"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til – millat boyligi

21 oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas Davlat ramziga aylandi. Davlat timsoli, mulki – tilni asrash, rivojlantirish millatning yuksalishi demak.

Ona tili millatning ruhidir. Bundan 32 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Afsuski o‘sha vaqtda olimu fuzalolar, buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish masalasi ko‘tarilib, 1989-yil 21-oktabrda bu hal etildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘sha vaqtda til to‘g‘risida Qonun qabul qilinmaganda o‘zbek tili tarix sahifalaridan joy olishi mumkinmidi?

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi.

Dunyodagi barcha xalqlarning milliy mustaqilligi bo‘lsada, rasmiy tiliga ega, deb aytolmaymiz. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki haftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning o‘zligi yo‘qolishini anglatadi. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtaga yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Til – millatning ma’naviy boyligidir. Tillarning saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligini anglaydi va faxrlanib yashaydi.

Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham har bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Bugun jahon arenalarida “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “halol”, “dakki”, “yonbosh”, “chala”, “g‘irrom” kabi so‘zlar jaranglamoqda. O‘z yurtidan olisda eshitilgan bu so‘zlar ona allasidek yoqimli eshitiladi. Shunday ekan, onamizni sevib ardoqlaganimiz kabi tilimizni ham sevib, asraylik, zero u bizdan keyingi avdodlarga munosib meros bo‘lsin.

Abdusalom Siddiqov,

Farg‘ona viloyati Rishton tuman

hokimining maslahatchisi

 

uza.uz

14.10.2021 4748