"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Kursantlar Abdulla Qodiriy xotirasini yod etdi

Bugun mamlakatimizning eng xushmanzara maskanlaridan biri boʻlgan Adiblar xiyoboni adabiyot ixlosmandlari, yoshlar bilan gavjum. Bogʻda adabiy uchrashuvlar, maʼrifat darslari oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi.

Kuni kecha Bojxona instituti tomonidan Abdulla Qodiriy haykali atrofida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ham professor-oʻqituvchilar, talabalar, madaniyat xodimlari, shoir-yozuvchilar ishtirok etib, adib xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Nargis QUDRIDDINOVA,

Bojxona instituti katta oʻqituvchisi:

— Ulkan isteʼdod sohibi Abdulla Qodiriy xalq uchun ilm-maʼrifat havodek zarur boʻlgan, yurt tepasida johil shaxslar hukmronlik qilayotgan bir zamonda yashab oʻtdi. U yaratgan qahramonlari orqali xalqni oʻtgan kunlardan saboq olishga, oʻz oramizdagi mehrobdan chiqayotgan chayonlardan ehtiyot boʻlishga chaqirdi. Millatning har bir xonadoniga Otabek, Kumush, Anvar, Raʼnolar qiyofasida kirib bordi. Ular taqdiri orqali xalqni oʻylatdi, yigʻlatdi, yupatdi. Hayoti taziyq, xavf-xatarlar ostida qolsa ham millati uchun yozishdan toʻxtamadi. U oʻz millatini maʼrifatga chaqiradi. Maʼrifatparvar shoir, adib sifatida maydonga chiqadi.

Buyuk adib “Ahvolimiz” sheʼrida xalq va yurt taqdirini koʻzlab, quyidagicha yozgan:

Koʻr bizning ahvolimiz gʻaflatda qanday yotamiz,

Joyi kelgan joyida vijdonni pulga sotamiz.

Korimiz shundan iborat boʻldi ushbu chogʻda,

Oʻntadan bedona boqib, yozu qish sayr otamiz.

Kelinglar, yoshlar, ziyolilar bu kun gʻayrat qiling,

Uxlaganlarni agar qodir esak uygʻotamiz.

Abdulla Qodiriy oʻzining asarlarini oʻzbek adabiy tili zamonaviy koʻrinishda shakllanayotgan bir davrda yozdi. Adib bor mahorati bilan oʻzbek adabiy tilining boyligini, keng imkoniyatlarini namoyon etgan. U oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar, degan fikrni bejizga aytmagan. Chunki adibimiz oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini oʻzining asarlari bilan isbotladi. Adibning asarlari mustaqillik yillarida qaytadan ilmiy, badiiy jihatdan oʻrganila boshlandi. Asarlari minglab nusxada dunyo yuzini koʻrdi. Uning mehnatlarini xalqimiz unutmadi. U birinchilardan boʻlib mustaqillik ordeniga loyiq koʻrilgan.

Oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini oʻrganish, uning ijodiy boy merosidan bahramand boʻlish doimo davom etadigan, oʻtmishga aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga kiradi.

Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom koʻrsatish, milliy adabiyotimizga qoʻshgan beqiyos hissasini ulugʻlash, madaniy merosini oʻrganishga bagʻishlangan “Adibimiz — faxrimiz” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazdi. Har hafta shunday tadbirlar oʻtkaziladi. Tadbirga sanʼatkorlar kelishi, adabiy chiqishlari bollarning adabiyotga qiziqishini oshiryapti. Bu yerdagi tadbirlarga kelib, adiblarning hayoti bilan yaqindan tanishib, ularning faoliyatini oʻrganayotgan yoshlar koʻpayyapti.

Umarali KENJAYEV,

Bojxona instituti kursanti:


Qodiriyni eslab

Eh, sodda oʻzbekning tanti oʻgʻloni,

Nahotki nomardlar nomingni sotdi.

Anglamay qalbingdan chiqqan nidoni,

Sendayin dahoni zulmatga otdi.

Yurtingga muhabbat edimi aybing,

Rostgoʻylik boshingga balo boʻldimi?

Vatan, deya urgan erk toʻla qalbing,

Shu nomard kimsalar sabab soʻldimi?

Doʻstingmidi ular soʻzing maʼqullab,

Koʻkka koʻtarib, soʻng yerga urganlar.

Yoki shogirdmidi nomingni pullab,

Nomingga boʻxtonlar taqab yurganlar.

Axir ular edi xalqning asl dushmani,

Mehrobdan chayondek payt kutgan josus.

El dardin boʻzlagan sendek bulbulni

Biz asray bilmadik endi ming afsus.

Gʻaflatda yotgan bu millatni oʻylab,

Sarf etdingku bor kuch, bor mehnatingni.

Birlashmoq tilading oʻtmishga qaytib,

Yusufbek Hoji boʻlib aytding dardingni.

Bugun... bugun oʻzing koʻrgin bobojon,

Koʻkka boʻy choʻzganini ekkan niholing.

Kapalaklar kezib, tinmas mittijon,

Anvoyi hidlarga toʻlgan gulzoring.

Shukurkim, oyning ham oʻn beshi yorugʻ,

Kelarmidi yoʻqdan ozodlik bizga.

Qodiriysiz millat millat emasdir

Doim taʼzimdamiz bobojon sizga.


Manba: www.yuz.uz
14.09.2020 771