"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek adabiy tilining asoschilari

O‘tgan asrning 30-yillarida SSSR deb atalmish imperiyada boshlangan qatag‘on o‘zbek millatining eng sara fidoyilarini o‘z domiga tortib ketdi. Mashʼum ofat ijtimoiy hayotning barcha sohalari qatori til va adabiyotimizning iqtidorli namoyandalarini  ham chetlab o‘tmadi, ularning “xalq dushmani”, “jadid millatchilari” tamg‘alari ostida qatag‘on qilingani tarix sahifalarida o‘z aksini topgan.

Jadidlar nomi bilan tarixda o‘z nomini qoldirib ketgan vatan fidoyilari jonlarini garovga qo‘yib, millat taqdiri, kelajagi uchun jang maydoniga kirdilar. Buning uchun avvalo, parokanda xalqni bir g‘oyaga birlashtirish, huquqiy ongini o‘stirish zarurligini  anglab yetdilar. Bu buyuk ishlarni amalga oshirishning birdan bir yo‘li xalqni maʼrifat bilan qurollantirish edi.

Mana shunday ezgu maqsadlarni o‘zlariga shior qilgan jadidlar yangi usuldagi maktablar ochish, gazeta-jurnallar tashkil qilish, teatrlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga bel bog‘ladilar. Albatta, bu kurashlar osonlik bilan kechmadi. Diniy ulamolar jadidlarni “kofir” deb eʼlon qildilar, farzandlarini yangi maktablarga bergan ota-onalarni mahalladan quvg‘in qilish bilan qo‘rqitdilar, maktablarni yopib qo‘ydilar, gazetalarni taʼqiqlab qo‘ydilar, lekin millat ozodligiga bel bog‘lagan millatparvarlar ortga chekinmay, hayotini xavf ostiga qo‘yib kurashni davom ettirdilar.

Lekin milliy alifbomiz, adabiy tilimiz meʼyorlarini ishlab chiqqan jadid bobolarimiz faoliyati, ularning ilmiy merosini to‘liq o‘rganganimiz yo‘q. Munavvar qori, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Ashurali Zohiriy, Elbek singari sanoqligina jadidlar faoliyati to‘liq bo‘lmasa-da, tadqiq qilingani holda, hali Qayum Ramazon, Shokirjon Rahimiy, G‘ozi Olim, Shorasul Zunun, Botu,  Mannon Ramz, Otajon Hoshim, Abdulla Alaviy, Vadud Mahmud, Sanjar Siddiq, Abdulla Yo‘ldosh, Yoqub Omon kabi ko‘plab jadidlarning faoliyati davlat arxivida o‘z tadqiqotchilarini kutib yotibdi. Shuning uchun ham adabiy til tarixiga oid ilmiy adabiyotlarda ham, oliy taʼlim darsliklarida ham o‘tgan asr boshlari o‘zbek tilshunosligi xususida gap ketganda, vaqtli matbuotning paydo bo‘lishi, chor Rossiyasiga qarshi kurashda mahalliy ishchilar sinfining paydo bo‘lishi, oktyabr inqilobidan keyingi o‘zbek tilining rivoji kabi umumiy gaplar bilan cheklanilgan. Hatto o‘zbek adabiy tili tarixining bu davri, jadid tilshunoslari faoliyati haqida mustaqillikdan keyin nashr etilgan adabiyotlarda, ayniqsa, o‘quv adabiyotlarida haligacha maʼlumotlar yo‘q.  Vaholanki, hozirgi o‘zbek adabiy tili meʼyorlashuvida ushbu davr juda katta o‘rin tutadi.

Mazkur adabiyotlarda bu davr o‘zbek tili ko‘proq ruscha-internatsional so‘zlar hisobiga boyib borgani, adabiy til rivojiga Furqat, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi adiblar katta hissa qo‘shgani haqida gapiriladi. Eʼtibor qiling: “Turkistonning Rossiya tomonidan bosib olinishi turli xil iqtisodiy va madaniy aloqalarning rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Rossiyaning chekka o‘lkalarida adabiy va madaniy harakatchilik islomni reforma qilish, uni burjuaziya talablariga ko‘ra modernizatsiyalashtirish yo‘li bilan olib borildi”.

“Ko‘pchilik turkiy xalqlarda bo‘lganidek, o‘zbek xalqi o‘rtasida ham umummilliy tilni yaratish masalasi keng tarqaldi. Natijada barcha turkiy xalqlarda bu masalada ikki xil qarash maydonga keldi. Bulardan birinchisi Ismoil Gaspirinskiy va Vasliy kabi shaxslar tashabbusi bilan yuzaga kelgan panturkistik va panislamistik nazariyalar bo‘lsa, ikkinchisi milliy tilni o‘z ona tili zaminida yaratish tarafdorlari bo‘lgan demokratik maʼrifatparvarlarning qarashidir”.

“Ayniqsa, 1905-yil inqilobidan, mahalliy mehnatkashlar harakatidan cho‘chigan milliy burjuaziya siyosiy va mafkuraviy kurash maydonida o‘z ishini faolllashtirdi. Mahalliy burjuaziya o‘z g‘oyalarini jadidchilik harakati yordamida olib bordi. Natijada bir tomonda burjua-jadid adabiyoti shakllandi va ikkinchi tomonda demokratik adabiyot shakllandi”.

Xohlasangiz, “ziyonet” taʼlim portaliga kirib, o‘zbek adabiy tili tarixi deb qidiruv bersangiz, yuqorida misol keltirilgan o‘quv adabiyotlari turibdi, bemalol o‘qib ko‘rishingiz mumkin.

Jadidlar o‘zbek tilining adabiy meʼyorlarini ishlab chiqish, o‘z qonun-qoidalariga ega bo‘lgan milliy tilimizning o‘ziga xos, betakror xususiyatlarini tadqiq qilish borasida jiddiy faoliyat olib borganlar. Ular millatning millat sifatida shakllanishi, tanilishida maʼlum qonun-qoidalarga solingan, maʼlum meʼyorga keltirilgan adabiy til zarurligini anglab yetganlar. Bu haqda Elbek shunday yozadi: “Til ochundag‘i bo‘lg‘on har turli ellarning har biri uchun tangri tomonidan yuborilg‘on bir quroldir. Ochundag‘i butun ellarning sog‘ yashamog‘i yolg‘uz shu tilning ko‘lagasidaginadur. Negakim, yer yuzida yashag‘on har bir til o‘z tili orqasidag‘ina dong‘in chiqarmoqda va yuksalmoqdadur. Buning teskarisin tutkan ellar yuksalmaklari tursun o‘zlarin ham yo‘qota yozmoqda va yo‘qotmishlar” (Elbekning tilshunoslikka oida asarlari. To‘plovchi: Sh.Bobomurodova. Toshkent, 2001. 1-bet).

Bu jarayonlarda Fitrat boshchiligidagi “Chig‘atoy gurungi”ning faoliyatini alohida taʼkidlash lozim. Ular tomonidan yozuvni isloh qilish, o‘zbek tilidagi tovushlar miqdori, adabiy til qonun-qoidalari ishlab chiqildi. Tinmay izlanishlar, kurashlar, o‘zaro tortishuvlar natijasida 1921-yilning     1-5 yanvarida Toshkentda birinchi o‘lka o‘zbek tili va imlosi qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Milliy yozuvimiz, adabiy tilimiz tarixi aynan shu qurultoy bilan boshlanadi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Mazkur qurultoyda maʼruza qilgan Fitrat, Ashurali Zohiriy va Botu (M.Hodiyev)lar amalda bo‘lgan arab alifbosini isloh qilish, adabiy tilning imlo bo‘yicha fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdilar. Ulardan so‘ng so‘z olgan Botu esa arab yozuvi savod chiqarishda qiyinchilik keltirib chiqarayotgani, bu yozuvni chiqarib tashlab, xuddi boshqa xalqlar kabi lotin yozuviga o‘tish zarurligini taʼkidlaydi. O‘sha davrda lotin yozuvi afzalliklarini targ‘ib qiluvchi, arab yozuvidan tezroq qutulish ishtiyoqida bo‘lgan alohida ziyolilar guruhi mavjud edi. Botu aynan shunday jadidlar manfaatini himoya qilib gapirgan edi. Albatta, bu lotin yozuviga qo‘yilgan dastlabki  qadam bo‘ldi.

Ammo qurultoyda ko‘pchilikning ovozi bilan isloh qilingan arab alifbosi saqlab qolinib, o‘zbek tilining imlo qoidalari tasdiqlanadi va quyidagicha qaror qabul qilinadi:

1.Isloh qilingan imloda harf va unli alohida yuritilsin (yaʼni har bir unli alohida harf bilan ifodalansin).

2.Harflarimizning soni 23ta, unlilar soni 6ta deb belgilansin.

3.Yozuvda harfning bitta shaklidan foydalanilsin.

4.Tilimiz orasiga kirib qolgan yot so‘zlar ham o‘z harflarimiz bilan yozilsin.

Jadidlar alifboni iloji boricha soddalashtirishga, savod chiqarish, ilm o‘rganish uchun osonroq qilishga intildilar, arab tiliga xos bo‘lgan harflarni alifbodan chiqarib tashladilar. Maʼlumki, arab harflari 4 xil ko‘rinishga ega bo‘ladi, milliy alifbomizda uning faqat bosh shaklidan foydalanishni tavsiya qildilar va bu ham alifboni soddalashtirishga qaratilgan muhim qadam edi.

Mazkur qurultoy o‘zbek ziyolilari, qolaversa, butun o‘zbek millati taqdirida o‘chmas iz qoldirdi, chunki shu kundan boshlab maʼlum qonun-qoidalarga asoslangan milliy adabiy tilining rivojlanishi, adabiy til sifatidagi mavqeini oshib borishiga keng yo‘l ochildi. Bu haqda jadid bobomiz Elbek shunday yozgan edi:  “Bu kun o‘zbek eli chindan o‘zin qutqardi va uning erkli yashamog‘iga keng bir yo‘l ochdi. Bir ulusning dunyoda borliqqa chiqara turg‘on narsasi, shubhasiz uning milliy narsalari va tili bo‘lg‘usidir. Milliy narsasi yo‘q bir el totli bir turmush bilan yashayolmog‘onlig‘i kabi tilin yo‘qotqon bir elda o‘zni yo‘qotqon bo‘lur. Bizning bu qurultoy o‘zbek xalqi uchun tarixiy bir qurultoy bo‘lg‘oni kabi, buning boshida turub ishlovchilarda tarixda buyuk bir o‘run tutqusidir. Bundan so‘ng o‘zbek xalqi yolg‘uz o‘zlarining yo‘lboshchilari bo‘lg‘on yangilikni istaguchilar ketidan ketadir. Chunki bular xalqchidir, o‘zbeklarni qorong‘u yerlardan yoruq o‘runlarg‘a olib chiqquchi bir yo‘lboshchidir”.

Qurultoy qarori bilan arab alifbosi saqlanib qolgan bo‘lsa ham, arab yozuvini saqlab qolish tarafdorlari bilan lotin yozuviga o‘tishni yoqlovchilar o‘rtasidagi bahs-munozara, tortishuvlar to‘xtamadi. Boshqa turkiy respublikalarning lotin yozuviga o‘tishi, arab yozuvining savod chiqarishdagi qiyinchiliklari lotin yozuviga o‘tish jarayonini tezlashtirdi.

1926-yilda Boku shahrida turkiy xalqlar konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda barcha turkiy xalqlar umumiy yozuv – lotin yozuviga o‘tish haqida qaror qabul qilinadi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda ham lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha ishchi komissiya tuziladi. Komissiya tomonidan lotin grafikasi asosida tuzilgan yangi o‘zbek alifbosi ishlab chiqiladi.

Lekin yangi alifbo, imloga o‘tish uchun juda katta tashkiliy ishlarni amalga oshirish zarur edi. Buning uchun birinchi navbatda, o‘zbek adabiy tili uchun asos sheva bo‘yicha bir qarorga kelish, adabiy tildagi atamalarni ilmiy asosda hal  qilish hamda imlo qoidalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish lozim edi.

Adabiy til masalasi. O‘sha davr matbuoti, taʼlim tizimida hududiy xususiyatidan kelib chiqib shevaga xos so‘zlardan, turkcha, tatarcha, ruscha til elementlaridan foydalanish keng avj olgan edi, bir so‘z bilan aytganda, maʼlum adabiy til meʼyorlariga rioya qilmaslik, boshbodoqlik hukm surardi. Shuning uchun birinchi navbatda, adabiy til qanday belgilar asosida shakllanishini belgilab olish zarur bo‘lgan. Bu haqda Mannon Ramz shunday yozadi: “Bizning adabiy til tuzulishi uchun asoslar quyidag‘ilar bo‘ladi:

a – o‘zbek shevalaridan birini tanlab asos qilib olish. U qaysi sheva bo‘ladi? Shuni hal qilish.

b – boshqa shevalarning baʼzi kerakli unsurlarini ola borish.

g – o‘zbek tilining Navoiy, Lutfiy davridagi unsurlari, Feruzshoh, Kamol Xorazmiy, Umarxon, Muqimiy, Furqat davrlari ham jadidchilar davrlaridan tegishli unsurlarni olish.

d – manbalar: xalq adabiyoti, eski adabiy o‘zbek tili asosida yozilg‘on adabiyotlar, hozirg‘i shevalar haqida tekshirish materiyollari bo‘la oladi.

j – o‘zbek adabiy tili asoslarini belgilashda hozirg‘i (boshvoqsiz bo‘lsa ham) ishlanib kelayotgan bir muncha rasmiyat olg‘on adabiy til asos bo‘lishi lozim”. (Jamolxonov H., Umarov A. O‘zbek yozuvining XX asr tarixi. 1-kitob. Toshkent, 2017. 189-190-betlar)

To‘g‘ri taʼkidlanganidek, har shevalardan xalq uchun tushunarli bo‘lgan so‘zlarni o‘zlashtirgan holda, tayanch sheva masalasini hal qilish kerak edi. Ashurali Zohiriy va boshqa ko‘plab jadidlar adabiy til uchun Farg‘ona shevasi tayanch dialekt bo‘lishini yoqlaydilar. Bu haqda Ashurali Zohiriy shunday yozadi: “Adabiyotimizning asosi jonli til (xalq adabiyoti) bo‘lishi lozim, dedik. Shundoq bo‘lg‘och, men Farg‘ona (vodiysi) shevasini taqdim etsam, xato qilmag‘on bo‘lurmen. Bunda “qo‘ng‘uz oppog‘im”, “kirpi yumshog‘im der” degandek bo‘ldi, mendan kulmasdan, balki so‘zimni quvvatlaydurg‘onlar ko‘brak bo‘lur. Chunki bu kungi o‘zbak adabiyotining (bosma so‘zining – yozma adabiyotining degani) tili (undag‘i baʼzi bir mahalliychilikni eʼtiborg‘a olmag‘onimizda) Farg‘ona shevasining o‘zidur. Shevaning o‘zi bosma so‘zni va uning tevaragidagi omillarni tabiiy ravishda o‘ziga tortqon. Endi biz uning ichiga boshvoqsizlik yoki mahalliychilik taʼsiri ostida qolg‘on va qoladurg‘on so‘zlar to‘g‘risida bir fikrga kelib olsaq, ham yana tag‘in soddalashtirish, xalqqa yaqinlatish, ishchi, dehqon ommasi ichidan oling‘on so‘zlar bilan boyitish chorasini ko‘rsak bo‘ladi”.

Imlo masalasi. Lotin yozuviga o‘tilishi munosabati bilan  imloda mavjud bo‘lgan ko‘p muammolarni hal qilish lozim edi. Eng katta muammo bu – barcha turkiy tillarda mavjud bo‘lgan singarmonizm masalasi. Maʼlumki, singarmonizm (unlilar uyg‘unligi) barcha turkiy tillar uchun xos bo‘lgan qonuniyat bo‘lib, o‘zbek tilida ham bo‘lishi kerakmi? Degan masala kun tartibiga chiqadi. O‘zbek tili turk, qozoq, qirg‘iz tillaridan farqli ravishda ko‘p shevali til hisoblanadi. Shuning uchun ham singarmonizmning o‘zbek tilida mavjudligi xususida tilshunoslar o‘rtasida munozara, tortishuvlar bo‘lib o‘tadi.  Haqiqatan ham, o‘sha davrda singarmonizm shahar shevalarida o‘z maqeini yo‘qotgan bo‘lib, faqat qishloq shevalarida saqlanib qolgan edi. Ye.Polivanov boshchiligidagi bir guruh tilshunoslar adabiy til tovush jihatidan Toshkent, Farg‘ona, Samarqand shevalariga asoslanishi kerak, degan taklifni bersa, Fitrat, Elbek kabi jadidlar singarmonizm qonuniyatini saqlab qolgan qishloq shevalari asos bo‘lishi kerakligini aytishadi.

Istiloh (atama)lar xususida. Jadidlar O‘zbekistonda fanlarning rivojida atamalarning muhim o‘rin tutishiga alohidda eʼtibor berganlar.   Ilmiy asoslangan atamalarsiz fanlarning rivojlana olmasligini tushunganlar. Shuning uchun ularni bir qoidaga solishga harakat qilganlar. Xorijdan kirib kelayotgan atamalarning birinchi navbatda o‘zbekcha muqobilini yaratish, isteʼmolda mavjud bo‘lmasa, eskirib qolgan so‘zlarga murojaat qilish, umuman yangi tushunchani ifodalovchi, o‘zbek tilida muqobili bo‘lmagan xorijiy atamalarni o‘z holida qoldirish singari qoidalar taklif qilinadi.

Matbuotdagi va turli yig‘ilishdagi mana shunday munozaralar 4 oy davom etadi. Shunday jiddiy tayyorgarlikdan so‘ng 1929-yilning may oyida Samarqandda Respublika til-imlo konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Konferensiyada singarmonizmli qishloq shevalariga asoslanib tuzilgan lotin-o‘zbek alifbosi tasdiqlanadi. “Singarmonizm o‘zbek tilining qo‘rg‘oni” deb baholandi. Bu esa imloda bir qancha qiyinchiliklarni keltirib chiqardi, imlo bilan talaffuz o‘rtasida tafovut vujudga keldi. Shuning uchun ham imlo bo‘yicha tortishuvlar to‘xtamadi. Natijada 1934-yilda Toshkentda alifbo va imloga bag‘ishlangan Respublika qurultoyi o‘tkazilib, unda o‘zbek adabiy tilida unlilar miqdori 9 ta emas, 6 ta deb hisoblash kerakligi haqida qaror qabul qilinadi.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, 1929-yilgi konferensiya o‘zbek tilshunosligi tarixiga yangi sahifalarni olib kirdi. Konferensiyada uchta muhim tarixiy “O‘zbek adabiy tili to‘g‘risida”, “O‘zbek tili imlosi to‘g‘risida” hamda “Istiloh (atama)lar to‘g‘risda” qarorlar qabul qilinadi.

Albatta, jadidlar o‘zbek tilini ham boshqa tillar kabi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy davridan shakllanib kelgan hamda hamma uchun tushunarli bo‘lgan turli shevaga oid so‘zlar bilan to‘ldirilgan  so‘z boyligiga ega bo‘lgan,  imlo meʼyorlari mukammal ishlangan, maʼlum meʼyorga keltirilgan adabiy til bo‘lishini orzu qildilar va shu yo‘lda jiddiy faoliyat olib bordilar. Millat uchun, milliy til sofligi, uning qonun-qoidalarini ishlab chiqish yo‘lida jonini tikkan jadid bobolarimizning zahmatli mehnatlari zoye ketmadi. Fikrlar xilma-xilligiga qaramay, millat taqdiri uchun qayg‘urgan, kerak bo‘lsa jonini bag‘ishlagan millat fidoiylarining xatti-harakatlari tufayli o‘zbek adabiy tili meʼyorlariga asos solindi va u bosqichma-bosqich shakllanib bordi.

Navoiyshunos olim E.Fozilov o‘zbek adabiy tili tarixini davrlashtirar ekan, uni 4ta davrga ajratadi. 4-davrni “Yangi o‘zbek adabiy tili – XX asr (Hamza Hakimzoda Niyoziy va uning zamondoshlari – o‘zbek adabiy tilining asoschilari)” deb nomlaydi. Bizningcha, “va uning zamondoshlari” so‘zlarining o‘rniga “jadid namoyandalari” so‘zlarini qo‘ysak, tarixiy haqiqat qaror topgan bo‘ladi, yaʼni “Jadid namoyandalari – o‘zbek adabiy tilining asoschilari”  deyishga to‘la asosimiz bor.

Xulosa o‘rnida quyidagi taklifni o‘rtaga tashlamoqchimiz:

O‘zbekiston Davlat arxivida saqlanayotgan 1900-1940-yillar davridagi jadidlarning adabiy til rivoji uchun olib borgan faoliyati monografik planda to‘liq tadqiq qilinishi, keng jamoatchilikka eʼlon qilinishi, o‘zbek tilshunosligi tarixining mana  shu mavhum qism qayta to‘ldirilib, o‘quv adabiyotlaridan o‘rin olishi maqsadga muvofiq. Shu orqali kech bo‘lsa-da, bobolarimiz oldidagi qarzimizni ado etgan bo‘lamiz. 

Qirg‘izboyev A., 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri,

siyosatshunoslik fanlari doktori, professor

Azimov I., 

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

17.04.2020 2496