"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!

Hayotimizda ona tiliga ehtiyoj tobora ortmoqda. Bu esa mutaxassislar, aholimizni ona tilimizni yanada chuqurroq bilishga undayapti.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi Olmazor tumani hokimligi bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi munosabati bilan «Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!» shiori ostida nashr etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» va «Davlat tilida ish yuritish» qo‘llanmalarining taqdimotini o‘tkazdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tilining qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev, O‘zFA ilmiy xodimi Zohida Muqimova va boshqalar mamlakatimizda davlat tili nufuzini oshirish borasida samarali ishlar qilinayotgani haqida gapirdi. Taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblar haqida iliq fikrlar bildirildi.

«Davlat tilida ish yuritish» qo‘llanmasi qayta to‘ldirilib, to‘qqizinchi marotaba nashr etildi. U bugungi kunda korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan har bir xodimga zarur kitobdir.

«O‘zbek tilining izohli lug‘ati» esa har bir o‘zbekni o‘zbek tilini yanada chuqurroq anglashga undaydi.

Olmazor tumani hokimligida faoliyat yurituvchi bo‘lim boshliqlari, mutaxassislar, shuningdek, tumandagi tashkilot, korxona va muassasalarda ish hujjatlari bilan ishlaydigan xodimlarga Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan nashr etilgan «Davlat tilida ish yuritish» nomli qo‘llanma taqdim etildi.

Nigora Mirzayeva,
Olmazor tuman hokimining maslahatchisi,
filologiya fanlari nomzodi
17.09.2020 775