"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Endi davlat tilida markirovka qilinmagan tovarlarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi

Endi davlat tilida markirovka qilinmagan tovarlarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi

2020-yil 1-avgustdan boshlab isteʼmol tovarlarining ayrim turlari ishlab chiqaruvchi tomonidan davlat tilida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida markirovka qilinmagan taqdirda ularga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish taqiqlanadi, deb xabar bermoqda Norma.

2013-yil 1-iyuldan boshlab roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan import isteʼmol tovarlari oʻzbek tilida markirovka qilinishi lozim. Tovarlar ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan markirovka qilinadi. Bunda tovarlarning turiga qarab markirovka qilish usullari va unda aks ettiriladigan maʼlumotlar tanlab olinadi.

Qayd etilishicha, 2018-yil 1-sentyabrdan tovarlarning bunday majburiy markirovkasiz “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirishga ruxsat berilgan. Biroq, shu bilan birga, Oʻzbekistonga olib kiriladigan bir qator tovarlar majburiy tartibda sertifikatlashtirilishi lozim. 2020-yil 1-avgustdan boshlab tovarlar majburiy sertifikatlanadigan boʻlsa, ularda majburiy tartibda davlat tilidagi markirovkaning mavjud boʻlishi mazkur tovarlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish sharti hisoblanadi.

Shunga koʻra, bunday tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishda markirovka talab etilmasa ham, sertifikatlangan mahsulotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatsiz realizatsiya qilish savdo qoidalarini buzish hisoblanadi va bu holat turli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunda tovarlar sotuvga chiqarilmaydi (Oʻzbekistonda chakana savdo qoidalarining 189-bandi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 164-moddasi, Jinoyat kodeksining 189-moddasi).

Ilgarigidek, isteʼmol qadoqlari boʻlmagan tovarlarga nisbatan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda davlat tilida markirovka qilish talab etilmaydi.

18.03.2020 616