"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Dunyo tillari orasida eng baxtlisi

Til bilan xalqning ruhini bir-biridan alohida-alohida ajralgan holda tasavvur qilish mumkin emas. Tilning ravnaqi uchun xizmat qilish rus tilshunosligidan qolip olib dissertatsiyalarni “bolalatib” tashlash degani emas, balki tilimizda eng qadimgi davrlardan shu bugungacha ishlatilgan so‘zlarning lug‘atlarini tuzish, grammatik qurilishiga oid tadqiqotlarni amalga oshirish va boshqa shu kabi izlanishlarni qilishdir.

XV asrda Husayn Boyqaro turkiy (o‘zbek) tilining taqdiri haqida qayg‘urib farmon chiqargan va ijodkorlarni o‘zlarining ona tilida ijod qilishga daʼvat qilgan edi. Husayn Boyqaroning Farmoni turkiy tilning mavqeini Xuroson va Movarounnahrda yuksaltirish hamda saqlab qolish edi.

Prezidentimizning o‘zbek tili taqdiri haqida qayg‘urib, bu borada amalga oshirayotgan ishlari asrlar davomida shakllangan, hatto dunyoning Sharqu G‘arbiga yoyilib ko‘p ellarga millatimiz ruhini olib borgan tilimizning mavqeini qaytadan tikladi. Oltin O‘rdadagi eski o‘zbek tilida bitilgan asarlarning til xususiyatlari, Misr mamluklar davlatida XIV- XV asrlarda amalda bo‘lgan va yuksak saviyadagi badiiy asarlar, shuningdek, lug‘atlar va grammatikaga oid tadqiqotlar bitilgan tilimizning mavqei baland bo‘lganini g‘urur bilan aytib o‘tish joizdir.

“Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yana shu turkchadir” deb afsus nadomatlar chekkan Fitrat domla, turkiy tilga arab-fors so‘zlarini qalashtirib tashlashga tamomila qarshi bo‘lgan va turkiy tilning sofligi uchun kurashgan hamda amalda isbotlagan Abulg‘ozi Bahodirxonning orzu-istaklari ham ana shu qonunda mujassam ekanini eʼtirof etishni istar edim.

Agar Fitrat domla hayot bo‘lganda, shubhasiz, Prezidentimiz imzolagan kechagi qonundan ilhomlangan va ko‘zida yosh bilan “Bugun tilimiz eng baxtli tildir!” deb aytgan bo‘lar edi. Abulg‘ozi Bahodirxon ham mazkur hujjatni buyuk tarixiy voqea sifatida baholab, o‘zbek tilining bundan keyingi ravnaqi yo‘lida o‘z dasturini ishlab chiqqan bo‘lar edi. Axir, u “Shajarai turk” asarida turkiy tilning ravnaq iyo‘lida amalga oshiradigan ishlarining ayrim shtrixlarini chizib bergan.

Tilshunoslar, ijodkorlar undan ibrat olishlari kerak. Ha, turkiy tillar orasida nufuzi va mavqei jihatidan katta bo‘lgan o‘zbek tiliga shu qadar katta eʼtibor berilmagan edi.

Ona tilining qudrati shu qadar cheksizki, mamlakatlar o‘rtasidagi birodarkushlikning oldini olishga, unutilib ketgan davlatlarning tarixini tiklashga asosiy omil bo‘la oladi. Asli unutilib ketgan davlatlar, xalqlar tarixini arxeologlar emas tilshunoslar kashf qilganlari tarixda uchrab turadi. Masalan, Shumer davlatini va shumer xalqi hamda tilini arxeologlar emas, tilshunoslar kashf qilganlar. Miloddan oldingi to‘rtinchi ming yillikka kelganda tarix sahnasidan yo‘qolgan shumer xalqining bugungi turkiy xalqlarga, xususan, o‘zbek xalqiga qarindosh ekanini ham tilshunoslar, tilimiz jonkuyarlari dalillashga harakat qilmoqdalar.

Bir so‘z bilan aytganda bu qonun bizni hali o‘zbek tilining ravnaqi yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirishga ilhomlantiradi.

Nasimxon Rahmonov,

Filologiya fanlari doktori,

O‘zbekiston Milliy universiteti professori

12.04.2020 2497