"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Munosabat bildirishda xolis bo‘laylik yoxud davlat tili maqomiga noo‘rin daxl qilmaylik

Munosabat bildirishda xolis bo‘laylik yoxud davlat tili maqomiga noo‘rin daxl qilmaylik

Maʼlumki, shu kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi qizg‘in muhokamalar markazida turibdi. Loyiha muallifi 42-moddani davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi haqidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirish taklifini kiritgan.

Afsuski, Qonun loyihasi yuzasidan regulation.gov.uz portalida (maxsus platformada) qoldirilayotgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim fikr-mulohazalarga eʼtibor qaratar ekanmiz, ularning naqadar noxolis ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Ushbu fikr-mulohazalarga nisbatan munosabat bildirishdan avval, loyiha matni mazmun-mohiyatini anglab yetmay yoki tushunishni ham xohlamay “ayyuhannos solayotgan” ayrim shaxslarga quyidagilarni eslatib o‘tmoqchimiz:

Birinchidan, Qonun loyihasi faqat davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishini nazarda tutadi.

Ikkinchidan, u yuqorida qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning subyekti sifatida faqat davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga jarima solishni ko‘zda tutadi.

Mazkur Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga, fuqarolarning millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga, tillarning turmushda, shaxslararo muomalada hamda diniy va ibodat bilan bog‘liq udumlarni ado etishda qo‘llanishiga, shuningdek fuqarolarning o‘zaro muomala, tarbiya va taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishiga mutlaqo monelik qilmaydi.

Shu bilan birga, loyiha O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarning davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilidan tashqari boshqa tillarda ham murojaat qilish huquqiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Davlat tili haqida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan bir qator tilga oid huquqlariga ham daxl qilmaydi.

Boshqacha so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari hurmat qilinishini taʼminlash, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish kabi o‘z zimmasiga olgan masʼuliyatdan hech qachon tonmaydi.

Qonun loyihasi mazmuni tom maʼnoda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlarining mavjud talablarini mensimayotgan, kezi kelganda aytish kerak, O‘zbekiston aholisining taxminan 82,5 foizini tashkil qiladigan o‘zbeklarning o‘z davlatchiligida ularning “haqqiga rioya etmayotgan” ayrim mansabdor shaxslarni tartibga chaqirishga qaratilgandir.

Xolislik nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, haqiqatdan ham, davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq qator kamchiliklar ko‘zga tashlanadi.

Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi. Vaholanki, ko‘rilayotgan chora tadbirlarga qaramay, ayrim hollarda qonun hujjatlari loyihalari matni faqat rus tilida tayyorlanmoqda. Keling, siz sari boraylik, rus tilida tayyorlanib, o‘zbek tiliga tarjima qilinsa ham mayli edi. Biroq ayrim qonun hujjatlarining o‘zbek tilidagi matnini umuman topolmaysiz. Bunga nima deysiz? Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bu davlat tilining huquqiy maqomini mensimaslik emasmi? Ustiga-ustak, o‘zbek tili qonun hujjati mazmunini to‘la yoritib berolmasligi sababli rus tilida tayyorlanadi, degan taʼnalar ham baʼzan quloqqa chalinadi. Nahotki, insoniyatning ilmu irfon beshigini tebratgan bu millat tili o‘z taqdiriga daxldor huquqiy hujjatlar mazmunini yoritishga ojizlik qilsa? Aksincha, shunday fikrlovchilarning o‘zlari o‘zbek tilining ulkan imkoniyatlarini tor tasavvurlariga sig‘dira olmaydigan fikri ojizlardir.

Bundan tashqari, aksariyat davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilini bilmaydigan yoki bilishga harakat ham qilmaydigan yoxud bila turib ish yuritishda undan foydalanmaydiganlar qatlami mavjud. Bunday “qadri osmon”lar oldida rus tilini bilmasligi sabab mulzam bo‘lganlar qancha. Savol tug‘iladi. Ularga davlat kursisini berib qo‘ygan mard va oliyjanob o‘zbek xalqiga hamda uning tiliga bo‘lgan hurmat shumi?

Shu bilan birga, “Davlat tili haqida”gi Qonunning davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etilishi haqidagi talabini esdan chiqarib, o‘z shevasini tap tortmasdan davlat organlari va tashkilotlarida “ish yuritish tili”ga aylantirayotganlar ham talaygina.

Qonun loyihasi faqat davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda yo‘l qo‘yilayotgan aynan yuqoridagi kabi qonun buzilishlari va ularning salbiy oqibatlariga barham berish orqali davlat tili himoyasini taʼminlashga qaratilgandir.

Shu o‘rinda, loyiha yuzasidan regulation.gov.uz portalida (maxsus platformada) qoldirilayotgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim noxolis fikr-mulohazalarga eʼtibor qaratsak.

Baʼzi shaxslar Qonun loyihasi faqat rusiyzabon vatandoshlarimizning huquqlarini kamsitishga qaratilganligi, agar u maʼqullanadigan bo‘lsa, rus tilida muloqot qiladigan ko‘plab malakali mutaxassislar mamlakatni tark etishi mumkinligi haqida fikr qoldirishgan. Baʼzilari esa, ayrim mamlakatlarda ro‘y bergan notinchliklar misolida O‘zbekistonda ham shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinligi haqida o‘z “xavotirlari”ni izhor qilishgan. Quvonarlisi shundaki, ayrim rusiyzabon do‘stlarimiz muhokama qilinayotgan Qonun loyihasi boshqa tillarni, shu jumladan, rus tilini kamsitishni nazarda tutmasligini, aksincha, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda “Davlat tili haqida”gi Qonunning avvaldan mavjud bo‘lgan talablari ijrosini taʼminlashga qaratilganligini eʼtirof etishgan.

Shu o‘rinda, yuqoridagi kabi keskin eʼtirozlar va “xavotirlar” fonida amalda davlat tilini o‘rganishni istamayotgan shaxslarga maslahatimiz shuki, o‘z ona tilingizdan tashqari, o‘zbek tilini ham ikkinchi til sifatida o‘rganing. Zero, so‘ngi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ikkinchi tilni o‘rganish Alsgeymer kasalligi (Alzheimerʼs disease (AD))ga qarshi kurashishda yordam beradi va miyaning qarish taʼsirini sekinlashtiradi (https://www.importanceoflanguages.com/importance-japanese-language/).

So‘zimiz so‘ngida shuni aytmoqchimizki, aksariyat davlatlar o‘z tillarini xalqaro munosabatlarda keng qo‘llanilishi uchun bor imkoniyatlarini safarbar etayotgan bir davrda biz mamlakat ichida davlat tilining huquqiy maqomini o‘z o‘rniga qo‘yish masalasida bahs olib borayotganimiz achinarli holdir.

Ayni damda taklif etilayotgan Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda davlat tilini hozirgi islohotlarga mutanosib ravishda rivojlantirish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinishi zarur deb hisoblaymiz. 

Bobomurod AVAZOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro tijorat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi.

08.05.2020 578