"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILIGA HURMATNI HAR BIR RAHBAR O‘ZIDAN BOSHLASHI KERAK

shunda kutilgan samaraga erishiladi


Maʼlumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda nafaqat davlat tiliga eʼtibor kuchaydi, balki turli bo‘g‘in rahbarlarining va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan kadrlarning o‘zbek tilini bilish darajasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash bo‘yicha saʼy-harakatlar bugun avj pallaga kirdi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-fevralda “Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi. Qaror bilan 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼul xodimi Rustam TURSUNOV bilan makzkur talab va u bilan bog‘liq jarayonlar xususida suhbatlashdik.

 – Shu paytgacha ayrim tashkilotlar rahbarlarining o‘zbek tilida qiynalib so‘zlashishlariga guvoh bo‘lib keldik. Bu qaysidir maʼnoda taʼbni xira qiladigan holat. Endilikda rahbarlarga ham o‘zbek tilini bilish talabi qo‘yilmoqda. Mazkur talab avvallari faqat qog‘ozda aks etgan bo‘lsa, hozir bu masalaga jiddiy kirishildi. Bu jahon tajribasida yangilik emas, aslida yaqin qo‘shni davlatlarda bunday amaliyot anchadan beri mavjud. Shunday emasmi?

– O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz tarixiy nutq irod etib, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”, deya taʼkidlagan edi.

Bas, ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i ekanini eʼtirof etar ekanmiz, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizga aylanishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Davlat test markazining dt.dtm.uz alohida onlayn platformasi ishlab chiqildi va talabgorlar u orqali 2021-yil 1-apreldan ro‘yxatdan o‘tishni boshladilar. Buning uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar hamda Davlat test markazi xodimlari birgalikda Test topshiriqlari formati va baholash mezonlarini ishlab chiqdilar. U Davlat test markazining Ilmiy-metodik kengashida tasdiqlandi.

Bu jahon amaliyotida qo‘llaniladigan jarayon. Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilishi kerakligi Germaniya, Fransiya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa ko‘plab davlatlarning qonunchiligida belgilab qo‘yilgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasining davlat xizmatiga qabul qilish va har qanday davlat xizmatining lavozimini egallash uchun zarur bo‘lgan bilimlarni aniqlash uchun o‘tkaziladigan test sinovlarining yo‘nalishlaridan biri rus tilini bilish bo‘yicha test sinovi hisoblanadi.

Ozarbayjon Respublikasida esa Davlat xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar boshqa yo‘nalishlar bilan bir vaqtda davlat tilini bilish bo‘yicha imtihondan o‘tadilar. Sinov o‘tkaziladigan barcha yo‘nalishlardan ijobiy natija ko‘rsatgan talabgorlarga tegishli tartibda sertifikat beriladi va davlat xizmatiga tavsiya etiladi.

 – O‘zbekistonda bu jarayonni amalga oshirish mexanizmlari qanday omillar asosida takomillashtirildi?

Test topshiriqlari davlat tilida ish yuritish o‘quv dasturiga ko‘ra lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida shakllantirilmoqda.

Topshiriqlarda talabgorning publitsistik, ilmiy-ommabop va rasmiy matnni o‘qib tushunish hamda imlo qoidalarini to‘g‘ri qo‘llay olish ko‘nikmalari baholanadi. Aytish kerakki, rahbar kadrlarning hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash tizimi odatdagilaridan farq qiladi. Bunda savollar “yopiq” va “ochiq” turlarga bo‘lingan. Yopiq test – talabgorga bir nechta javob variantlari bilan beriladigan topshiriqlardir. Talabgorga test sinovida o‘qib tushunish, yozma adabiy meʼyorlar, yaʼni imlo qoidalari, so‘z va qo‘shimchalarni qo‘llashga oid hamda tinish belgilarining ishlatilish o‘rinlari yuzasidan yopiq testlar beriladi. Bunda talabgordan to‘g‘ri javobga ega muqobil javobli topshiriqlarni ishlashi talab etiladi. Ochiq testda esa muqobil javob variantlari berilmaydi, yaʼni talabgor tomonidan javoblar varaqasi qisqa yoki kengaytirilgan shaklda yozib to‘ldiriladi. Shuningdek, imtihon topshiruvchi rasmiy hujjatni shakllantira olishi va bugungi kundagi dolzarb va rahbarlik faoliyatiga oid mavzularda esse yoza olishi kerak. Boshqacha aytganda, davlat tilida fikr bayon qilish ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkaziladi.

Sinov variantlari hozirda 14 ta vazirlik va idoralarning masʼul lavozimlarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlari ishtirokida Davlat test markazida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Aprobatsiya natijalariga ko‘ra, test variantining ishonchlilik koeffitsiyenti 0,818 ni ko‘rsatdi (ishonchlilik koeffitsiyentiga qo‘yilgan mezonlarga asosan natija 0,8 dan yuqori bo‘lsa, test topshiriqlarining o‘zaro ichki muvofiqligi yaxshi darajada deb baholanadi). Aprobatsiya natijalari mutaxassislar tomonidan tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar berildi. Hozirda berilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda test topshiriqlari takomillashtirilmoqda.

2021-yil 5-may kuni respublikamizning barcha hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar test sinovlarini topshirishlari rejalashtirilgan. Bunda test sinovlari hududlardagi oliy taʼlim muassasalari auditoriyalarida karantin talablariga qatʼiy rioya qilingan holda Davlat test markazining hududiy bo‘limlari tomonidan tashkillashtiriladi. Test topshiriqlari hududlarga Davlat feldyegerlik xizmati tomonidan yetkaziladi.

Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan anʼanaviy shaklda, to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi. Jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali translyatsiya qilib boriladi. Kelajakda esa test sinovlarini kompyuterda onlayn tarzda o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Bu borada Davlat test markazi tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

 – Shu o‘rinda qarorda qayd etilgan “rahbar kadrlar” va “masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar” tushunchalariga izoh bersangiz? Shu bilan birga mazkur qaror davlat boshqaruvi organlari va  mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida kimdan tortib, kimgacha taalluqli, yaʼni bu borada lavozim “chegarasi”ni ochiqlab bersangiz? Umuman, hujjatda keltirib o‘tilgan “rahbar kadrlar” va “masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar” uchun test sinovidan o‘tish talablari bir hilmi?

Juda o‘rinli savol berdingiz. Demak, rahbar kadrlar deganda Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, markazlar, inspeksiyalar va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlari tushuniladi. Masʼul lavozimga tayinlanadigan shaxslar deganda esa tashkilotlarning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlari hamda boshqa boshqaruv xodimlari, yaʼni boshqarma boshliqlari, bo‘lim boshliqlari va bosh mutaxassislar nazarda tutiladi.

Umuman olganda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida davlat tilini bilish darajasini aniqlash lozim bo‘lgan masʼul lavozimlar ro‘yxati ko‘rsatib o‘tilgan. Bunda ular ikki toifaga ajratilgan:

1. Vazirlar Mahkamasi va davlat boshqaruv organlari bo‘yicha:

- Vazirlar Mahkamasi hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, markazlar, inspeksiyalar va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari, markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari va boshqa boshqaruv xodimlari.

- Davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari va boshqa boshqaruv xodimlari.

- Davlat boshqaruvi organlarining tizimidagi boshqa tashkilotlarning rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari va boshqa boshqaruv xodimlari.

2. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bo‘yicha:

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari.

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) hokimliklari tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari hamda boshqa boshqaruv xodimlari.

Misol sifatida biror vazirlikni oladigan bo‘lsak, vazirdan tortib bosh mutaxassisgacha bo‘lgan barcha boshqaruv xodimlari mazkur test sinovlarida ishtirok etishlari kerak bo‘ladi.

Test sinovidan o‘tish talablariga kelsak, rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun test sinovidan o‘tish talablari bir xil.

– Agar talabgor test sinovida yetarli ball to‘play olmasa, u qayta imtihon topshirgunga qadar uning ish o‘rni vakant bo‘lib turadimi yoki u lavozim vazifasini bajarishga kirishaveradimi? Yoki deylik, buyruq chiqib lavozimga tayinlangan shaxs (anʼanaviy) va eng yuqori Rahbariyat tomonidan favqulodda lavozimga tayinlangan shaxs (noanʼanaviy) uchun testdan o‘tish tartibi nimasi bilan farq qiladi?

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida test sinovida yetarli ball to‘play olmagan talabgor lavozimdan ozod etilishi yoki u qayta imtihon topshirgunga qadar uning ish o‘rni vakant bo‘lib turishi to‘g‘risida alohida talab belgilanmagan.

Biroq, talabgorlar test sinovidan o‘ta olmasa, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida davlat tili bo‘yicha malaka oshiradilar va qayta test sinovlarida ishtirok etadilar.

Test sinovlarida bir necha bor ishtirok etsa ham ijobiy natijaga erisha olmagan talabgorlar haqidagi maʼlumotlar Davlat test markazi tomonidan umumlashtirilgan holda Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi. Yuborilgan maʼlumotlar rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.

– Talabgorlardan test sinovlarida ishtirok etish uchun nimalar talab etiladi? Ular test sanasigacha qanday bosqichlardan o‘tishlari kerak?

– Testdan o‘tish tartibining o‘ziga yarasha talablari ishlab chiqilgan. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha barcha vazirlik va idoralarga yo‘riqnoma taqdim etilgan. Talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida platformada ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda videorolik ham joylashtirilgan.

Avvalo ro‘yxatdan o‘tish uchun talabgor dt.dtm.uz platformasiga kirganda, dastlab telefon raqamini tasdiqlash oynasi chiqadi. Talabgor tomonidan telefon raqami kiritilganda, uning telefon raqamiga tasdiqlash uchun SMS xabar yuboriladi. Tasdiqlash oynasiga SMS xabarda yuborilgan 5 xonali raqam kiritilib, telefon raqami tasdiqlanadi. Shundan so‘ng, tizimga pasport yoki ID maʼlumotlari (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami) kiritiladi. Agar talabgorning maʼlumotlari Yagona milliy mehnat tizimida mavjud bo‘lmasa, unga u ishlaydigan tashkilot tomonidan maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilishi lozimligi to‘g‘risida xabarnoma chiqadi. Talabgor o‘zining maʼlumotlari ushbu tizimga kiritilgandan so‘ng, ro‘yxatdan o‘tishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Agar talabgorning maʼlumotlari tizimda mavjud bo‘lsa, test topshirish xududi tanlanadi. Shundan so‘ng, unga shaxsiy kabinet yaratiladi va uning maʼlumotlari haqiqatan ham lavozimga tavsiya etilganini tekshirish va tasdiqlash uchun Yagona milliy mehnat tizimi orqali talabgor ishlaydigan tashkilotga yuboriladi. Ular tekshirilib, tasdiqlangandan so‘ng, talabgorning shaxsiy kabinetida arizasi qabul qilinganligi haqidagi maʼlumot paydo bo‘ladi.

Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni to‘liq yakunlangandan so‘ng, ularning shaxsiy kabinetida test topshirish joyi va vaqti ko‘rsatilgan ruxsatnoma shakllanadi hamda bu to‘g‘rida uning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi.

– Imtihon pullikmi yoki bepul tashkil etiladimi? Agar pullik bo‘lsa, to‘lov qanday amalga oshiriladi?

– Test sinovlari bepul tashkil etiladi. Lekin test sinovidan o‘ta olmagan va sinovlarda qayta ishtirok etadigan talabgorlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari mikdorida to‘lovni amalga oshirishi lozim. Buning uchun talabgorga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 14 xonalik raqamdan iborat invoys shakllantiriladi. Davlat test markazining maxsus platformasi Yagona billing tizimiga integratsiya qilingan bo‘lib, to‘lovni Click, Payme, Upay va Paynet kabi elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshirish mumkin.

Shuningdek, test sinovida qayta ishtirok etuvchilar Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida davlat tili bo‘yicha malaka oshirgan bo‘lishlari va bu to‘g‘risida sertifikat olishlari zarur. Talabgor haqiqatan ham malaka oshirish kursida ishtirok etib, sertifikat olganligini tekshirish uchun uning maʼlumotlari Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markaziga yuboriladi. Markaz tomonidan talabgorning malaka oshirganligi tasdiqlangandan so‘ng, talabgorning shaxsiy kabinetida arizasi qabul qilinganligi haqidagi maʼlumot paydo bo‘ladi.

– Imtihonlar qayerda tashkil etilishi va imtihon natijalari qachon eʼlon qilinishi haqida ham maʼlumot bersangiz?

– Test sinovi respublikamizning barcha hududlarida tashkil etiladi. Bunda talabgor ro‘yxatdan o‘tish vaqtida imtihon topshirish hududi sifatida qayerni tanlagan bo‘lsa, o‘sha hududdan test sinovida ishtirok etadi.

Natijalar test sinovi yakunlangandan so‘ng (yopiq testlar 3 kun, ochiq testlar 15 kun ichida) eʼlon qilinadi va eng yuqori ballning kamida 70 foizini to‘plagan shaxslarga sertifikat beriladi. Bunda talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuklab oladi. Mazkur jarayonlarning barchasi elektron tarzda amalga oshiriladi.

– Deylik, masʼul lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan shaxs sertifikat olgach, 2 yildan keyin rahbarlikka tayinlandi. Sertifikatning qolgan 3 yili bilan faoliyatini davom ettira oladimi?

– Avval olgan sertifikati amal qilish muddati 5 yil bo‘lib, mazkur davr davomida nomzod qayta imtihon topshirishi talab etilmaydi. Yaʼni boshqa lavozimga o‘tganda ham faoliyatini davom ettira oladi.

– Test topshiruvchilar o‘z natijalarini qanday biladilar? Agar talabgor javoblar natijasidan qoniqmasa, qayerga murojaat qilishi mumkin?

– Test natijalari Davlat test markazining maxsus platformasida, yaʼni dt.dtm.uz saytida eʼlon qilinadi. Talabgor saytga kirib, shaxsiy kabinetidan o‘z natijalarini bilishi mumkin.

Agar talabgor o‘z javoblari natijasidan qoniqmasa, test natijalari to‘liq eʼlon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida apellyatsiya arizasini berishi mumkin. Bunda talabgorning arizasi apellyatsiya arizalarini qabul qilish to‘liq yakunlangandan so‘ng uning ishtirokida 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

– Albatta, ushbu katta jarayonga tayyorgarlik ko‘rish, qonuniy asoslarini yaratish mobaynida mutaxassislar fikri va yuqorida taʼkidlanganidek, xorij tajribasi chuqur o‘rganilgan. Savol shuki, mazkur chora-tadbirlardan qanday samara va natijalar kutish mumkin?

– Avvalo shuni aytib o‘tishim kerakki, bu – joriy qilinayotgan yangi tizim. Shunday ekan, dastlabki bosqichda ayrim kamchilik va xatolar bo‘lishi mumkin. Amaliyot davomida bu tizim takomillashtirib boriladi. Zero, Vazirlar Mahkamasining qarorida ham ushbu jihat eʼtiborga olingan. Yaʼni, hujjatda “Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar 2021-yil yakunlari bo‘yicha test jarayonlari natijalarini puxta tahlil qilgan holda, mazkur tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritishi” ko‘rsatib o‘tilgan.

Maqsad esa ayon – o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini yuksaltirishda yuqori natijalarga erishish. O‘zbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa sohalarda qo‘llash doirasi kengayib, undan davlat tili sifatida to‘liq va to‘g‘ri foydalanish taʼminlanadi. Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari rahbar xodimlariga davlat tilini talab darajasida bilish va unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish majburiyati yuklanadi, barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish salohiyatiga ega bo‘lgan malakali kadrlar faoliyat ko‘rsata boshlaydi.

Yana bir mulohaza: ayrim rahbarlarimiz test topshirish jarayoniga muammo sifatida qarayotgandek, nazarimda. Bunday emas, masalaga muammoning yechimi sifatida qarash lozim. Chunki, aslida davlat tilini bilmaslik va davlat tilida to‘g‘ri ish yurita olmaslik muammo, ammo davlat tilini o‘rganish, o‘zlashtirish ushbu muammoning yechimi bo‘la oladi.

Muxtasar aytganda, rahbarlar, u qaysi tashkilot rahbari bo‘lishidan qatʼiy nazar, millat ramzi – davlat tiliga hurmatni o‘zidan boshlasa butun tizim unga ergashadi, ulgi oladi.

 

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Nodir MAHMUDOV suhbatlashdi

01.05.2021 1127