"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘ZBEK TILI JONKUYARI

O‘zbekistonda lingvopoetikaga doir tadqiqotlarni boshlab bergan, shuningdek terminologiya, nutq madaniyati, o‘zbek tili o‘qitish metodikasi kabi muhim sohalarini rivojlantirishga yangicha yondashib, ko‘p yillardan buyon filolog tayyorlashning istiqboli sifatida til va adabiyotni qo‘shib o‘qitish Konsepsiyasini ishlab chiqqan va amaliyotga joriy qilayotgan, men kabi ko‘plab tadqiqotchilarni ilm yo‘liga olib kirgan, muhim va jamiyat uchun nihoyatda zarur, amaliy ahamiyatga ega ilmiy faoliyatga yo‘naltirgan olim - professor Ibodulla Kamolovich Mirzayev ko‘p yillardan buyon davlat tilini rivojlantirish, uning jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-metodik ishlar bilan shug‘illanib keladi.

Ustozning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, u kishi o‘nga yaqin tillarni biladigan, jumladan, fransuz, ingliz va rus tillarini mukammal o‘zlashtirgan, mazkur tillarda yozilgan filologiya, xususan, tilshunoslikka doir muhim xorijiy ilmiy adabiyotlarni ona tilimizga mahorat bilan tarjima qilib berayotgan poliglot olim hamdir.

Ayniqsa, I.Mirzayevning jahon tilshunosligida mashhur bo‘lgan Gakkning "Nazariy grammatika", Ferdinan do‘ Sossyurning “Assimetriya”ga doir asarlarini, shuningdek, Bertelsning "Navoiy va Jomiy", M.Maslovaning "Kognitiv tilshunoslik" monografiyalarini rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgannini tilshunos va adabiyotshunos olimlarimiz, tadqiqotchilar yaxshi biladi. Olim Samarqand davlat universitetida oldindan davlat tilining mavqeyi haqida qayg‘urib keladi. I.Mirzayev tashkil qilgan "Amaliy tilshunoslik, o‘zbek tili va adabiyot o‘qitish metodikasi" kafedrasi universitetda o‘zbek tilini ona tili va davlat tili sifatida o‘qitishda samarali natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Professor I.Mirzayev o‘zbek tilshunosligida o‘z so‘ziga ega sermahsul, jonkuyar va qattiqqo‘l olimdir. O‘zbek tili o‘qitish metodikasini takomillashtirishga doir bir qator original takliflar va ishlanmalar muallifidir. Ayniqsa, tahliliy o‘qish orqali filolog-mutaxassis, o‘qituvchi tayyorlash metodikasi bugun Davlat tilini rivojlantirish konsepsiyasiga mos keladi, uning ijrosini taʼminlashga xizmat qiladi. Ustozimning umrlari uzoq va yanada mazmunli bo‘lsin!

G‘ofir Hamroyev,
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

05.01.2021 1000