"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimiz - tariximiz, bugunimiz va kelajagimizdir

2019-yilning 21-oktabr kuni poytaxtimizda ziyolilar ishtirokida boʻlib oʻtgan katta anjumanda mamlakatimiz Prezidenti tilimizning mavqei haqida: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʻnaviy boylik, buyuk qadriyatdir” deb taʼkidlagan edi. Ushbu tadbirda davlatimiz rahbari “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ustuvor gʻoyasi asosida “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekkanini aytganida, barcha oʻrnidan qalqib, bu xushxabarni davomli olqishlar bilan qarshiladi.

Аyni farmonga koʻra, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi, ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil etildi. Yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Аtamalar komissiyasini tuzish ham nazarda tutildi. Bundan oʻttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonun bugungi kun talablari nuqtai nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilinib, takomillashtirish koʻzda tutilgani quvonarlidir.

Bu xushxabar mamlakatda kitobxonlikni targʻib qilish, madaniyat va maʻrifatga, ilm-fanga, badiiy ijod va sanʻatga yuksak eʼtibor qaratilayotgan bir paytda barcha sohalarda roʻy berayotgan tub yangilanishlarning uzviy davomi oʻlaroq yangradi.

Jamiyatdagi oʻzgarishlar tilga boʻlgan munosabatda ham aks etadi. Buni oʻz vaqtida pala-partish, uzoqni oʻylamasdan qoʻyilgan joʻgʻrofiy atamalar, xususiy mulklarning nomlanishidagi pala-partishliklar ham koʻrsatib turibdi. Joriy yilning 20-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari, barcha masʼul xodimlari davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya qilish, ish yuritishni davlat tilida tashkil etishga shaxsan masʼul ekani belgilab qoʻyildi.

Yaʼni, endilikda onglarda yashashda davom etib kelayotgan baʼzi eski tushunchalardan kelib chiqqan holda mamlakat boʻylab tartibsiz ravishda, biri bogʻdan, biri togʻdan keladigan olaquroq nomlanishlarga barham beriladi. Joylarni va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini, turli binolarni ajnabiy yoki kurakda turmaydigan nomlar bilan nomlash holatlari tartibga solinadi. Barcha davlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlar oʻrtasidagi hujjatlar va yozishmalar davlat tilida yuritiladi. Ushbu sohada mazkur ishlarni amalga oshirish oson boʻlmaydi, albatta. Chunki tilimizga yangi atamalarni joriy qilish va yangi soʻzlarni amalga kiritish ishlari anchadan beri oʻz holiga tashlab qoʻyilgan edi. Shuningdek, Prezidentimiz farmoni omma orasidagi savodsizlik darajasini kamaytirishga xizmat qiladi, chunki yozuv qoidalariga rioya qilish - oʻz ona tilimizga boʻlgan hurmat belgisidir. Xorijiy elchixonalar, universitetlar va taʼlim dargohlarida “Oʻzbek tilining doʻstlari” jamiyatlarini tuzish, tilimiz mavqeini xorijda ham oshirish va uni oʻrganishga boʻlgan ragʻbatni qoʻllab-quvvatlash ushbu hujjatda koʻzda tutilgan muhim jihatlardan biridir.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada turli-tuman muhokamalar boʻldi. Har doimgidek, bir-biriga qarama-qarshi fikrlar bildirildi. Lekin xavotirlanishga hojat yoʻq, gap boshqa tillarni cheklash haqida bormayapti. Qaytanga, mamlakatimiz kishilari va yoshlari xalqaro xorijiy tillarni oʻrganishga ragʻbatlantirilmoqda. Аsosiy va oʻta muhim gap esa, oʻz ona tilimizni eʼzozlash, bu bebaho xazinaga bugun va kelajak nuqtai nazaridan yondoshish va unga hurmat bilan munosabatda boʻlish haqida bormoqda. Binolarning peshlavhalarida, turli yozuvlarda, reklamalarda va axborot maʼlumotlarida davlat tilining toʻgʻri va bilimli qoʻllanilishi haqida ogohlantirilmoqda.

Xalqimiz - yaratuvchi xalq. Hech qachon bir yerda depsinib qolmagan. Bir tomonda ilmu fan, ijod, boshqa tomonda yangi kashfiyotlarga asoslangan texnologiyalar izchil joriy qilinib, iqtisodiyot ham, jamiyat ham tubdan yangilanar ekan, tilga munosabat ham shunga muvofiq yuksalishi shart, albatta.

Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamentining yana bir vazifasi fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudentsiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini toʻlaqonli qoʻllash bilan bogʻliq. Shu oʻrinda ona tilimizning qanchalar muhtashamligi va beqiyosligi haqida bir misol keltirsam.

Turkiy xalqlarning eng qadimgi yozma yodgorliklaridan biri Oʻrxun-Enisey bitiklaridir. Bundan qarayb bir yarim ming yil avval toshga oʻyib bitilgan u yozuvlar tarjimada bunday jaranglaydi:

“Tangri yorlaqagani uchun, qutim, ulugʻim bor uchun, oʻlayotgan budunni tiriltirdim. Yalang budunni toʻnli qildim. Chigʻan budunni boy qildim. Oz budunni koʻp qildim. Yogʻiysiz qildim.”

Аsliyatda esa: “Tengri yorlaqadik uchun, qutim, ulugʻim bor uchun, oʻltechi budunni turgʻuru ettim. Yalang budunni toʻnliq qildim. Chigʻan budunni boy qildim. Oz budunni koʻp qildim. Yogʻiysiz qildim.”

Koʻrinib turganidek, keltirilgan bu parchada kunimiz oʻzbekchasidan bor-yoʻgʻi uch-toʻrtta soʻz ajralib turadi. Qolgan barcha soʻzlar oʻzbekcha.

Olimlarning guvohlik berishicha, ushbu yozuv egalarining asl yurti shu bugunda bizlar yashab turgan hududlar boʻlib, taxminan ikki-uch ming yil burun shimolga koʻchishgan. Bugungi Oʻzbekiston tuproqlari ularning ota yurti boʻlgan.

Eramizdan avvalgi birinchi ming yillikda Chin xoqoni elchisi ona tuproqlarimizga safar qilganida, bu yerda uch muhtasham davlat – Qangʻli, Gʻuzer va Dovon gullab-yashnagani haqida yozadi: “Ular bir tilda soʻzlashishadi va sharqda hukmronlik qilayotgan xunlar bilan bir-birlarini yaxshi tushunishadi”.

Eng qadimgi ogʻzaki xalq ijodi namunasi boʻlmish “Аlpomish” va “Barchinoy” dostonlarimizning tarixi ming yildan oshadi. Dunyoda insoniyat yaratgan ilk doston – “Gilgamish” ham shu tilda yaratilganiga oid tadqiqotlar bor.

Tilimiz ana shunday koʻhna, beqiyos va barhayot. Shu sababli ham davlatimiz rahbari “Ona tilimiz – milliy maʻnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir” deb taʼkidladi. Ushbu qutlugʻ burchni ado etishda barcha vatandoshlarimiz, olimlar va mutaxassislar yonma-yon, yelkama-elka bahamjihat harakat qiladilar deb ishonaman.

Isajon SULTON,

Innovatsion rivojlanish vazirining davlat tili 

toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini 

taʻminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi,

2020-yil 18-mart, 39-son.


Davlat tilini rivojlantirish departamentining "Facebook"dagi rasmiy sahifasi - https://www.facebook.com/groups/2740806312635791 - obuna bo‘ling!

25.03.2020 690