sharoitlarda targʻib etishga harakat qilganlar.

Jadidchilik harakatining yetakchilaridan Mahmudxoʻja Behbudiy 1915-yilda “Oyina” jurnalining 11-12-sonlarida “Til masalasi” nomli yirik maqolasini chop ettirdi.  Maqolada turkiy tillar oilasiga mansub lahjalar, shevalar, imlo, ularning boyish manbayi, turkiy tilning sof(tabiiy)ligini saqlash shartlari, arab va fors tillaridan oʻzlashgan soʻzlarni turkiy tildan chiqarib yuborib, ularning turkiydagi muqobili bilan almashtirish oqibatlari, shuningdek, oʻz qarashlari bilan xulosalaydi. Chunonchi, unda “Toshkand, Hoʻqand va boshqa minglar ila jugʻrofiyoviy ismlarni rajoli tarixiya va yoinki tarixiy voqealarni mahalliy va mashhur odamlari va oy ham yili, kuni va …larigʻacha tagʻyir berib, turkiy ismlar toqib, alargʻa, yangi lugʻatlar tayyorlab, yangidan tadvin etmoq lozim kelur. Va oʻshal holdagina turk tilini arabiy va forsiy lugʻatlardan ajratib boʻlurki, munga hama ishni qoʻyub, hamma birdan harakat etsa, ehtimolki, bir necha yuz sanalarda xayolan zoʻrgʻa voqeʼ boʻlsa. Holbuki, bul, ijrosi mumkin emas quruq xayoli fosid-ginadur”, deydi. Yaʼni barcha ishni tashlab qoʻyib, koʻpchilikning harakati bilan oʻlkada joylashgan geografik joy nomlari, tarixiy voqealar, mahalliy va mashhur kishilar, tarixiy sanalar va ...larni faqat turkiy tildagisi bilan tahrir qilib, yangi lugʻatlar yaratib, kitob shaklida chiqarish va isteʼmolga kiritilsagina turk tilini arab va forsiy tillardan ajratish bir necha yuz sana (oy, yil, asr)da mumkin boʻlar. Holbuki, bu ishni amalga oshirishning imkoni yoʻq, quruq xayol ekanligini taʼkidlaydi. Xulosa oʻrnida faqat turkiy tilda soʻzlab va yozmoqning iloji yoʻqligi, imkon qadar ularning turkiy tildagi muqobili bilan yozishni, ilmiy, texnik kitoblarni koʻproq oʻqishga gʻayrat etishimizni, kelasi zamon uchun hozirlanishni tavsiya etadi. Ona tilini asramoq uchun avval onalarni ilmli qilish, ularga til oʻrgatish zarur, deb hisoblaydi.

Abdurauf Fitrat oʻzbek, yaʼni turkiy tilining chin targʻibotchisidir. U 1918-yil Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda dastlabki ona tili darsligini yaratadi. Shuningdek, matbuot sahifalarida ham oʻzbek tili targʻibotiga bagʻishlangan maqolalari bilan chiqishlar qilib boradi. Orada Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarini oʻrganib chiqib, nashrga tayyorlaydi.

Fitrat “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 12-iyundagi 32-sonida “Tilimiz” deb nomlangan oʻta qiziqarli maqolani chop ettiradi. Unda eng boy, shu bilan birga baxtsiz til haqida mushohada yuritadi. Xususan, maqola “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, soʻzning toʻgʻrisi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yonahoʻl (yana shu) turkchadir. Boylarning baxtsizligi sovet hukumati chogʻinda boʻlgʻon bir ishdir, bundan burun baxtli edilar deganlar tilimizning holini bilmasdan gapirarlar”, deya boshlanadi. Turk tilining nima uchun boyligini oddiygina Alisher Navoiy ijodida qoʻllangan turkcha soʻzlar bilan isbotlashga harakat qiladi: “Bu soʻz bukun emas, necha yuz yil burun oʻrga chiqmish, deya Navoiyning kitobi turkchaning boyligini ochibgina bildira olmasa ham, turkchada soʻz koʻpligini yaxshi biladir. Navoiy yolgʻiz yigʻlamoqning turlarini koʻrsataturgʻon turkcha soʻzlarning shunchasini yozadir: Ingramoq, singramoq, ingichqirmoq, yigʻlamoq, yigʻlamsinmoq, oʻkirmoq, siqtamoq”.

Darhaqiqat, olimlarning tahliliy maʼlumotlariga koʻra, Pushkin oʻz asarlarida 21197 ta betakror soʻz ishlatgan, Shekspir salkam 20 mingta, Servantes mingtaga yaqin, Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming 660 ta betakror soʻz ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkiy emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, moʻgʻul va boshqa tillardagi soʻzlardan ham mahorat bilan foydalangan.

Turkiy tilning baxtsizligini quyidagi mushohadalari bilan izohlashga harakat qiladi: “Dunyoning eng boy tili bo‘lg‘on turkchamiz yolg‘uz arabcha qumruqlar (zug‘um) bilan emas, forsicha tepkilari bilan dahi ezilmishdir. Ko‘zlarimizni to‘rt ochib qaraylik, dunyoning eng buyuk hakimi bo‘lg‘on Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atolg‘on Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirgizib kelgan Javhariy turkdir. Vahdati vujud falsafasining imomlaridan o‘lgan Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotning payg‘ambarlaridan bo‘lgan Nizomiy dahi turkdir. Shu yerda otlari yozilg‘on kimsalarda yolg‘uz turk ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan erurlar. Ikki turk ulusi bunlarning asarlarindan osnilonolmay (ajralmoq) qolmish, balki o‘zlarini ham yaxshigina taniyolmay qolmishdir. Bunlari o‘z biliklarini turkcha yozsalar edi, bukun turk ulusining holi ehtimolki boshqa turli bo‘lar edi. Baxtsizlik bundanda ortiq bo‘lurmikan?! Turk o‘g‘li turk bo‘lg‘on Mahmud G‘aznaviy Firdavsiyni chaqirib, turk ezilishini ko‘rsatgan «Shohnoma»ni yozdursun, deya har yo‘liga bir oltun bersun. Shu baxtsizlikdirki, turk o‘g‘li bo‘lg‘on usmonli hoqonlariga o‘z tuyg‘ularini forsicha she’r bilan so‘ylatmishdir”.

Achinarlisi shundaki, birinchi Renessansni boshlab bergan ulug‘larimiz asli-nasli turk bo‘la turib, turli sabablar tufayli o‘z tilida mashhur asarlarini bitolmaganlar. Vaholanki, ularning har biri mangulikka daxldor asarlari bilan olamga mashhur bo‘lgan buyuk zotlar edi.

Maqolaning nihoyasi juda o‘rinli – masxaralab fosh etuvchi murosasiz kulgi asosiga qurilgan fikr-mulohaza bilan xulosalanadi:

“So‘z bu yerga keldimi? Chidamoq qo‘ldan kelmas. Qabolik, do‘qqilik ko‘rsatmoqchi bo‘lib deymizki: Siz ulusingizni sevmaysiz. Shuning uchun turk ulusi va turk tilining siz bilan ishi yo‘qdir. Qarshingizdagi kishilar bu so‘zni eshitib o‘tirmaslar, qilarini qilarlar. Men ulusimni jonimdan ortiq sevaman derlar. Bunlarning mana shu so‘zlari ko‘muchdir, (yolg‘on). Tushungizda siz bir xotinni sevsangiz, tirishib, jon chekishib, kuch bilan uyiga kiribsiz, yoniga suqulgandan keyin, yuziga qarab: Men sizni ko‘p sevaman, siz ko‘p chiroylisiz, lekin shu ko‘zingiz ko‘p do‘qqidir, shuni chiqarib tashlang, burningiz yomon is beradir, shuni kesib oting, desangiz sevgilingiz bo‘lg‘on xotin ikki-uch tayoq urib sizni quvmasmi? Albatta, quvar. Turk tilini sevamiz, lekin tili qabodir, musiqasi totsizdir, tarizi qorong‘udir, deganlarning ham bir-ikki tayoq yeb, quvilmoqlari kerakdir, lekin, turk tili baxtsizdir”.

Yana bir taniqli ma’rifatparvar ziyoli ajdodlarimizdan Abdulla Avloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobining “Hifzi lison” deya nomlangan bo‘limida “Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan hikmatli fikrini bayon etadi. Avloniy ta’kidlaganidek, milliy tilni yo‘qotmak millatning ma’naviy dunyosi, ichki ruhiy holati, kayfiyati, kechinmalari-yu his-tuyg‘ulari, maqsad-u maslagini yo‘qotish bilan barobar. Milliy ruhi bo‘lmagan xalq, albatta, boshqa xalqqa tobe bo‘ladi. Boshqa millatga tobe bo‘lgan xalqning boshqa davlatlar orasida hurmati, o‘rni bo‘lmay qoladi, natijada qaram, mustamlaka davlatga aylanadi.

U turkiy tilga rus tilidan kirib kelayotgan yangi so‘z, atama va iboralar masalasida ham befarq bo‘lib, ko‘z yumolmaydi: “Yohu! Bizga na bo‘ldi? Bobolarimiz yo‘lidan chiqub ketduk. Yaxshi qo‘shningdan olguncha yomon uyingni qidir”, – demishlar. Bobolarimizga yetushg‘on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak yo‘qolganlarini ham toparmiz”.

Avloniy “Hayhot!”, “Yohu!”, “Bizga na bo‘ldi?” kabi undalma, ritorik so‘roqlar orqali o‘z dil isyonini yashirmaydi, ko‘ngilsiz hodisadan qattiq afsuslanganini ochiq-oydin ifoda etadi. U tilni boyitish maqsadida boshqa tillardan foydalanishning ham o‘z yo‘llari, usullari, o‘rni borligiga alohida e’tiborni tortadi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilimizga boshqa tillardan kirib kelayotgan yangi atama (termin)larning eski qadimiy nomlanishini yoki unga muqobil bo‘ladigan atamalardan foydalanish zarurati nihoyatda dolzarb masala hisoblanadi.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, jadid ziyolilari umumilliy maʼrifatni koʻtarish, milliy ongni rivojlantirish, milliy tilni saqlash, milliy birlikka erishish va ularni amalga oshirish orqali milliy mustaqillikka erishish kabi gʻoyalari bilan milliy maʼnaviyatimiz rivojiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshdilar. Vaholanki, oʻta qaltis davrda yashab, kurashgan boʻlsalar-da, ruhiy isyonlarini, qalb armonlarini oʻz tillarida baralla ayta oldilar. Maʼrifatparvar ajdodlarimizning til, ilm orqali xalqimiz ongi, qalbida Vatanni ozod va obod qilish borasidagi faoliyatlari ularning yuksak maʼnaviyat sohibi boʻlganliklaridan dalolat berib turadi. 

 

Malika ABDUXAKIMOVA

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini taʼminlash

masalalari boʻyicha maslahatchisi

06.10.2021 2378