"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat xizmatchisining nutq madaniyati haqida so‘z yuritildi

   

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimi xodimlari Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan har juma kuni tashkil etiladigan bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulari haqida maʼlumot berib boruvchi “Siyosiy-maʼrifat soati”da faol ishtirok etib keladilar. “Siyosiy-maʼrifat soati”ning bugungi soni til va nutq madaniyati masalalariga bagʻishlandi. Unda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rahimboy Jumaniyozov “Muloqot madaniyati va notiqlik sanʼati” mavzusida maʼruza qildi. Bu bejiz emas, albatta. 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan respublika boʻylab oʻzbek tili oyligi boshlanadi va shu munosabat bilan turli mavzu vav mazmundagi tadbirlar oʻtkaziladi. Bu maʼrifiy soatni ham shunday tadbirlardan biri sifatida qayd etish mumkin. Chunki bu maʼrifiy soatni har bir davlat xizmatchisi tomosha qilar ekan, davlat xizmatchisi uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni oladi. Ayni paytda davlat tilini mukammal bilish va unda ish yurita olish, muloqot madaniyati ham davlat xizmatchisi oldiga qoʻyiladigan asosiy talablardan biri hisoblanadi. Zotan, nutq madaniyatini yuksak pogʻonaga koʻtarish, uni yanada rivojlantirish bugungi oʻzbek tilshunosligining eng dolzarb masalalaridan biri boʻlib qolmoqda. Shuning uchun ham tilshunoslikning alohida sohasi sifatida oliy taʼlim muassasalarida yuksak darajadagi nutq madaniyatiga ega boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash maqsadida “Nutq madaniyati asoslari” fani oʻqitiladi. Chunki nutq madaniyati insonning maʼnaviy hayotida, uning madaniy saviyasini koʻtarishda, ilmiy va badiiy tafakkurini oʻstirishda juda muhim oʻrin egallaydi, oʻz ona tilida soʻz boyligini oshiradi. Shu nuqtayi nazaridan R.Jumaniyozov raqobatbardosh kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish va davlat xizmatchilarining davlat tilida ish yuritish va notiqlik mahoratini toʻliq egallashida nutq madaniyatining oʻrni va rolini koʻrsatish bugungi kunning asosiy masalalaridan biri ekanligini alohida taʼkidladi.



Filolog olim nutq madaniyatini oʻstirish faqat filologiya sohasidagi taʼlimiy-tarbiyaviy ish boʻlmasdan gʻoyaviy-siyosiy, maʼrifiy ishlarning ham eng muhim tomonlaridan birini tashkil etishi, bu esa ham boʻlajak mutaxassislar, ham davlat xizmatchilari uchun zaruriy ehtiyoj ekanligini misollar yordamida tushuntirdi. Bu ehtiyoj notiqlik sanʼati sirlarini oʻrganish, adabiy til meʼyorlariga rioya qilgan holda toʻgʻri gapirish va yozish, tilning leksik va grammatik birliklaridan oʻrinli va maqsadga muvofiq foydalana olish sanʼatini oʻrganish orqali roʻyobga chiqadi. Har qanday adabiy tilning oʻziga xos shakllanish va rivojlanish qonuniyatlari boʻlib, bu qonuniyatlarning ichki mohiyati adabiy meʼyorlarning xususiyatlari bilan bogʻliqdir.

Maʼlumki, adabiy til umumxalq tilining yuqori, oliy shakli sifatida har doim meʼyoriylikka intiladi. Chunki adabiy til umumxalq quroli boʻlib, uning lisoniy vositalari, u amal qiladigan ilmiy va amaliy qoidalar, ularni tatbiq qilishni tartibga solib turuvchi darsliklar, qoʻllanmalar, koʻrgazmali qurollar, umuman, oʻquv jarayonlari va taʼlim har doim muayyan darajada adabiy til meʼyorlarini takomillashtirib borishni talab qiladi. Bunday takomillashtirish, avvalo, adabiy tilning umumxalq aloqa quroli sifatidagi vazifasini unumliroq, yaxshiroq bajarishiga xizmat qilsa, ikkinchidan, adabiy tilning oʻz lisoniy negizi hisoblanuvchi xalq soʻzlashuv tilidan uzoqlashib ketmasligini taʼminlaydi. Darhaqiqat, ustozimiz, filolog olim Ernest Begmatov ham nutq madaniyati tushunchasi haqida soʻz yuritib, til va nutq tushunchalarining mohiyatidan kelib chiqadigan boʻlsak, til madaniyati tilning leksik, sintaktik, semantik, ifodalilik va turfa oʻzgaruvchanligi qay darajada rivojlangan va boy ekanligini koʻrsatsa, nutq madaniyati nutqiy muloqot asosida borliq va shaxs haqidagi axborotni yuzaga keltirish, uni til tizimi belgilari orqali ifodalash va aniq yetkazish usuli ekanligi haqida soʻz yuritgan. Yoki til madaniyati tilning “madaniylashganlik”, adabiylashganlik, normalashganlik darajasini, lugʻat tarkibi, grammatik, semantik, stilistik jihatlardan rivojlanganlik, boylik darajasini, potensial ifoda imkoniyatlarining koʻlamdorligini ifoda etadi. Nutq madaniyati esa tildan bemalol, maqsadga muvofiq va taʼsirchan bir tarzda foydalana olishni taʼminlaydigan koʻnikma, malaka va bilimlarning jami demakdir. Boshqacha aytganda, nutq madaniyati tilda mavjud boʻlgan xilma-xil ifoda shakllaridan fikr uchun eng maqbulini tanlay bilish va shu asosda toʻgʻri va taʼsirchan nutq tuza olish mahoratidir. Har qanday nutqning asosiy maqsadi muayyan axborotni tinglovchi (oʻquvchi)ga yetkazish, shu yoʻl bilan unga taʼsir qilishdan iborat.



Shu nuqtayi nazardan R.Jumaniyozov ham davlat xizmatchisining bu boradagi eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan jihatlari, notiqlik sanʼatining turlari, nutq mahoratida nutq xususiyatlarini bilish va nutq texnikasiga amal qilish, nutqning taʼsirchanligiga erishishda nutqiy kommunikatsiya vositalari va nutqdan tashqari kommunikatsiya vositalari dan foydalanish qoidalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Zotan, xizmat koʻrsatish sohada faoliyat yuritadigan davlat xizmatchilari uchun bu masala ayniqsa zarurligi taʼkidlandi.

 

 

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi,

fil.f.d., professor

 

09.10.2022 333