- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- Yangi nashrdagi “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining taqdimoti bo'lib o'tdi
Yangi nashrdagi “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining taqdimoti bo'lib o'tdi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat
tilini rivojlantirish departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan
hamkorlikda chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy
qo‘llanmasining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi
qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashrining taqdimoti o‘tkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mazkur qo‘llanmaga
bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Departament vakillari, vazirlik va
idoralar rahbarlari, Toshkent shahar va tumanlari hokimlarining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha
maslahatchilar, tilshunos olimlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Mazkur amaliy qo‘llanmada
tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llanadigan
hujjatlar, ularni tuzish tartib qoidalari masalalariga urg‘u berilgan, ushbu
hujjatlar tegishli namunalar bilan ko‘rsatilgan, shuningdek, kitobga ish
yuritishga oid lug‘atlar kiritilgan.
“Davlat tilida ish yuritish”
amaliy qo‘llanmasi birinchi navbatda, tashkilotlar rahbarlari va
xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar,
kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlariga mo‘ljallangan, shuningdek, undan
hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, boshqaruvchilar ham
foydalanishlari mumkin.
15 ming nusxada nashr qilingan
qo‘llanma vazirlik-idoralar va hokimliklarga bepul taqdim etilmoqda.
Darhaqiqat, o‘zbek tilining
ham ona tili, ham davlat tili sifatidagi taraqqiyotini taʼminlash, hech shubhasiz,
milliy manfaatlarimiz himoyasining tamallarini tashkil etadigan muqaddas
harakatlardan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat
tilini rivojlantirish departamenti bugun ana shunday harakatlarning
boshini qovushtirish, bu boradagi ishlarga yangicha ruh berish maqsadida
faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi
va mavqeyini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni
qo‘llab-quvvatlashi, o‘zbek tilining boy ifoda imkoniyatlarini ko‘rsatadigan
izohli va terminologik lug‘atlarni nashr etish, ilmiy asoslangan so‘z va
atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanilishini
taʼminlash, pirovardida esa har bir fuqaro qalbida davlat tiliga ehtirom
tuyg‘usini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan
yilning sentabr oyida “Davlat tilida ish yuritish” kitobining kirill
alifbosida nashr qilingan 4 ming nusxasi vazirlik va idoralar, xo‘jalik
birlashmalari, hokimliklarga bepul tarqatilgan edi.
Faxriddin
XAYITOV,
Davlat tilini rivojlantirish departamenti
mas’ul xodimi