"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • “Ucell” rahbari Vladimir Kravchenkodan oʻzbek tilini oʻrganish, davlat tilida ishlash boʻyicha master-klass

“Ucell” rahbari Vladimir Kravchenkodan oʻzbek tilini oʻrganish, davlat tilida ishlash boʻyicha master-klass

Bugungi suhbatdoshimiz sizu bizning uzogʻimizni yaqin, mushkulimizni oson qilishda, yurtimizda axborot-kommunikatsiya sohasi va texnologiyalarini rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan “COSCOM” MCHJ (“Ucell” savdo belgisi) bosh direktori Vladimir Kravchenko.

U yosh boʻlishiga qaramay “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Lekin bugun unga mobil aloqa xizmati yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mavzusiga oid savol bermaymiz.

Suhbat davomida gap oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini yana-da yuksaltirish borasida ulkan ishlar olib borilayotgan bir paytda boshqa millat vakili boʻlishiga qaramasdan uning oʻzbek tilida hecham qiynalmasdan gapirishi, oʻz fikrini oʻzbek tilida toʻliq ifodalay olishi, umuman davlat tili haqida boradi.

− Oʻzbek tilini qachon va qayerda oʻrgangansiz? Oʻz xohishingiz bilanmi yoki majburiyat yuzasidanmi?

− Oʻzbek tilini bolalikda, “Toʻqimachi” mahallasidagi doʻstlarim bilan birga oʻynab, muloqot qilib oʻrganganman.

Men rus maktabida oʻqiganman. Toʻqqizinchi sinfgacha oʻzbek tilini unchalik yaxshi bilmasdim. Albatta, tengdoshlarim, mahalladagi oʻrtoqlarim bilan gaplasha olardim. Ammo bolalikdan oʻzbek tilini hozirgi darajada biladi, deb oʻylamang.

Bolalikda oʻzbek tilida judayam sodda darajada gaplashardim. Fikrlarimni erkin ifodalar, oʻzimni tushuntira olardim.

Oʻzbek tilini Islom universiteti qoshidagi akademik litseyga kirish uchun tayyorgarlik koʻrish jarayonida puxta oʻrganganman. U yerda rus guruhlari yoʻq edi va tilni yaxshilab oʻrganishga toʻgʻri keldi. Adabiy oʻzbek tilida soʻzlashishni esa litseyda oʻqiyotganimda oʻrgandim.

Mening oʻzbek tilini yaxshi oʻrganishimga adabiyotshunos olim, Toshkent Islom universiteti qoshidagi akademik litseyning oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Omonulla Madayev sababchi boʻlgan. U menga xuddi oʻzbek oʻquvchilarga qaraganday qarardi. “Alpomish” dostonini xuddi boshqalar singari yoddan ayttirardi, yonimni olib, boshqalardan ajratmasdi. Biz ular bilan hatto Fargʻona vodiysiga borib, gullagan oʻriklarning soyasida baxshilar musobaqalarini eshitganmiz.

Omonulla akaning yaxshi maʼnoda talabchanligi va oʻzimning tirishqoqligim bilan men bir yilda oʻzbek tilidagi bilimimni va darajamni ancha yaxshilab oldim. Madayev mening taqdirimda katta rol oʻynagan. Ruhlari shod boʻlsin. Doim: “Sen koʻproq shugʻullanishing, koʻproq gapirishing kerak, senga rus boʻlganing uchun yengillik bermayman” deb takror-takror aytardi. Shunday qilib, uch yil davomida oʻzbek doʻstlarim bilan oʻqib, oʻrgandim, oʻzbek tili muhitiga shoʻngʻib ketdim.

Akademik litseydan soʻng men Vestminster universitetiga kirdim va ingliz tilini chuqur oʻrgana boshladim.

− Boshqa millat vakili sifatida bugun Oʻzbekistonda davlat tilining mavqeini yana-da mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga fikringiz?

− Bir qancha vaqt oldin munozaralarga sabab boʻlgan hujjatlarni tayyorlash tartibni aytib oʻtishim mumkin.

Adashmasam, Adliya vazirligi tomonidan taklif qilingan tartibga koʻra, davlat organlari hujjat loyihalarini, albatta, davlat tilida ham tayyorlashlari kerak boʻladi. Rus tilidayam tayyorlash mumkin, ammo oʻzbek tili bilan birgalikda.

Davlat tilida matni boʻlmagan loyihalar regulation.gov.uz portaliga oʻtkazilmasliginiyam aytishim mumkin.

Bu, albatta, juda toʻgʻri qarorlar, har qaysi davlatda ham shunday ish tutiladi.

− Siz haqingizda gap ketganda Vazirlar Mahkamasida ishlab yurganida qaror va boshqa hujjatlarni oʻzbek tilida himoya qilardi, degan fikr bildiriladi. Shu haqida gapirib bersangiz...

− Bu oddiy ish jarayoni, koʻpchilik uchun oʻzbek tilida muhokama qilish qulayligi va men oʻzbek tilini yaxshi bilganim sababli shunday ish tutardim.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Axborot-tahlil departamentida ishlagan paytlarim barcha hujjatlarni rostdan ham oʻzbek tilida topshirardim.

Ungacha “Oʻzbektelekom” AKda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ishlagandim. Va bu tashkilotlarda barcha yerda hujjatlar oʻzbek tilida rasmiylashtirilardi, bu mening yozma oʻzbek tilini bilishimga katta yordam bergan va Vazirlar Mahkamasida barcha hujjat loyihalarini oʻzbek tilida tayyorlashimga katta koʻmak boʻlgan.

Mantiqan bu toʻgʻri, chunki mamlakatimizning 85 foiz aholisi uchun oʻzbek tili ona tili hisoblanadi. Hujjatlarni rus tilida tayyorlaganda esa soʻzma-soʻz tarjima davomida matnning asl maʼnosi oʻzgarib ketishi mumkin.

Shuning uchun hujjatni, avvalo, oʻzbek tilida tayyorlab, keyin rus tiliga tarjima qilishga harakat qilardim.

− Bugungi kunda vazirlik va idoralarda, hokimliklarda rahbarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Siz rahbarlik qilayotgan tashkilotda bu jarayon qanday kechmoqda? Aniqroq aytadigan boʻlsak, Sizning maslahatchingiz bormi?

− Mening bunday maslahatchim yoʻq, ammo davlat tili masalasida Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xodimlari va tarjimonimizdan baʼzida maslahat olib turaman.

“Ucell” savdo belgisi oldin Shvetsiya va Finlyandiyaning “Telia Company” kompaniyasiga qarashli boʻlgani uchun korxonada ishchi til sifatida ingliz va rus tillaridan foydalanilgan.

Tashkilot toʻliq davlat tasarrufiga oʻtganidan soʻng hujjatlar oʻzbek va rus tillarida yuritila boshlandi. Kompaniyada ish yuritish boʻyicha yoʻriqnoma mavjud boʻlib, unga koʻra, barcha hujjatlar davlat va rus tillarida olib boriladi. Bu Kompaniyaning Nizomida ham yozib qoʻyilgan. Bunday munosabatning natijasida ichki Internet tarmogʻi ham ikki tillik boʻldi.

Kompaniya yangiliklari korporativ saytimizda davlat, rus va ingliz tillarida chop etiladi.

Murojaatchilarga esa ular murojaat qilgan tilda javob qaytaramiz.

Bir qiziq misol keltiraman. Hozirgi karantin paytida koʻplab xodimlarimiz uydan turib ishlashayapti. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ishchilarimiz, turli millat vakillari boʻlgan yigit-qizlar Gʻafur Gʻulomning “Sen yetim emassan” sheʼrini oʻqib, videorolik tayyorladi. Va bu qisqa, emotsional videofilm ikki tildagi satrlar bilan yozib olindi. Asl tilida va rus tilida – Anna Axmatova tarjimasida.

− Faoliyatingiz talabi tufayli ijtimoiy tarmoqlardan kengroq foydalansangiz kerak. Bilasiz, tarmoqlarda turli masalalar keng jamoatchilik tomonidan har xil qarashlar bilan muhokama qilinadi. Bunday holat davlat tilini yana-da kengroq joriy qilish boʻyicha ham sodir boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar toʻgʻrisida fikringizni bilmoqchi edik.

− Har qanday vaziyatda ham muhokamalar boʻlgani yaxshi. Bu demokratiyaning eng muhim prinsiplaridan biri. Jamiyatimiz aʼzolari turli masalalarda oʻz fikrlarini aytib oʻtayotganlarini qoʻllab-quvvatlayman.

Har qanday konstruktiv fikr muhokamalar rivojlanishga olib keladi.

Har bir inson oʻzi yashayotgan mamlakat tilini hurmat qilishi kerak. Men bu yerda qanaqadir majburlash haqida gapirmayapman. Masalan, Rossiyada rus tilini bilish boʻyicha imtihon topshirishadi. AQSHda ingliz tilini bilish kerakligini esa hamma tushunadi.

Tilga hurmat haqida gapirganimda, men oʻz tilida toʻgʻri yozishni unutib qoʻygan ayrim zamonaviy oʻzbek yoshlarini ham nazarda tutayapman. Ijtimoiy tarmoqlardagi baʼzi postlar va ayniqsa izohlar shunaqangi “zamonaviy” tilda yozilganki, ularni tushunish uchun haqiqiy oʻzbek adabiy tiliga tarjima qilishga toʻgʻri keladi.

Ammo koʻrinib turibdiki, jamiyatda bu muammoni anglash mavjud va biz birgalikda uni hal qilish yoʻllarini qidirayapmiz.

Masalan, oʻzbek tilini noldan yoki chuqurroq oʻrganmoqchi boʻlgan koʻplab rusiyzabonlar yaxshi, zamonaviy darslik, soʻzlashgichlar, malakali kurslarning yoʻqligidan nolishadi. Bularning hammasini tezroq hal qilish kerak.

- Oʻzbek tilini bilasiz, demak oʻzbek adabiyoti ham sizga begona emas. Oʻzbek tilida mutolaa ham qilib turasizmi?

− Koʻpchilik oʻquvchilar yoqtirib oʻqiydigan kitoblarni mutolaa qilganman. Bular, albatta, Alisher Navoiy lirikasi, Oybekning “Navoiy” romani, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” va “Sinchalak”, Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi. Qiziqarli kitoblar koʻp.

Hozir ustozimning tavsiyalari bilan Dena Kennedining “Qattiqqoʻl menejment. Odamlarni natija uchun ishlashga majburlang” kitobini oʻqiyapman.

Uyquga ketishdan avval, albatta, kamida bir necha sahifa mutolaa qilaman. Qoidam shunaqa.

− Oʻzbek tilini oʻrganayotganlarga bu borada qanday tavsiyalar bergan boʻlardingiz?

− Koʻproq muloqot qilish, oʻzbek tilida telekoʻrsatuvlar, kino tomosha qilish, kitob oʻqish zarur. Bu soʻz boyligining orttirishga yordam beradi.

Men oʻzbek tilidagi birorta kitobni olib, boshidan oxirigacha oʻqib chiqishni tavsiya qilgan boʻlardim.

Masalan, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini.

U koʻplab tillarga tarjima qilingan, jumladan, rus va ingliz tillariga ham. Bu til bilishingizda katta qadam boʻladi.

Oʻzbek tilida yozadigan blogerlarning telegram kanallarini oʻqib borish ham foydadan xoli emas. Ular tezkor, qiziqarli va qoʻrqmasdan yozishadi. Ammo internetdagi “oʻzbek tili”da yozadiganlarini emas, haqiqiy adabiy tildagilarni oʻqish maqsadga muvofiq.

Oʻzbek tilida mutolaa qilish odatga aylanishi kerak. Men buni muvaffaqiyat kaliti, deb hisoblayman.

Nurulla Abdullayev suhbatlashdi

Manba: uza.uz sayti

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: 
http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


16.08.2020 162