"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Berlin davlat kutubxonasida 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Berlin davlat kutubxonasida 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Germaniyaning yirik kutubxonalaridan biri - Berlin davlat kutubxonasining Sharq bo‘limida 21- oktabr — O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Kutubxonasining Sharq bo‘limi 1919-yil tashkil etilgan bo‘lib, unda Yevropadagi eng muhim kolleksiyalar to‘plamlari jamlangan. Sharq qo‘lyozmalari va bosma nashrlari to‘plami taxminan 42 ming jilddan iborat.

Anjumanda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatida mavqeini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, o‘zbek tili bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki ko‘plab xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlarida, jumladan Berlindagi Gumbold nomli universitetda ham o‘qitilayotgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbek tilini rivojlantirish davlat departamenti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan besh jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kutubxona fondini boyitish uchun topshirildi.

— O‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha-barchani O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman va ushbu sana arafasida kutubxonamizda uchrashib turganimizdan xursandmand, — dedi Berlin davlat kutubxonasi Sharq bo‘limi rahbari Kristof Raux. — Tilni saqlab qolish va yanada rivojlantirish uchun uni qo‘llab-quvvatlash zarur. Ushbu yo‘nalishdagi loyiha — besh jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» to‘plamini kutubxonamiz fondiga sovg‘a qilani uchun O‘zbekiston elchixonasiga samimiy minnatdorligimni bildiraman. Mazkur lug‘at kutubxonamiz fondini kengaytirib, yanada boyitadi. Bizda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoga oid kitoblar va qo‘lyozmalar to‘plamlari mavjud bo‘lib, ular ichida O‘zbekistonga oid manbalar muhim o‘rin tutadi. Universitetlar va ilmiy tadqiqot markazlari talaba hamda tadqiqotchilari ulardan doimo foydalanib keladi.

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda O‘zbekistonning madaniy- ilmiy tashkilotlari va elchixonasi bilan aloqalarimiz rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, 2016-yil o‘zbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiy yubileyiga bag‘ishlab elchixona bilan hamkorlikda kutubxonamizda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya keng jamoatchilik va olimlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistondan kelgan qo‘lyozma manbalarini o‘rganish bo‘yicha qator delegatsiyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdik.

Albatta, ushbu lug‘atlar to‘plami nafaqat kutubxonamiz fondini boyitib qolmasdan, balki Germaniyada o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganuvchilar uchun beqiyos bir manba bo‘lib xizmat qilishiga ishonchim komil.


BERLIN, 17-oktabr. «Dunyo» AA. 

18.10.2020 612