"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Abdug‘affor Qirg‘izboyev: "Ilhom" mukofoti — iqtidorli yoshlarning qanoti

Ilm va ijod — quyosh kabi ham borliqni yoritadi, ham dillarni munavvar etadi. Insonning hayot mazmuni, yaxshi xulqi, fazilatlari shu ikki ulug‘vor xilqat asnosida shakllanadi va yuksalib boradi. Bugun mamlakatimizda ilm-fan, maʼnaviyat va adabiyotga berilayotgan eʼtibor va rag‘batdan soha ahli mamnun, qaddi, ko‘ksi tog‘day ko‘tarildi.

Yoshlarning ham o‘qishga, izlanishga qiziqishi tobora ortib borayotganidan ko‘rish mumkinki, adabiyot, maʼnaviyat sohasi rivojiga qaratilgan islohotlar, yangilanish, imkoniyatlar yaratish borasidagi ulug‘ ishlar yangi bosqichga chiqdi.

Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi asosida bunyod etilgan Adiblar xiyoboni bu boradagi barcha ibratli ishlarning o‘ziga xos ramziy ko‘zgusiga aylandi. Bir yildirki, bu maskanda adabiy gurunglar, qiziqarli suhbatlar, kitob taqdimotlari, maʼrifiy tadbirlar avjida. Bu yer doim ijodkorlar, kitob muxlislari, ustozu maʼnaviyat fidoyilari bilan gavjum.

Haqiqat shuki, o‘zagi “adab”, “odob” so‘zidan olingan adabiyot odamzodni ezgulik, maʼrifat, bilim, odamiylik sari undaydi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Adabiyot — xalqning yuragi...”.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 20-may kuni ushbu xiyobonning ochilish marosimida ishtirok etib, bir qator vazifalarni belgilab bergan edi. Ana shu topshiriqlardan biri — Adiblar xiyobonida haykallari o‘rnatilgan yozuvchi-shoirlarning hayoti va ijodini o‘rganish, aholi, xususan, yoshlar orasida keng targ‘ibotini olib borish maqsadida “Ilhom” mukofotini joriy qilish edi.

Mazkur ulug‘vor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Ilhom” mukofotini taʼsis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur mukofot shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarga berilishi belgilandi.

Kuni kecha Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida “Ilhom” mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ilk bor o‘tkazilayotgan tanlovning saralash bosqichi oliy taʼlim muassasalari doirasida o‘tkazildi. Unda o‘n mingdan ortiq talaba-yoshlar, murabbiylar ishtirok etdi.

Uning respublika bosqichi uchun 82 ta oliy taʼlim muassasasidan 182 ta ijodiy ish qabul qilindi.

Tanlovning mukofot jamg‘armasi ham salmoqli ekani quvonarlidir. Birinchi o‘rin uchun yurtimizda ishlab chiqarilgan “Spark” yengil avtomashinasi, maxsus diplom va statuetka, ikkinchi o‘rin uchun 30 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka, uchinchi o‘rin uchun 15 million so‘m pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka berilishi belgilangan.

Iqtidorli, ilm va izlanishdan tolmaydigan salohiyatli yoshlarimiz ko‘pligi bois, 6 nafar ijodkor va tadqiqotchi yoshlarga rag‘batlantiruvchi mukofotlar ham berilishi lozim, deb topildi.

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshirildi.

Yetuk olimlar, yozuvchi-shoirlardan iborat Hakamlar hayʼati nomzodlarning ijodiy ishlarini ko‘rib chiqishda xolislik va shaffoflikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratdi. Tanlovga yuborilgan har bir ijodiy ishni mukammal ko‘rib, o‘rganib chiqdi. Nomzodning isteʼdodi, ijtimoiy faolligi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanganligi, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi inobatga olinib, g‘olib va sovrindorlar tanlandi.

Shu o‘rinda, “Ilhom” mukofoti tanlovi g‘oliblariga to‘xtalib o‘tamiz: mutlaq birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2-bosqich magistranti Akrom Malikovni bugun ko‘pchilik yoshlar yaxshi taniydi.

Akrom Malikov “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi. Bu esa, mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan odilona siyosatning ifodasidir.

Faqatgina adolatli jamiyatda har bir inson mehr va eʼtiborda bo‘ladi.

Akrom Malikov ustozlar yo‘lidan borib, Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoniga yozilgan sharhning birinchi kitobini yozgan. Ulug‘ bobomiz ijodi va asarlari tahlili yuzasidan xorijiy va mahalliy ilmiy jurnallar, konferensiyalarda 10 dan ortiq maqolalari bilan qatnashgan. Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga ilmiy-nazariy qarashlari aks etgan video chiqishlari bilan “Yoshlar” telekanali, “Hilolnashr”, “Kun.uz”, “Islom.uz”, “Azon.tv”, “Tarjumon media” ijtimoiy tarmoqlarida faol targ‘ibot olib borgan. “Alisher Navoiy “Xamsa”sini fenomenologik tadqiq etish muammolari (Hamd va munojat boblari misolida)” mavzusidagi dissertatsiya ishini yoqlagan.

Ikkinchi o‘ringa loyiq topilgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasining ham adabiy, ilmiy izlanishlari, o‘zbek adabiyotini dunyoga targ‘ib qilish bo‘yicha tarjimalari tahsinga sazovor.

O‘.Neʼmatova, Z.Qurbonbayeva, M.Muhammadova, D.Rahmonova, M.Toshtemerovadan iborat ijodiy jamoa va ularning Ogahiy sheʼrlarini hozirgi o‘zbek tilida sharhlash yo‘nalishi bo‘yicha yaratgan “Ogahiyning badiiy kashfiyotlari” tadqiqoti va O‘.Neʼmatovaning “Orzular shahri” qissasi, Ogahiy lirik merosini arab, ingliz va rus tillariga o‘girish yo‘nalishi bo‘yicha yaratgan “Ogahiy ashʼorlari arab tilida” tadqiqoti hamda M.Tursunaliyevaning “Hikmat va taqdir bitigi” ilmiy risolasi, O.Turdialiyevning o‘zbek mumtoz merosini yapon tiliga tarjima qilish yo‘nalishida yaratgan “Ogohnoma yapon tilida” tadqiqoti “Ilhom” mukofoti tanloviga taqdim etilgan edi.

Uchinchi o‘ringa Farg‘ona davlat universitetining izlanuvchan va ijodkor talabasi Qobiljon Shermatov hamda Qoraqalpoq davlat universitetining iqtidorli talabasi Malika Palimbetova munosib ko‘rildi.

Qobiljon “Qishloqjonim” nomli sheʼrlar to‘plami, “Balki mosh ham tush ko‘rar” (2008), “Bir quloqli qo‘zichoq” (ertak-qissa 2014), “Hayrat buloqlari” (2010), “Vodiy guldastasi” (2016), “Turon zamin ziyo” (2016), Hur nafaslar” (2012) hamdaVatanni sevish” (2019) nomli sheʼrlari uchun mukofotga munosib topildi.

Malika Palimbetova ham iqtidorli yoshlarimizdan: Ozbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi, xorijiy va mahalliy ilmiy jurnal, konferensiyalarda 40 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan, “Yangi Ozbekistonning isteʼdodli yoshlarinomli isteʼdodli yoshlarning ilmiy maqolalar tanlovidaEng yaxshi ilmiy maqolayonalishida golib bolgan. Malika “Ilhom” mukofotining taqdirlash marosimi arafasida hayotning ham aziz inʼomini bag‘riga bosdi — farzandli bo‘ldi. Mukofotni u tahsil olayotgan universitet rahbariyati qabul qilib oldi.

Tanlovning rag‘batlantiruvchi o‘rin sohiblari va ularning ilmiy-ijodiy ishlari haqida ham ko‘plab iliq mulohazalar bildirish mumkin. Urganch davlat universiteti talabasi Akbar Otaboyev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Madina Qahhorova, Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Farhod Nizomov tengdoshlari orasida adabiyotga, ijodga, sanʼatga ishtiyoqi bilan alohida ajralib turadi.

Sovrindorlar safida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasining borligi ham harbiy sohada adabiyotning nechog‘lik zarur va qadrli ekanini namoyon etadi. Ular buyuk shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Yo‘lbarsning tug‘ilishi” nomli badiiy film va “Yo‘llar izidan” nomli hujjatli filmni “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikda yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa aʼzolari “Bobur asarlari bilimdoni” ko‘rik-tanlovi, “Bobur avlodlari” drama to‘garagi, “Yosh boburshunoslar” nomli kursant shoirlar to‘garagi tashkil etishdi.

Afsuski, og‘riqli vaziyatlar ham bo‘ldi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Xonzodaxon Jamolovaga mukofotni qabul qilib olish nasib etmadi. “Ilhom” mukofoti uchun tanlovning rag‘batlantiruvchi sovriniga “Baxt tongi” nomli kitobi, shuningdek, “Respublika lider qizlar” festivalining raisi sifatidagi faoliyati uchun munosib deb topilgan qiz vafot etgan ekan. Uning mukofotini ham universitet mutasaddilari qabul qilib oldi...

Ilmga intilgan, ijod qilgan yoshlar katta hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashda og‘ishmaydi, aksincha, jamiyatga, yurtiga, oilasiga nafi tegadigan insonlar bo‘lib yetishadi. Muhimi, bugun yurtimizda ilm va ijodni tanlagan insonlar o‘z qadrini topyapti. Ko‘ksida ezgu niyat tugib, qo‘liga qalam olgan, ajdodlar merosini chuqur o‘rganib, har bir satrining kalitini topishga uringan, buning uchun matonat bilan ilm zahmatini chekkan har bir yosh “Ilhom” mukofotiga munosib.


Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV,

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini
rivojlantirish departamenti mudiri


"Yangi O'zbekiston" gazetasining 2021-yil 22-maydagi 103-sonidan olindi

22.05.2021 585