"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida ham O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tadbir tashkil qilindi

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida ham O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tadbir tashkil qilindi

Til — har bir millatning ko‘zgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan — millat barhayot.

Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson o‘z onasini ko‘rmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas.

Bu fikrimizning isboti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqini keltirishimiz mumkin: «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin».

1989-yil 21-oktabr. Bu sanani unutishga aslo haqqimiz yo‘q.

Zero, aynan shu kunda o‘zbek tilining haqiqiy jozibasini anglashni boshlashga imkoniyat berilgan edi. Biroz fursat o‘tib Vatanimiz Mustaqilligi e’lon qilindi va albatta, shoir aytganiday “elkamizga oftob tega boshladi”. Ming shukurki, o‘sha lahzalardan buyon istiqlolning sarin shabadalari boshimizni silab esadi.

Yaqindagina jonajon yurtimizda Hurlik bayramini keng tantana tariqasida nishonlagan edik. Ayni damlarda esa o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan, O‘zbek tili bayrami kuni bilan bir-birimizni tabriklab turibmiz.

Yurtimizning barcha manzillarida bo‘lib turgani kabi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida ham O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan katta tadbir tashkil qilindi.


Boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi O.To‘xtashev tashabbusi va Aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati hamda Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamkorligida 20-oktabr kuni tizimdagi barcha filiallar ishtirokida “Til — millat ko‘zgusi” shiori ostida bayramoldi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Tadbir mehmonlari sifatida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining siyosiy sharhlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Shuhrat” medali sohibi, Xalqaro Antik dunyo ilmiy akademiyasi akademigi, Xalq ta’limi a’lochisi Qobilbek Karimbekov hamda faxriy telejurnalist, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi, Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Norxo‘roz Rahimov ishtirok etib, tilimizning o‘ziga xos tarixi va jozibasi xususida mulohaza yuritdilar.


Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi, shoir va jurnalist Orif To‘xtash Ona tilimiz ehtiromiga bag‘ishlangan she’rlaridan na’munalar o‘qib berdi. Mazkur ijodiy uchrashuv ishtirokchilar, ayniqsa tizim yoshlari qalbida iliq taassurot uyg‘otdi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

07.11.2021 441