"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Qozog‘istonda yangi nashr – «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining maxsus taqdimoti o‘tkaziladi

Qozog‘istonda yangi nashr – «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining maxsus taqdimoti o‘tkaziladi

O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi tomonidan Chimkent shahrida Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari «Do‘stlik» hamjamiyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan talabni ta’minlash masalalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Ta’kidlash joiz, o‘zbek tili nufuzini xorijiy davlatlarda oshirish, o‘zbek tilini o‘rganayotgan va bu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borayotganlarni zarur adabiyot va manbalar bilan ta’minlash borasida mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari faol sa’y-harakatlar olib bormoqda.

Uchrashuvda Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari «Do‘stlik» hamjamiyati raisi Ikrom Hoshimjonov ushbu dolzarb mavzu bo‘yicha fikr bildirdi.

Bosh konsulxona vakillari Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari «Do‘stlik» hamjamiyatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘zbek tilini rivojlantirish departamenti ko‘magida nashr etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobini taqdim etdi.

— «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining yangi nashrini birinchilardan bo‘lib olayotganimizdan xursandmiz, — dedi Ikrom Hoshimjonov. — Qozog‘istonda o‘zbek tilining nufuzi yuqori. Jumladan, qator oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili o‘qitiladi. Ushbu lug‘at ular va Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari «Do‘stlik» hamjamiyati a’zolari uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Uchrashuvda tomonlar Turkiston viloyati va Chimkent shaharlarida yashovchi o‘zbek tili va adabiyotining rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan olim va jamoat arboblari, Janubiy Qozog‘iston pedagogika universiteti qoshida ochilgan «O‘zbek tili va adabiyoti» kafedrasi o‘qituvchilari ishtirokida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining maxsus taqdimotini o‘tkazishga kelishib oldi.

Joriy qilingan karantin choralari tufayli ushbu taqdimotni onlayn shaklda o‘tkazish, o‘zbek tili va adabiyotini rivojlantirishning amaliy tomonlarini muhokama qilish uchun ushbu tadbirga O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlarini jalb qilish taklifi bildirildi.

CHIMKENT, 28-avgust. /«Dunyo» AA.

28.08.2020 684