"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Mutolaa ixlosmandlariga bag‘ishlandi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “O‘zbek tili bayrami kuni” arafasida o‘ndan ortiq nashriyotlar ishtirokida kitob yarmarkasi tashkil etildi.


Davlat tiliga chuqur hurmat uni hayotning barcha jabhalarida: davlat va jamoat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼatda faol qo‘llashdan boshlanadi.


Xalqaro minbar – BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yangragan o‘zbek tilidagi nutq barchamiz uchun yoqimli bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutqida dunyo hamjamiyatini yagona va umumiy maqsad yo‘lida birlashishga – har bir insonning huquq va erkinliklari, sog‘ligi, farovonligini taʼminlaydigan teng huquqli global tizimni birgalikda shakllantirishga chorladi. Prezidentimiz dolzarb muammolarga to‘xtalib o‘tishi qatorida, o‘zbek tilining butun go‘zalligi va ko‘p qirraliligini namoyish etib, tilimizga dunyo eʼtiborini yana bir bor qaratdi.


Taʼkidlash lozimki, keyingi yillarda tilimizga dunyo hamjamiyati eʼtibori tobora ortib boryapti. Abdulla Qodiriyning achchiq haqiqatlar bayon etilgan asarlarini va Muhammad Yusufning nozik satrlarini asl nusxada o‘qib, tushunishni istovchi “O‘zbek tilining do‘stlari” oflayn va onlayn-klublari soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda.


Adabiyot tufayli tilning eng nafis xususiyatlari ochiladi, kitoblar esa yangi dunyolarni kashf etishga yetaklaydi. O‘quvchi o‘zi uchun nomaʼlum bo‘lgan olamlar bilan tanishadi, shu bilan birga, beixtiyor tilning ruhiyatini o‘ziga singdirib boradi.


Aynan kitobsevarlar va mahalliy nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “O‘zbek tili bayrami kuni” arafasida kitob yarmarkasi tashkil etildi. O‘zbek tilining buyuk maʼnaviy qudratini hurmat qiladigan, ulug‘laydigan va uni himoya qiladigan insonlar “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida birlashdi.


– Biz yamarkaga 500 dan ziyod kitob va kitob mahsulotlari bilan tashrif buyurdik, – deydi “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi marketing bo‘limi xodimi Elbek Ashurov. – Ular orasida o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari joy olgan. Bu yarmarkada davlat soliq xizmati organlari xodimlarining kitobga mehri bo‘lakcha ekanligini his etdim. Ular ko‘pgina kitoblarni sotib olib, shaxsiy kutubxona fondini boyitdi. Alohida taʼkidlashim kerak, “O‘zbek tili bayrami kuni” arafasida tashkil etilgan bu tadbir, tilimizga bo‘lgan hurmat belgisidir.


Yarmarkada o‘nga yaqin nashriyotlar mingdan ortiq nomdagi kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, jurnallar va boshqa bosma mahsulotlar bilan ishtirok etdi. O‘zbek badiiy adabiyoti durdonalari, o‘zbek tiliga tarjima qilingan jahon mumtoz asarlari, tematik, ilmiy adabiyotlar, yoshlik va bolalar dunyosining eng sara namunalari barcha kitob muxlislarini xursand qildi. Yarmarkaga tashrif buyurganlar orasida shaxsiy kitob fondini yangi nashrlar bilan to‘ldirishni istaganlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Ular yangi maʼnaviy ozuqa manbalaridan barhramand bo‘lish maqsadida o‘zlari va oila aʼzolari uchun sevimli kitoblarini xarid qildi.


– Davlat tili bayrami arafasida kitob yarmarkasining tashkil etilishi ayni muddao bo‘ldi, – deydi Davlat soliq qo‘mitasi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi katta inspektori Nafisa Jalilova. – Yarmarkada nashriyotlar tomonidan taklif etilayotgan o‘zbek tilidagi kitoblar tilimizga bo‘lgan hurmatni oshirishga xizmat qiladi. Biz farzandlarimiz uchun ham kitoblar xarid qildik. Bu kabi yarmarkalar tez-tez tashkil etilsa, bundan faqat foyda olamiz.


– Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘zbek tili bayrami arafisida tashkil etilgan kitob yarmarkasida 1 000 ga yaqin kitoblarimiz bilan ishtirok etyapmiz, – deydi Asaxiy.uz” internet do‘koni menedjeri Nazirbek Xudoyorov. – Bugungi yarmarkada Uolter Ayzeksonning “Stiv Jobs”, Djorj Oruellning “1984” romani va boshqa shu kabi asarlar kitobxonlar qiziqishiga sabab bo‘ldi. Bu yerga olib kelgan kitoblarimizdan tashqari internet do‘konimizdagi boshqa kitoblar uchun ham buyurtmalar oldik. Kitobga bo‘lgan bunday qiziqish, o‘z navbatida, tilga bo‘lgan eʼtiborni ham oshiradi.


Adabiyot mutolaasi – fikrlash darajasini kengaytiradi. Maʼnaviy qashshoqlikka qarshi kurashish uchun bundan-da yaxshiroq vosita yo‘q! Kitob o‘qigan insonlar chiroyli va nafis nutqi, boy ichki olami bilan ajralib turadi. Kitobga hurmat – tilga hurmat demakdir!


DSQ Matbuot xizmati

20.10.2020 636