"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Adabiy tanlovlarning g‘oliblari taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlarida “Abdulla Oripov izdoshlari”, "O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdoni” ko‘rik-tanlovlarining tuman-shahar, viloyat va Respublika bosqichlarini tashkil etish belgilangan edi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalq ta’limi vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda ko‘rik-tanlovlarning tuman va shahar, viloyat bosqichlarini o‘tkazdi.


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil  aprel oyida Respublikamizdagi 206 ta tuman va shaharda tanlovlarning birinchi bosqichi o‘tkazildi. Mamlakatimizdagi 9000 ga yaqin maktab mazkur tanlovlarga jalb etildi. Tanlovning viloyat bosqichiga har bir tuman va shahardan 2 nafar g‘olib yo‘l olishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yoo‘uvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, kitobxonlik rivojiga alohida rag‘bat va e’tibor ko‘rsatish, ustoz yozuvchi  va shoirlarning ijodini mukammal o‘rganish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.


Mazkur tanlovda yurtimiz o‘quvchi-yoshlari g‘oyat faol qatnashgani  ularning kitobga, adabiyotimizga bo‘lgan e’tibori , mehri va ixlosi tobora ortib borayotganining yana bir amaliy ifodasidir. Tanlov  jarayonida atoqli adiblar nomi bilan ataluvchi ijod maktablaridan ham  viloyat bosqichiga bir nafardan ishtirokchi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

 Tanlovning viloyat bosqichi may oyining ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarda bo‘lib o‘tdi. “Abdulla Oripov izdoshlari” ko‘rik-tanlovi bo‘yicha bir nafar, “O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdoni” ko‘rik-tanlovi bo‘yicha bir nafar, atoqli adiblar nomi bilan ataluvchi ijod maktablaridan ham xuddi shunday ikki nafardan, jami Respublika bosqichiga 46 nafar ishtirokchi yetib keldi.

Tanlovlarning respublika bosqichi ham adabiyot, she’riyat, nafosat bayrami tarzida bo‘lib o‘tdi.


Mazkur tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarini saralash uchun tanlov komissiyasi tomonidan viktorina savollari to‘planib, shu orqali ishtirokchilarning bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Faxrli o‘rin sohiblariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qimmatbaho sovg‘alari va diplomlar topshirildi. Tanlov ishtirokchilarining barchasiga uyushma tomonidan chop etilgan kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. Aslida bu tanlovda ishtirok etgan barcha o‘quvchilar g‘olibdir. Negaki, ular o‘z bilimi, iqtidori, izlanishini adabiy jamoatchilikka namoyish etishga, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlash va izlanishga astoydil ahd qilgani diqqatga sazovordir.


Nazokat Usmonova, O‘zA


uza.uz

12.10.2021 556