"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Do‘rmon Yozuvchilar ijod uyida “Til – millat maʼnaviyatining ko‘zgusi” mavzusida seminar tadbir tashkil etildi

Do‘rmon Yozuvchilar ijod uyida “Til – millat maʼnaviyatining ko‘zgusi” mavzusida seminar tadbir tashkil etildi

Til – har bir inson uchun bebaho qadriyat, muqaddas tushunchalar majmui, dunyoni anglashning debochasidir. Millat mavjudligining asosi, millat hayotiyligining timsoli – tildir.  Ona tili inson tug‘ilishidanoq vujudiga singgan bebaho qudrat, maʼnaviy qadriyatlar shakllanishining tub negizi.

1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi mamlakatimiz mustaqilligining ilk qadamlaridan biri bo‘lishi bilan birga, o‘zbek tilining amal qilish doirasini mustahkamladi, o‘zbek tilining rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratdi, tom maʼnoda olamshumul voqea bo‘ldi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi.

“Davlat tili to‘g‘risidagi” qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.

Bugun O‘zbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Bugun tilimizga bo‘lgan eʼtibor va eʼtirof davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilning 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritilishini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 34-sonli Qarori jamiyatimizda davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni taʼminlovchi meʼyoriy hujjatlar sanaladi. 2020-yil 10-aprel kuni imzolangan qonunga ko‘ra, 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda. Respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi jahon miqyosida tilimizning nufuzini oshiruvchi tamal toshi bo‘ldi.

O‘zbek tili nufuzini oshirish, davlat tiliga yanada hurmat hissini oshirish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi hamkorligida “Til – millat maʼnaviyatining ko‘zgusi”  mavzuida seminar tashkil etildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva, Toshkent viloyati hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sarvar Fayzullayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Iroda Muxamedazizova, shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat tuman va shahar bo‘linmalarining rahbarlari, tuman va shahar hokimlarining maslahatchilari ishtirok etishdi.

Seminarda Olmaliq shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Doniyor Axmedov “Davlat tilida ish yuritishning huquqiy asoslari” va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yuqori Chirchiq bo‘linmasi rahbari D.Nazirovalarning “Davlat tilida ish yuritishning maʼnaviy-maʼrifiy asosi (Yuqori Chirchiq tumanining viloyatda “Eng namunali tuman” deb eʼtirof etilganligi misolida)” mavzularida maʼruzalari tinglandi.

Shu bilan birga “Davlat tilida ish yuritish kitobi”ning taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir davomida “O‘zbek tili – millatimiz g‘ururi”, “Til – hayot ko‘zgusi”, “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzularida davra suhbati tashkil etildi. Tilimizni tarannum etuvchi sheʼr va diltortar kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga kayfiyat bag‘ishladi. Tadbir yakunida Bekobod, Olmaliq, Yangiyo‘l shahar va Bekobod tumanidan ishtirok etgan ishtirokchilar, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi yozuvchi, shoir Xaydar Muhammad hamda Bibsora Turobovalar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi.



Sarvar Fayzullayev

Toshkent viloyati hokimining maslahatchisi

04.06.2021 555