"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Murakkab dogʻlar” dilni dogʻlamasin

TV yoki RV masʼullari reklamaga tuzatish kiritishga haqqi yoʻq. Chunki u pulli. Qolaversa, ularniyam reklama beruvchilarni himoya qiladigan qonun himoyalab turgan boʻlsa. Bu yogʻi “Lalixon, hayda qoʻyingni boqaman — reklama bergan tadbirkorga boqaman-mi?

Atoqli shoirimiz Erkin Vohidov “Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men oʻzbekman, degan har bir inson oʻzbek tili uchun qaygʻurmogʻi kerak. Unutilgan soʻzlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolgʻiz tilshunoslarning emas, millatning ishidir. Eski tuzum barbod boʻldi. Ostanovka turganda bekat, rayon turganda tuman, vilka turganda sanchqi deyishga nima bor, deguvchilarning davri oʻtdi”, deganiga ham ancha boʻldi.

Oʻzbek xalqining bir vakili sifatida soʻzimizni nazorat qiluvchilarning davri oʻtganiga qaramay, hanuzgacha oʻzga tillardagi reklamalar koʻchalarimizni toʻldirib turganidan ajablanaman. Begona tillarga bu qadar mehrimiz qayerdan? Ayniqsa, rus tiliga shunchalar sodiqligimiz siri nimada?

Bir boyning oldiga choʻponi kelib, “Boy ota boʻldi, charchadim, ketaman desa, boy: “sen ketsang qoʻylaringni kim boqadi, debdi. Shunda choʻpon qoʻylarga qarab: “ha-ya, buni oʻylamabman-a”, deb yana qoʻylarni yaylovga haydab ketgan ekan.

Poytaxtdagi bir mahalla raisiga mahalla eshigiga osilgan peshlavhaning ruscha shaklini olib tashlang, desam, kim aytdi, – dedi, xavotiru hadik bilan u yoq-bu yoqqa qarab.

– Men aytyapman.

– Uka, bizda rus millatiga mansub aholi vakillari ham borda, – deydi, yana bir atrofga qarab olib, xuddi birov eshitmayotganmikin, deganday.

– Xoʻsh, qancha ular?

– 15-20 foiz.

– Nahotki, 30 yildan buyon oʻzbek tilini oʻrganishmagan boʻlsa. Yoki ruscha yozmasangiz, mahalla idorasini topib kelisholmaydimi?

– Ha, endi, shungayam...

Tushunib olavering. “Ota goʻri qozixonami? Biron narsani oʻzgartiradimi? Tursa birovga xalaqit beryaptimi? Qaytanga qanotday chiroyli turibdiku. Hammaga tushunarliku, senga nima”, demoqchi boʻlganini anglash qiyin emasdi..

Koʻchalardagi ruscha reklamalar masalasi ham shunga oʻxshaydi.

“Ha, endi, shunga shunchami...”

Bu qoida oddiy qoida emas, oltin qoidaga aylanganini, ularni buzish birovning uyini buzishga boʻlgan harakatday qarshilikka uchrashini, reklamalarni oʻzbekchalashtirishga boʻlgan ishlarda, urinishlarda yaqqol koʻrindi. Ayniqsa, qonunni pesh qilib, oʻzini himoya qilish va bu haqda matbuotda jar solganlarning harakatlarida. Shunday kezlarda yana beixtiyor fikrlarini iqtibos qilib olganimiz – Erkin Vohidovning “Oʻz tilingni unutsang, muzga aylangay diling” degan satrlari yodga tushadi. Ha, ishoning tilimizga nisbatan ayrimlarimizning dilimiz muzga aylanibdi.

Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning pirovard maqsadi tilimizga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish, oʻzbek tilini unutayozganlarning diliniyu tilini eritish.

Ammo olib borilayotgan saʼy-harakatlardan keyin ham nooʻrin qoʻllanilishi oqibatida yangi, oʻziga xos soʻzlar paydo boʻlmoqda-ki, ularni har kuni oynai jahonda, radioda eshitish mumkin.

Masalan, kir yuvish kukuni boʻyicha berilayotgan reklamada ishlatilayotgan “Murakkab dogʻlar” jumlasi har kuni efirda jaranglaydi. Emishki, ularning kukuni murakkab dogʻlarni oson tozalaydi. Demak, bu kukun sodda dogʻlarga yaqinlashsa, ular qochib ketsa kerak, balki uchib ketar, yanayam toʻgʻrirogʻi esa, oʻchib ketsa kerak. Oʻzbek tilida sodda yoki murakkab dogʻlar boʻlmaydi. Tez ketadigan va ketmas dogʻlar boʻladi.

Toʻgʻri, qonunda reklama va eʼlon beruvchilar xohlagan tilida reklama berishga haqli degan joyi bor. Ustiga ustak oʻzbek tilida berayotgan boʻlsa, umuman eʼtiroz bildirmaysiz. Axir, u sof oʻzbek tilida berilyapti-da. Lekin tarjimon oʻzbek tilida ketmas dogʻlar, bir siltalasa uchib ketadigan changlar borligini bilmasa unda nima ayb? TV yoki RV masʼullari reklamaga tuzatish kiritishga haqqi yoʻq. Chunki u pulli. Qolaversa, ularniyam reklama beruvchilarni himoya qiladigan qonun himoyalab turgan boʻlsa. Bu yogʻi “Lalixon, hayda qoʻyingni boqaman — reklama bergan tadbirkorga boqaman-mi?

Bunday reklamalarni koʻplab keltirish mumkin. Soʻzlarning nooʻrin qoʻllanishi, koʻp hollarda buzib talaffuz qilinishi koʻngilni xira qiladi. Masalan, “iloji yoʻq” degan soʻzni “ilojisi yoʻq” tarzida qoʻllaydiganlar bor. Qozoq birodarlar kasb hunar litseyini kasb-hunar litseysi deb atashar ekan. Demak, unli harfdan keyin – si qoʻshimchasini qoʻshish qoʻshnilarimizdan oʻtgan koʻrinadi.

“Haqim”, “haqqi” soʻzini “haqqim, haqqi” deydiganlar, shum bolaga oʻxshab “Boy ota, haqqimni bering”, deb baqiradiganlar ham talaygina. Bu soʻzning asl oʻzagi – haq. Egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda, birovning haqqi emas, haqi boʻladi. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlar tugul baʼzi roʻznomalarda ham “haqqi”, “haqqini” shaklida yozilayotgan holatlar tez-tez uchramoqda.

Xullas, bu kabi xatoliklarni toʻgʻrilashga, tilimizning nufuzini oshirishga, eng asosiysi, uning davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlashga barchamiz birdek harakat qilsak, milliy gʻururimizni saqlashga shunchalar jon kuydirgan boʻlamiz.


Shuhrat ROʻZIYEV,

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining maslahatchisi

22.10.2021 2034