"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Minnatdorlik tuyg‘usi bilan

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor PAK yaxshilikning qadriga yetadigan, ezgulikka xayrixoh, qalbi allaqachon o‘zbeklashib ketgan hamyurtlarimizdan.

Viktor Nikolayevich ona tilimizga hurmat bilan qaraydigan, ibratli milliy fazilatlarimizni minnatdorlik bilan eʼtirof etadigan mehridaryo inson.

– Bugungi sinovli kunlarda o‘zbek xalqining qanday millat ekani yana bir karra jahonga namoyon bo‘lmoqda, – dedi Viktor Pak. – Aslida, qadimdan o‘zbek xalqi saxovatli, bag‘rikeng sanalgan. Qo‘ni-qo‘shnilarga, muhtojlarga yordam qo‘lini uzatish o‘zbeklarning qon-qonida bor.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanib, endilikda tobora keng quloch yozayotgan "Saxovat va ko‘mak" umumxalq harakati endilikda jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston bo‘ylab tobora avj olayotgani quvonarlidir.

Bugungi kunda barcha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar ushbu harakatga qo‘shilishni o‘zining ham fuqarolik, ham chin farzandlik burchi, deb bilmoqda. Imkoni bor barcha hamyurtlarimiz bu ezgu ishga baholi qudrat hissa qo‘shmoqda.

Prezidentimizning barcha xavfni oldindan ko‘ra turib, tezkor, amaliy, qatʼiyat bilan ko‘rgan choralari sababligina davosi nomaʼlum bo‘lgan dardning oldi olinmoqda. Ayni paytda shifokorlarimizning qahramonligi, Milliy gvardiya, harbiylar, ichki ishlar, yo‘l-patrul xizmati, favqulodda holatlar bo‘yicha soha mutaxassislarining fidoyiligi, xalqimizning sabru qanoati xavfli kasallik balosini yengishda muhim omil bo‘lmoqda.

1937-yilda sobiq sho‘rolar davrida koreys xalqi bu yerlarga majburiy olib kelingan edi. Og‘ir damlarda birinchi bo‘lib yordam qo‘lini uzatgan ham, bir burda nonini biz bilan baham ko‘rgan ham o‘zbek xalqi bo‘ldi. Bu yaxshilikni biz hamisha cheksiz hurmat va minnatdorlik bilan yodda saqlaymiz.

Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston boshiga musibat tushgan qancha-qancha bolalarni o‘z bag‘riga oldi. Holbuki, ularning birontasiyam bolalar uyida qolib ketmadi. Bari o‘zbek xonadonlarida, oilalarda kamolga yetdi.

Hozirgi sinovli kunlarda o‘zbek xalqining bu fazilati bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lmoqda.

Ko‘p millatli mamlakatimizda koreyslar ham ahil va yagona oila farzandlaridek istiqomat qilayotir. Ularning ko‘pchiligi o‘zbek tilini yaxshi biladi. O‘zbekona qadriyatlar, anʼanalarga alohida hurmat bilan qaraydi.

Farzand taʼlim-tarbiyasini ustuvor bilgan yurtimizda – jonajon O‘zbekistonimizda jahonda birinchilardan bo‘lib on-layn maktablar, teledarslar tashkil etildi. Aytishgagina oson bo‘lgan bu jihat aslida juda katta va ezgu, savobli saʼy-harakatdir. Ushbu teledarslardan bugun millati, tilidan qatʼi nazar, barcha bolalar birdek bahramand bo‘lmoqda. Vaholanki, dunyoda IT sohasi ilgarilab ketgan davlatlar ham bor-ku. Lekin O‘zbekistonning bolalar uchun birinchilardan bo‘lib on-layn mashg‘ulotlar joriy etgani ota-onalar, o‘quvchilar, ustozlar, yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda yuksak baholanmoqda.

Xalqimizning ahilligi, hamjihatligi bugungi sinovli kunlarni munosib tarzda yengishga imkon berayapti. Zero, Prezidentimiz tomonidan ko‘rilayotgan tezkor, uzoqni ko‘zlovchi, kuchli ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan amaliy choralar yurtdoshlarimizning ko‘nglini ko‘tardi. Dunyo miqyosida yuksak eʼtirof etilmoqda.

30.04.2020 509