"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Germaniyada «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida «Nihol» o‘zbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyati hamda «Davra» o‘zbek-olmon madaniy jamiyati vakillari ishtirokida yangidan nashrdan chiqarilgan 5 jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taqdimotda elchi Nabijon Qosimov bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi hamda mavqeini oshirishga, uni siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining bir guruh olimlari tomonidan besh jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» tayyorlanib nashr etilgani tilimizni asrash, boyitish va rivojlantirishda qo‘yilgan muhim qadam ekani qayd etildi.

Tadbirda o‘zbek tili bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab xorijiy davlatlarda, jumladan, Berlindagi Gumbold nomli universitetida ham o‘rgatilayotgani aytildi. Pandemiya sharoitida cheklovlar sababli Gumbold nomli universitetga mazkur lug‘at to‘plamini taqdim etish yaqin kunlarda amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonning ilmiy va madaniy salohiyati Germaniyada keng targ‘ib etilib, ushbu yo‘nalishlarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda faol ishtirok etib kelayotgan «Nihol» o‘zbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyatiga besh jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» taqdim etildi.

Ahmad Hamidov, Berlindagi Gumbold nomli universiteti dotsenti: – Bugun elchixonada taqdim etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» o‘zbek tilini rivojlantirishda, shuningdek, chet elda yashayotgan vatandoshlar farzandlarining ona tili haqidagi bilimlarini boyitishda muhim manba hisoblanadi. Ayni paytda ushbu lug‘atdan Germaniyadagi nemis olimlari ham foydalanishi mumkin. Xususan, hozirgi paytda Gumbold nomli universitetning Markaziy Osiyo bo‘limida talabalarga o‘zbek tilidan saboq berayotgan professor Ingeborg Baldauf uchun bu ajoyib tuhfa bo‘ladi. Shu o‘rinda mazkur lug‘atni tayyorlab, nashr etgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlariga Germaniyadagi vatandoshlar nomidan minnatdorlik bildiramiz.

Abror G‘afurov, Potsdam Geotadqiqotlar markazi ilmiy xodimi: – Germaniyaning Postdam shahridagi Geotadqiqotlar markazida faoliyat yuritish bilan birga, Gumbold universitetida ham dars beraman. Bugun elchixonamizda 5 jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ning taqdimoti o‘tkazildi. Bu albatta, butun O‘zbekiston va o‘zbek xalqi uchun juda muhimdir. Ushbu manba nihoyatda foydali bo‘lib, yosh avlodning o‘zbek tilini o‘rganishiga katta yordam beradi. Germaniyadagi «Nihol» o‘zbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyati o‘zbek yoshlari, vatandoshlarimiz farzandlari uchun o‘zbek tili kurslarini tashkil etgan. Taqdim etilgan lug‘atlar ushbu kurslar samaradorligini ta’minlash imkonini beradi.


BERLIN, 23-sentyabr. “Dunyo” AA

23.09.2020 1094