"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili amal qilishini rivojlantirish yo‘lida

O‘zbek tilini davlat tili sifatida mamlakatimiz miqyosida, barcha sohalarda rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilib, bu sohada xalqimizga, qolaversa, tilimiz fidoyilari, jonkuyarlari, barcha mutaxassislariga keng imkoniyatlar yaratildi.

Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda uning ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Mamlakatimizda 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni deb eʼlon qilinganligi, 2020-2030 yillarda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan konsepsiya va davlat dasturi ishlab chiqilayotgani, “Davlat tili haqida”gi qonun bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yangi tahrirda tayyorlangani va bu boradagi ishlarimiz tizimli va aniq reja asosida olib borilayotgani ona tilimizga bo‘layotgan munosabatimizning yorqin isbotidir. Davlat tilining mavqei hamda rivojiga davlatimiz rahbari tomonidan qaratilayotgan alohida eʼtibor va nazorat quvonarli hol, albatta.

Bugun Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmasi sifatida faoliyat yuritayotgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti ham Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning zimmasidagi vazifalar yuqoridagi ikki hujjatda, shu bilan birga, 2019 yil 12 dekabrda tasdiqlangan Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risidagi nizomda qatʼiy belgilab qo‘yilgan. Departament o‘z faoliyatini vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Hozirgi vaqtgacha departament tomonidan butun respublikada davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolar izchil o‘rganilib, ularning yechimlari yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va tegishli ishlar bajarilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida davlat bosh qaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya qilish, ish yuritishni davlat tilida tashkil etishga shaxsan masʼul ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Qaror bilan rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Bugungi kunda hokimliklar, vazirlik va idoralarda ushbu lavozimda 300 nafarga yaqin mutaxassis ish boshladi. Maslahatchilar zimmasidagi vazifalar ham qarorda belgilab qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasi huzurida turli soha vakillari, shuningdek, tilshunos olimlardan iborat 49 kishilik tarkibda Atamalar komissiyasi tuzildi. Komissiyaning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari Atamalar komissiyasi to‘g‘risidagi nizom bilan tasdiqlab qo‘yilgan. Nizomda komissiyaning ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlash, o‘zbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonun hujjatlariga joriy etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga atamashunoslik masalalari bo‘yicha maslahat berish kabi qator vazifalarni bajarishi, shuningdek, uning huquq va majburiyatlari belgilab berilgan.

Tilimizning amalda — ham og‘zaki, ham yozma, rasmiy va boshqa uslublarda keng qo‘llanishini yo‘lga qo‘yish, bunda barcha zaruriy choralarni qo‘llash, sohaning yetuk mutaxassislarini tayyorlashda katta bazamiz mavjud. Bu, shubhasiz, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidir. Bugun mazkur universitetda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, tarjimonlar, noshirlar tayyorlash bilan birga, oliy adabiyot kursi tinglovchilari tahsil oladilar. Universitetda tilshunoslik, til tarixi, adabiyotshunoslik, tarjimachilik, noshirlik ishlarini to‘g‘ri tashkil etish kabi sohalarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Bugungi globallashuv sharoitida o‘z tilimizning boshqa tillar taʼsirida o‘zgarib ketmasligi, gavhardek qimmatli durdona so‘zlarni yo‘qotib qo‘ymasligi uchun ushbu universitetning faoliyatini yana-da kengaytirishga ehtiyoj sezildi. Taʼlim muassasasining hayotida o‘zbek tilining o‘rnini kuchaytirish va xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini mustahkamlash borasidagi faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi yana bir qaror qabul qildi. 2020 yil 3 mart kuni tasdiqlangan ushbu qaror bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti oliy taʼlim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘zbek tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik bo‘yicha tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi. Universitet negizida butun respublikadagi oliy o‘quv dargohlarida o‘z bo‘linmalariga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.

Markaz hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida tashkil etilgan 13 ta filialida davlat tashkilotlari xodimlari uchun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvi, o‘zbek adabiy tili meʼyorlari, davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Markazda davlat tashkilotlari xodimlari tashkiliy, farmoyish, maʼlumot-axborot hujjatlari, xizmat va diplomatik yozishmalarni, aholi esa faqat kundalik hayotda faol qo‘llanadigan maʼlumot-axborot hujjatlarini o‘rganadi.

Unda pedagoglar va tinglovchilar hamkorligida o‘quv loyihalari, keys-stadilar tayyorlanadi. Bu o‘quv mahsulotlari amaliy o‘zbek tilini egallashni takomillashtirish, o‘zbek tili funksional qamrovining kengayishi, o‘zbek tilida ish yuritish uslubini takomillashtirish bilan birga, davlat tili taʼlimida fan — taʼlim — ishlab chiqarish uzviyligini qaror toptirishga ham xizmat qiladi.

Amaliy vazifalar aniq o‘z ifodasini topgan, bu sohada xizmat qilayotgan mutaxassislar zimmasiga jiddiy vazifalar yuklaydigan qarorlardan biri Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martdagi “O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlarning O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tuzilmasida besh shtat birligida sotsiolingvistika bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari maʼqullanib, bo‘limning vazifalari belgilab berilgan. Bo‘lim o‘zbek tilining tabiati, ijtimoiy munosabatlardagi o‘rni, vazifalari, ijtimoiy munosabatlarning tilga taʼsiri, tilimiz bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib, ilmiy-nazariy jihatdan tatbiq etadi. Tilimizning takomili yo‘lida asosli, teran negizli tadqiqotlar, amaliy va innovatsion tajribalarni amalga oshiradi, sohadagi ilmiy izlanishlarni kuchaytiradi. Izohli va boshqa lug‘atlar, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qo‘llanma va adabiyotlar tayyorlaydi. Bugungi kunda izohli lug‘atni mukammallashtirish nechog‘liq muhim bo‘lsa, kitobning o‘zi barcha tashkilotlar uchun shu darajada zarur.

 Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan sotsiolingvistika bo‘limi zimmasiga muhim vazifalar yuklangan. Eng dolzarb vazifalardan biri bu o‘zbek tilining mavjud imlo qoidalarini mukammallashtirishdir.

Xalqaro atama elementlari bugungi globallashuv davrida keng quloch yoygan. Biroq zimmasida davlat tilida ish olib borish, hujjatlarni aniq va to‘g‘ri yuritish vazifalari bo‘lgan rahbarlar, xodimlarning xalqaro atamalar bilan tanish emasligi juda ayanchlidir. Shu bois, xalqaro atamalar lug‘ati yaqin vaqtda, 2020 yilning III choragida chop etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ijtimoiy siyosiy atamalar, turli fan sohalari atamalari, o‘zbek tili maʼnodosh so‘zlari, frazeologizmlari izohli lug‘atlarini mukammallashtirish bugungi kunda eng zaruriy vazifalardan biri bo‘lib bormoqda.

Mavjud tajribalardan kelib chiqib, lug‘atlarni tuzuvchi ishchi guruhlarni tashkil etishda avval shu turdagi lug‘atlarga mualliflik, hammualliflik qilgan tajribali olimlar jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Lug‘atlarni mukammallashtirish, ularda xalqimiz ilmiy, maʼrifiy va badiiy tafakkurining bebaho mahsuli bo‘lgan ona tilimizdagi barcha so‘zlar, barqaror birikmalarni qamrab olish eng muhim mezon sifatida belgilab berilgan.

Qaror ilovasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2020-2022 yillarda o‘zbek tili va adabiyotiga doir fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari keltirilgan. Unga ko‘ra, yangilanib, to‘ldiriladigan, qayta ishlanadigan lug‘atlarning barchasi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan chop etilishi rejalashtirilgan.

2020 yil 9 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida va Vazirlar Mahkamasining kotibiyat mudirlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman va shahar hokimlari ishtirokida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida respublikamizdagi geografik obyektlarning nomlarini, shuning dek, jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilishi masalalari atroflicha va tanqidiy ravishda ko‘rib chiqildi va bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Bu ayni muddaodir. Sababi, xalqimizning ko‘plab eʼtirozlari reklamalarga nisbatan bo‘lib, biz ushbu huquqiy asos bilan muayyan muddatda reklamalarda davlat tiliga eʼtiborning kuchaytirilishiga erishamiz.

Endi tilimizning rivoji uchun sarmoya ham bor. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan jamg‘arma tashkil etilgan. Mazkur jamg‘arma mablag‘lari o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilini rivojlantirish lo yihalariga turli grantlar ajratishga, o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha kitoblar, qo‘llanmalar, lug‘atlar va boshqa kitob mahsulotlari chiqarishga hamda ilmiy tadqiqotlarni, shuningdek, tilimizni rivojlantirishga oid mediamahsulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar va boshqa elektron materiallarni tayyorlash ishlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Bundan tashqari, jamg‘arma o‘zbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlash maqsadida davlat tilidagi materiallarni xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlarga va xorijiy mamlakatlardagi o‘zbek tilini o‘rgatish markazlariga yetkazib berishdek xayrli ishlarda ham ishtirok etadi.

Ushbu masʼuliyatli vazifalarni ijro etishda har bir yurtdoshimiz bizga yelkadosh bo‘lsa, millatimizning maʼnaviy belbog‘i bo‘lgan ona tilimizning takomili, uning dunyo hamjamiyatida yana-da mustahkam mavqe tutishiga, albatta, erishamiz.

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV,

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, professor

24.04.2020 729