"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yana til haqida

Dunyo aholisi 8 milliardga yaqinlashib bormoqda. Globallashuv jarayonida ne-ne millatlarning o‘zligi, milliy qadriyatlari, tili, urflari yo‘qolib, boshqa yirik millatlar ichiga singib borayotir. Daf’atan xayolga bir o‘y keladi: asli yaralishda hamma millat ham birdek kengayib, ko‘payib borishi lozim bo‘lgandir-u, bosqinlar, qirg‘inlar, tazyiqlar, boshqa talafotlar ta’sirida millatlarning ko‘pi yo‘qolib ketgandir, odamlar ota-bobolari kimligini-da bilmaslar, unutib qo‘ygandirlar. Asl ajdodlaridan uzoqlashib ketgan millatlar juda ham ko‘pdir.

Ha, chindan ham shunday.

Ma’lumotlarda bildirilishicha, insonlar tomonidan ishlatilgan, bir qavmdan tarqalgan, ko‘paygan va yashagan odamlar o‘zaro aloqasiga xizmat qilgan, bundan tashqari, inson tafakkuri mevasi bo‘lgan xalq folklori namunalari yaratilgan, xalqning qadriyatlari, udumlari, odatlarini o‘zida mujassam etgan 9000 ga yaqin til yo‘qolib ketgan. Kim bilsin, yo‘qolib ketgan tillar, balki bundan ikki-uch hissa ko‘pdir.

Bugun-chi? Bugun dunyo kishilari qo‘llayotgan tillar taqdiri qanday? Til, ularning rang-barangligi ilohiy bir hodisa bo‘lgach, turli tilda yaratilgan asarlarning vorislarigacha izsiz yo‘q bo‘lib ketishi naqadar ayanchlidir.

Dunyodagi tillar hozirda yo‘qolish xavfi bo‘lmagan, yo‘qolish xavfi bo‘lgan va yo‘qolishi muqarrar tillarga bo‘linar ekan. Internet va dasturlash tiliga aylanib bo‘lgan, unda so‘zlovchilar o‘z tillarini qattiq hurmatlab, faqat rivojlantirishga urinayotgan va buning uddasidan chiqayotgan ingliz, nemis, rus, ispan, fransuz, xitoy, yapon, arab kabi tillar yo‘qolish xavfi bo‘lmagan tillardir. Statistlar yaqin kelajakda yevropaliklarning 50 ta, afrikaliklarning 600ta, Tinch ummoni mintaqasida yashovchilarning 200ta tili butunlay yo‘qolib ketishi mumkinligini bildirmoqdalar.

O‘zbek tili esa ko‘p sonli va yo‘qolish xavfi turli darajada bo‘lgan tillar sirasiga kiradi. Endi gap o‘zimizda. Hukumat o‘zbek tilini rivojlantirishga katta yo‘l ochib berdi. Bir-birimizga aybni ag‘darmaylik. Tilimizning bugungi ahvolida hammamiz birdek aybdormiz.

Shoira O‘ktamoy Xoldorova bilan suhbatlashganimizda, u ko‘plab chet mamlakatlarda bo‘lgani, o‘z tiliga loqaydlik hech qayerda bizdagidek emasligini kuyunib gapirdi.

“Turkiyada birorta boshqa tildagi yorliq yo reklama ko‘rmaysiz. Istambul shahriga avvalroq – 1989-yilda ham borgandim. O‘sha vaqtlarda tilimiz yomon ham buzilgan edi. Hozir, harqalay, o‘sha vaqtdagi Atamashunoslik qo‘mitasining harakatlari, bugungi hukumatimiz tomonidan tilga berilgan e’tiborlar natijasida anchagina tozalanib qoldi, deb o‘ylayman. Turkiyada Qo‘qondan borib o‘rnashib qolgan hamyurtimiz bor ekan. Bizni juda yaxshi kutib olib, o‘zbekona mehmon qildilar. Uylarida faqat o‘zbekcha gapirishga harakat qilisharkan. Lekin turk tilini ham yaxshi bilisharkan. Do‘konlarni aylandik. Do‘kondor sotuvchilar o‘zbekcha gapirsam ham, hamma so‘zlarimga tushunadi, hamma aytganimga javob beradi. Faqat orada bir-ikki so‘zlarni qayta so‘raydi. E’tibor bersam, ular meni qachonki ruscha yo begona biror so‘zni aralashtirib gapirganimda tushunmay qolayotgan ekan. “Detskiy kiyim bormi?” deb so‘radim “Nima u?” deb so‘radi hatto mezbonimning o‘zi. Ular tilimizni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun kitoblarni to‘xtovsiz o‘qishar, bolalariga ham faqat ona tilida gapirishga intilisharkan. Yana bir gal bir yo‘lovchidan “Samolyotimiz nechada ucharkin?” deb so‘raganimda, hayron bo‘lib birpas turdi, keyin “Ha, uchoqmi?” dedi. Rus tilini ham bilmaydimi, degan o‘yda bu so‘zlarim erish tuyulishi mumkin. Lekin bu – bor gap.

Hindistonda 170ga yaqin til bor, lekin hamma davlat tilini, ya’ni hind tilini bilishi shart deb belgilab qo‘yilgan. Hind tilida gaplashadiganlar esa boshqa tillarni bilishi majbur emas”.

O‘zbek tilida Yer yuzida 50 millionga yaqin odam gaplashadi. Bu bilan tilimiz dunyoda gaplashuvchilari ko‘pchilikni tashkil etadigan 40 ta tildan biridir. Ayrimlarimiz esa bundan g‘ururlanish o‘rniga tilimiz uchun jon kuydiradiganlarni allanimachiliklarda ayblaymiz.

Rasmiy ishchi tillarnigina tan olib, shu tillarni til deb hisoblaydigan kishilar xalqimiz orasida ham yo‘q emas. Biroq aksariyat millatdoshlarimiz tilimiz takomilini sidqidildan istaydilar. Bu ularning til bilmaganlaridan emas, o‘z millatining qiyofasiga putur yetishini istamaganidandir.

Ayni shunday zamonda bizning davlatda nihoyada chuqur o‘ylangan rejalar asosida Davlat tilining mavqeyini mustahkamlash, uni amalda keng miqyosda qo‘llash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Avvalo, O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini rivojlantirish Departamenti tashkil etildi. Departamentning zimmasida ulkan ishlar bor.

Aslida tilimizni ardoqlash, uni keng miqyosda, har bir sohada qo‘llashga intilishda Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari qanchalik mas’uliyatli bo‘lsa, har bir vatandoshimiz ham shunchalik mas’uliyatlidir. Chunki har birimiz farzand tarbiyalamoqdamiz, turli sohalarda mehnat qilmoqdamiz.

Albatta, tilimizning muqarrarligi va barcha sohada ustuvorligi birdaniga amalga oshib qoladigan ish emas.

Butun boshli xalqning tilga e’tiborini to‘g‘ri yo‘naltirish zarur. O‘z tilimizda muqobillari bo‘la turib so‘zlashuvimizga kirib kelgan, ko‘plab qulay so‘zlarimizning o‘rnini egallagan va yana ko‘pini siqib chiqarmoqchi bo‘lib turgan g‘arb so‘zlarini qo‘llashga rag‘batning yuqoriligi, reklama, e’lonlar, muassasa, tashkilot, korxona nomlarini o‘zgartirish vaqt va mablag‘ talab etishi kabi omillar sabab Respublikaning barcha hududlari va barcha sohalarida davlat tilining qo‘llanishini jadallashtirish osongina ko‘chmayotir.

Biroq ishni eng yuqoridan, rahbarlarning davlat tilida ish yuritishga munosabati o‘zgarishidan boshlash bilan katta qadamlar tashlash ko‘zda tutilgan. Davlat tilini rivojlantirish Departamentining taklifi va loyihasi bilan ayni vaqtda ko‘plab tashkilotlarning davlat tiliga munosabatini keskin o‘zgardi – har bir tashkilot rahbarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Shu o‘rinda tashkilotlar rahbarlarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchisi zimmasidagi vazifalarning qanchalik muhim ekanini ta’kidlash joizdir. Maslahatchi, avvalo, rahbarning o‘z qo‘l ostidagilarga muomala-munosabati hamisha davlat tilida amalga oshirilishiga e’tiborli va mas’ul bo‘ladi. Agar rahbar o‘z yig‘ilishlarida: “Mejdu prochim, men unga shikarniy imkoniyat qilib berganman. Menga podnojka bermasin”, deb tursa, bu tashkilotda hech mahal davlat tilida ish yuritib bo‘lmaydi. Maslahatchi, birinchi navbatda, rahbarning ma’ruzalari, majlislarini tartibga soladi. Ish hujjatlaridagi har bir so‘zning imkon qadar o‘zbekcha shaklini qo‘llashga harakat qiladi. So‘zlar xalqimiz vakillari talaffuzi uchun noqulaylik tug‘dirmasligiga e’tibor ko‘rsatadi. Ish yuritish hujjatlaridagi mavjud xilma-xillikni bartaraf etishga o‘z hissasini qo‘shadi. Chunki, ayni vaqtda mamlakatimizda ariza, tilxat, tushuntirish xati, dalolatnoma, ma’lumotnoma kabilarning bir necha xil shakllaridan foydalaniladi. Rasmiy hujjatlarning aniq qoliplarda, qulay, ortiqcha izohlarsiz bo‘lishi ish yuritishni osonlashtiradi va xodimlarning rasmiy hujjatlarga e’tiborini oshiradi. Qolaversa, davlat fuqarosi bo‘lgan har bir shaxs rasmiy hujjatlar bilan o‘zi ishlay olishi, o‘ziga tegishli barcha hujjatlarni hech cho‘chimay o‘zi to‘ldirishi lozim. Har bir tashkilotdagi davlat tili bo‘yicha maslahatchining vazifalaridan biri xodimlarni eng zaruriy hujjatlar matni bilan tanishtirib borishdir.

Maslahatchi sohadagi, o‘z tilimizda qulay va hammaga tushunarli muqobillari bo‘la turib, g‘arb tillaridan kirib o‘zlashgan, biroq oddiy so‘zlashuvda nihoyatda buzib aytiladigan atamalar o‘rniga maqbul so‘zlarimizni qo‘llash bo‘yicha Departamentga takliflar kiritadi. Buning uchun u hozirda qo‘llanayotgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan (ayni vaqtda ushbu lug‘atni takomillashtirish, to‘ldirish va elektron variantini yaratish ishlari boshlab yuborilgan) unumli foydalanishi, bu kitobni hamisha eng bosh qo‘llanmasi sifatida o‘rganib borishi lozim. Masalan, Qurilish vazirining maslahatchisi ko‘pqavatli uylarning tashqi yoki tashqi oynali qismiga nisbatan ishlatiladigan “balkon” so‘zi o‘rniga qadimdan qo‘llanib, “saltanat ko‘shki”, “chaqiriq joyi”, “yozgi ravoq” ma’nolarini anglatadigan “havoza” so‘zini taklif qilishi mumkin. Bu atama uylar qurish vaqtida vaqtincha qurib olib ishlatiladigan ko‘tarma supa ma’nosida ham ma’nodosh so‘z sifatida qo‘llansa zarar qilmaydi.

Departamentda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha rahbar maslahatchilarining kengashlari o‘tkazib boriladi. Kengashlar kun sayin davlat tilining Respublika miqyosida keng qo‘llanish imkoniyatlari, unga moneliklarni bartaraf etish va boshqa shu kabi zaruriy masalalarga bag‘ishlanadi.

Joy nomlari bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining davlat tilining qo‘llanishiga doir o‘tkazgan yig‘ilishida Davergeodezkadastr qo‘mitasiga ikki hafta muddatda geografik ob’ektlarning nomlari Davlat reyestridagi qonun hujjatlari talablariga zid joy nomlarining ro‘yxatini tuzish va ularni qayta nomlash ishlari topshirildi. Davlat tilini rivojlantirish Departamentining o‘rganish natijalari asosida bayon qilishicha, butun Respublikada mavjud 131 mingdan ziyod ko‘chaning 39 mingga yaqini nomsiz. Axir aholi soni kun sayin ortib bormoqda, u yerlarda insonlar yashaydilar. Nahotki, tuman rahbarlari o‘z hududlaridagi nomsiz joylarda yashaydigan kishilar hayoti bilan qiziqmaganlar. Zarur bo‘lganda ularni qaysi manzil bilan topganlar? Hozir zamon shiddatli, raqamli iqtisodiyot yilida eng katta vazifa mamlakatimizning har bir fuqarosiga oid ma’lumotlar to‘liq bo‘lishi, avvalo, uning yashash manzili juda aniq bo‘lishidir. Chindan ham, ma’lum bir odam haqida “G‘uzor tumani nomsiz ko‘cha raqamsiz uyda istiqomat qiluvchi Rustam Aliyev” deb aytilishi bizga qanchalik uyat axir.

Yana bir masala juda tashvishlidir. Tadbirkorlik kun sayin rivojlanib bormoqda. Yoshlarimiz sarmoya to‘plab yoki davlatdan kredit olib, o‘z tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘ymoqdalar. Ana shu yangi korxonalarni milliy nomlashni talab qilish lozim. Bunda hududlardagi mutasaddi tashkilotlar zimmasiga vazifa belgilash joiz. Bugun ajnabiy nomlaganlari bilan ko‘p o‘tmay o‘zlari yana o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keladi. Buni esa shunchaki aytib amalga oshirib bo‘lmaydi. Axir qishloq joyda ham qurilish ketayotgan joy to‘sig‘iga “Skoro otkrыtiye” deb yozib qo‘ygan tadbirkordan nima kutish mumkin? Yangi korxonalar milliy nomlanishini tartibga soluvchi huquqiy asos kerak bo‘ladi.

Reklamalar, e’lonlar, tashrif qog‘ozlari, narxnomalar, yorliqlar, sifat belgilarini yozishda eng avval davlat tilida, undan keyin boshqa tillardagisi hajman umumiy yozuv o‘rnining uchdan bir qismidan oshmagan hajmda belgilanishi kerak bo‘ladi. Ana shu bilan ham yurtimizda davlat tili ustuvorligini ta’minlash mumkin.

Ochig‘ini aytish lozimki, Markaziy Osiyodagi deyarli barcha mamlakatlar O‘zbekistondagi mavjud vaziyatning ijobiy tomonlarini o‘rganishga intiladilar. Ular bizni o‘zimiz faxrlanib aytadigan ajdodlarimizning munosib vorislari sifatida biladilar. Biroq biz til sohasida ularga o‘rnak bo‘ladigan mavqeda, darajada emasmiz. Umid qilamizki, bu sohada erishgan yutuqlarimiz, tutgan to‘g‘ri yo‘limizni qo‘shni mamlakatlar, qardosh xalqlar, qolaversa, butun dunyo ko‘radi, qo‘llab-quvvatlaydi.

Biz jadal bo‘lmog‘imiz lozim. Ishni o‘z-o‘zimizdan, o‘zimizning tilga munosabatdagi kamchiliklarimizni tugatishdan boshlashimiz kerak.


Ma’mura ZOHIDOVA

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

O‘quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik

bo‘limi boshlig‘i

24.03.2020 945