"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Toshkent metrosida til toʻgʻrisida tadbir tashkil etildi

Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” bekatida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi, Transport vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti hamkorligida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

–Millat tili oʻz bayramini nishonlashi bu katta voqeylik,– deydi shoira Zulfiya Moʻminova. – Tilimiz nufuzini oshirish uchun koʻp ishlar qilindi. Oʻnlab uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar tuzildi. Qolaversa, Yurtboshimizning BMT minbaridan turib oʻzbek tilida soʻzlagani til bayramimizning 31 yilligiga katta sovgʻa boʻldi.

Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan uyushtirilgan mazkur tadbir doirasida oʻzbek tiliga oid koʻrgazmali materiallar, bannerlar taqdim qilindi.

Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning taniqli suxandonlari, shoir-yozuvchilari ijod namunalari audio koʻrinishida metropoliten ichida yangradi.

“Alisher Navoiy”, “Zahiriddin Muhammad Bobur”, “Avloniy”, “Ibrat” filmlaridan namoyish etilgan lavhalar metropoliten foydalanuvchilariga manzur boʻldi.

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining ijodiy jamoalari, oʻqituvchilari, talabalari ijrosidagi milliy tilimizning qadr-qimmatini sharaflovchi ashulalar tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

uza.uz
18.10.2020 615